RASMIY MUNOSABAT
O‘rganishlar davomida ma’lum bo‘ldiki, murojaat muallifining qo‘shnisi S.O‘.o‘zining yashash uyiga kirib chiqishi uchun darvoza va yo‘l ochilishiga ehtiyoji borligini bildirib, Qarshi shahar hokimligiga murojaat qilgan.
Mazkur murojaat tuzilgan ishchi guruh tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganib chiqilgan va avvaldan davlat zaxira yer maydonida qurilgan devor S.O‘.ning xonadoniga kirib-chiqishiga qulaylik yaratish maqsadida olib tashlangan va yo‘lak ochilgan.
Ishchi guruh tomonidan o‘rganish ishlari davom ettirilganda, yuqorida keltirilgan davlat zaxira yerida qurilgan va umumiy foydalanishda bo‘lgan devorga tutash holda fuqaro S.R. tomonidan o‘zboshimchalik bilan hojatxona hamda boshqa yordamchi qurilmalar qurayotgani holati aniqlangan.
Ushbu yer qonunbuzilish holati yuzasidan Kadastr agentligining Qarshi shahar bo‘limi tomonidan fuqaro S.R.ga nisbatan yozma ko‘rsatma orqali noqonuniy qurilmani bartaraf etish, bartaraf etmagan taqdirda sudga da'vo arizasi kiritilishi haqida rasmiy ogohlantirish berilgan.
Belgilangan muddatda noqonuniy qurilma bartaraf etilmagach, Kadastr bo‘limi tomonidan sudga da’vo arizasi kiritilgan. Shundan so'ng o‘zboshimchalik bilan qurilgan hojatxona hamda boshqa yordamchi qurilmalar fuqaro S.R tomonidan o‘z ixtiyori bilan bartaraf etilganligini ma’lum qilamiz.
Hurmatli fuqarolar, amaldagi tartibga ko'ra, zaxiradagi yer maydonidan istalgancha, o'zboshimchalik bilan foydalanib bo'lmaydi. Unutmang! Yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash va ularda noqonuniy qurilmalar qurib olish ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.