RASMIY MUNOSABAT

RASMIY MUNOSABAT


Joriy yilning 13-iyun kuni Grigoriy Trebisovskiyning “Chimyon dam olish zonasi suvni qayerdan oladi va oqova suvlarni qayerga oqizadi” mavzusidagi maqolasi SREDA.UZ sayti orqali eʼlon qilingan.

Maqolada koʻtarilgan masalalarni batafsil oʻrganish va aniqlangan muammolarni bartaraf etish maqsadida tuman ishchi guruhi tashkil etildi va holat yuzasidan batafsil oʻrganish olib borildi.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-sentyabrdagi “Togʻli hududlarda turizm infratuzilmasini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 559-sonli qaroriga muvofiq Fransiya kompaniyalarining konsorsiumi bilan hamkorlikda “Beldirsoy-Chimgan-Nanay” xalqaro umum mavsumiy kurortini qurilishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunda qurilish ishlari boshlanish arafasida ekanligi va ushbu loyiha doirasida Chimyon mahallasi hududidagi kommunikatsiya (ichimlik, oqava suv, elektr, aloqa) tarmoqlarini tortish va mavjudlarini qayta taʼmirlash belgilangan boʻlib, mazkur qurilish ishlari yakuniga yetkazilganidan soʻng, Chimyon hududidagi ichki yoʻllar taʼmirlanishi rejalashtirilgan. Bu kabi loyihalarni amalga oshirish zamirida Chimyon mahallasida mavjud (kommunikatsiya, yoʻl va hokazo) muammolari ham oʻz yechimini topmoqda. Jumladan,

I. Suv taʼminoti va kanalizatsiya tarmoqlari boʻyicha:

Chimyon mahallasi 2 ta mahalliy ichimlik suv manbasidan taʼminlanadi. Loyiha Chimyon aholisining ehtiyojlariga ziyon etkazmasdan, kurort ehtiyojlarini toʻliq qondirish uchun yetarli boʻlgan Oqsoy majmuasini rivojlantirish orqali suv olish inshootlarining unumdorligini oshirishni rejalashtirmoqda.

Mazkur suv manbasi Chimyon hududidagi Qora sharsharadan 2,7 km va Oqsoy soyidan 3 km boʻlgan masofadan olib kelinishi va Oqsoy majmuasi suv olish inshootlarini qurish, shu bilan birga, qurilayotgan dam olish maskani obyektlarining kanalizatsiya tarmogʻidan oqava suvlarni 300-400 mm. diametrli mavjud kanalizatsiya kollektoridan

800 mm. diametrli boʻlgan Boʻkachoʻl kollektoriga ulash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan Gulkamsoy hamda Galavasoy hududlaridagi yer ustki suvlari oqimi hajmini oʻrganish va qidiruv ishlari olib borilmoqda.

Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tomonidan xulosalar berilgan “ToshkentboshplanLITI” DUK tomonidan adaptatsiya qilingan.

Shuningdek, Chimgan dam olish hududidagi aholini, ijtimoiy soha obyektlarini va dam olish maskanlarini ichimlik suv taʼminoti va oqova suv xizmatlari bilan “Chimgan-Chorbogʻ suv taʼminoti” MCHJ tomonidan taʼminlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-dekabrdagi PQ-4067-sonli qaroriga muvofiq tasdiqlangan Manzilli roʻyxatga asosan Boʻstonliq tumani, “Chimyon-Chorbogʻ” kurort rekreatsion hududi ichimlik va oqova suv taʼminoti obyektida qurilish ishlari olib borilgan va 3 ta “Buloq 27”, “12-buloq” va “URV-1” ichimlik suv inshootlari rekonstruksiya qilinib foydalanishga topshirilgan.

Bugungi kunda, “Chimyonsoy” oqova suv kollektori 2016-yil Davlat kapital qoʻyilmalari hisobidan uzunligi 12,5 km. diametri 300-400 mm. Oqova suvlari kollektori qurib bitkazilgan va foydalanishga topshirilgan.

Mazkur kollektorga jami 800 ta xonadon va 92 ta noturar obyektlar ulanishi rejalashtirilgan. Biroq, qariyb 6 yil davomida atigi 33 ta aholi xonadonlari 13 ta noturar obyektlar ulanganligi bois, kollektor oʻzining loyihaviy quvvatidan atigi 10-15 foizidan foydalanilmoqda.

Chimgan hududidagi suv bilan bogʻliq boʻlgan muammolarni bartaraf etish maqsadida, ichimlik va oqova suv quvurlarini qurish konsepsiyasi ishlab chiqilgan va 2023-2025-yillarda davlat Dasturlari doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Maʼlumot uchun: Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan Gulkamsoy hamda Galavasoy hududlaridagi yer ustki suvlari oqimi hajmini oʻrganish va qidiruv ishlari olib borilmoqda.

II. Qurilish ishlarini amalga oshirish boʻyicha:

Loyiha landshaftni minimal darajada oʻzgartirishga qaratilgan hamda Chimyon togʻli hududining tabiiy va yer resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlaydi.

Loyihaning Bosh rejasi Fransiya Alp togʻlarida joylashgan Chamonix-Mon-Blanc, Meribel, Les Arcs va boshqalar kabi yuqori toifali togʻ-changʻi kurortlarini qurish va boshqarish boʻyicha koʻp yillik xalqaro tajribaga ega Fransiya kompaniyalari konsorsiumi tomonidan ishlab chiqilgan.

Bosh rejada Chimyonning oʻziga xos ekotizimini saqlashga qaratilgan koʻplab jihatlar hisobga olingan boʻlib, mahalliy landshaft bilan uygʻunlashgan holda mehmonxona va kottejlar qurishning oʻziga xos dizayn kodeksi va yagona konsepsiyasiga rioya etish nazarda tutilgan.

Loyihadan koʻzlangan maqsad atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda, barcha xalqaro standartlarga javob beradigan qulay va arzon turizm infratuzilmasini yaratish, shuningdek, aholining keng qatlamlari uchun arzon narxlarda qishki sport turlarini rivojlantirishdan iborat.

Chimyon hududida qurilish ishlarini amalga oshirilishida Fransiya kompaniyalarining konsorsiumi bilan hamkorlikda “ToshkentboshplanLITI” DUK tomonidan koʻrib chiqilgan.

Shu bilan birga, “Chimyon” MFY hududida 2020-2023-yillarda boshqa noqonuniy qurilish ishlari amalga oshirilmagan va noqonuniy qurilish ishlariga ruxsat berilmagan.

III. Koʻchkiga qarshi tizimlarning yoʻqligi va professional qutqaruv xizmatining yoʻqligi haqida:

Hukumat ushbu masalani oʻrganib chiqib, birinchi navbatda, dam oluvchilar xavfsizligini taʼminlash, davlat va xususiy sarmoyalarning xavfsizligini taʼminlash vazifasini qoʻydi.

Shunday qilib, dizayn yechimi qor toʻplanish darajasini nazorat qiluvchi va kerakli miqdorda bir nechta turdagi koʻchki tizimlarini oʻrnatadigan uskunalarni, xususan, loyiha hududida tartibga solinmagan qor koʻchkilarini nazorat qilish uchun OʻBellx va DaisyBell qurilmasini oʻrnatadi.

Maʼlumot uchun:

OʻBellx — har qanday ob-havo sharoitida ishlaydigan gaz aralashmasi yordamida amalga oshiriladigan majburiy koʻchki tizimi.

DaisyBell — koʻchkining boshqariladigan profilaktikasini taʼminlaydi kabelni vertolyotga ulash orqali havodan, bu eng qiyin koʻchki oqimlarini qayta ishlashga imkon beradi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonnning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida” PF-60-son Farmoniga muvofiq “Chorvoq-Chimyon” yirik turistik zonasida ilgʻor xorijiy tajriba asosida, Favqulodda vaziyatlar vazirining 2022-yil 12-aprelidagi tegishli buyrugʻi bilan Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani ixtisoslashtirilgan koʻp tarmoqli boshqarmasi tashkil etilgan.

Shunga asosan, Chimyon hududidan alohida yongʻin-qutqaruv otryadi tashkil etilgan. Otryad Boʻstonliq tumani, “Chimyon” MFY 1/1-uyda joylashgan boʻlib, Boʻstonliq tumanidagi “Gʻazalkent”, “Chimyon”, “Novobod” mahalla fuqarolar yigʻinlari va shu hududda joylashgan barcha obyektlarda profilaktika ishlarini olib boradi.

Shuningdek, hududda sodir boʻlgan favqulodda vaziyatlarni oldini olish hamda sodir boʻlgan yongʻinlar, qor koʻchkilari, koʻchki va sel suv toshqinini bartaraf etish, maroqli dam olish uchun togʻ zonasiga chiqib manzildan adashgan fuqarolarni topib, ularni xavfsiz joygacha olib borish uchun yetarlicha shaxsiy tarkib hamda zarur texnikalar mavjud.

IV. Avtomobillar toʻxtash joylari va piyodalar yoʻlagi boʻyicha:

Ushbu muammoni hal qilish uchun loyihaning asosiy taklifi dam olish maskanining har ikki tomonida 2600 oʻrinli 2 ta yangi koʻp qavatli avtoturargohlar majmuasini yaratish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Loyiha yoʻlning bir qismini koʻchirishni taklif qiladi, 4R6 “Toshkent sh.-Chirchiq sh-Chimyon q” loyihasi hududini chetlab oʻtish uchun Magistralning harakatlanuvchi qismi jami 1,2 km. Magistral yoʻlda

4 polosali yoʻl, zamonaviy yoritish tizimlari, yashil maydonlarga ega piyodalar yoʻlaklari oʻz ichiga oladi.

Bunda piyodalar oʻtish joylarini avtomobillardan ozod qiladi, dam olish maskanigacha boʻlgan yoʻllardagi shovqin darajasini pasaytiradi va bu hududdagi tirbandlik muammosini hal qiladi.

Bundan tashqari, Chimyon mahallasidan oʻtuvchi 4R6 avtomobil yoʻlining 56-92 km.lari oraligʻidagi piyodalar yoʻlakchasi qurish boʻyicha

19,1 km masofasi 2020-yilda, 0,2 km masofasi 2022-yilda, 6,4 km masofasi joriy yilning may oyiga qadar (jami 25,7 km) va temir-beton lotoklar oʻrnatish boʻyicha 4,5 km masofasi 2020-yilda, 0,3 km masofasi 2022-yilda, 4,8 km masofasi joriy yilning may oyiga qadar

(jami 9,6 km) toʻliq yangidan qurilib foydalanishga topshirildi hamda 4R6 avtomobil yoʻlining Chimyon mahallasi qismi 2020-yilda 8 km,

2021-yilda 9 km, 2022-yilda 16,6 km va joriy yilning may oyiga qadar

1,2 km (jami 34,8 km) masofasi toʻliq joriy taʼmirdan chiqarildi va bu kabi qurilish ishlari yil yakuniga qadar davom ettiriladi.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-martdagi

54-son yigʻilish bayonida, tuman hokimligining tavsiyasiga koʻra,

4R6 “Toshkent sh.-Chirchiq sh.-Chimyon q.” avtomobil yoʻlining 64,4 va

64,8 qismida joylashgan “Galavasoy” soyi ustidan oʻtuvchi 34,2 metr uzunlikdagi 2 ta koʻprik va Chimyon mahallasi Qiziljar koʻchasida joylashgan aholi tomonidan hashar yoʻli bilan soy ustiga qurilgan koʻprikni rekonstruksiya qilishga rozilik berilgan va bugungi kunda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha ishlar boshlangan.

Avval qilingan piyodalar yoʻlagi sifatsiz qilinganligi sababli yaroqsiz holga kelib qolgan edi. Hozirgi kunda piyodalar yoʻlagi qaytadan 300 markali beton bilan sifatli qilinmoqda.

Shuningdek, Chimyon mahallasidagi 4 km ichki yoʻllar taʼmirlash Dasturga kiritilgan boʻlib, bugungi kunda loyihalash ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur ichki yoʻllar joriy yilning sentyabr oyiga qadar toʻliq taʼmirlanadi.

V. Ekologik muhitni yaxshilash boʻyicha:

Joriy yilda tuman boʻylab asosiy yoʻl yoqalariga 16 ta chiqindi tashlash qutilari oʻrnatildi, 13 ta noqonuniy chiqindixonalar yoʻq qilindi, 18-marta turli xildagi ekologik aksiyalar tashkil qilinib 56 tonnadan ortiq chiqindilar olib chiqildi.

“Boʻstonliq tuman yoʻllardan foydalanish” UK tomonidan yoʻl boʻyidagi chiqindilarni doimiy ravishda tozalash ishlari amalga oshirilib kelinmoqda.

Xususan, joriy yil 30-mart kuni “Butunjahon chiqindisiz kun” munosabati bilan “Chimyon” hududida ekologik aksiyasi oʻtkazildi. Tadbirda atrof-muhit muhofazasiga befarq boʻlmagan soha xodimlari, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi, Boʻstonliq tumani hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi, jurnalistlar, “Ekolog” jamoat birlashmasi, yoshlar, jamoatchilik vakillari faol ishtirok etib, dor yoʻli va changʻida uchish trassasi hududidagi chiqindilar alohida tozalandi.

Chiqindilarning aksariyat qismi Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimidagi Sportning qishki va murakkab texnik turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi hududiga toʻgʻri kelmoqda.

Sportning qishki va murakkab texnik turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabiga tegishli boʻlgan 2 ta dor yoʻli, changʻida uchish trassasi hududining jami 86,30 ga yer maydoni iborat.

Biroq, Sportning qishki va murakkab texnik turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi ushbu hududdan toʻliq foydalanmaydi. Hududda joylashgan bino-inshootlar va yer maydonlari boshqa tadbirkorlik subyektlariga mavsumiy ijaraga beriladi.

Shu bilan birga, Sportning qishki va murakkab texnik turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi oʻzining hududidagi chiqindilarni oʻz vaqtida tozalamaydi.

Shu sababli, Yoshlar siyosati va sport vazirligiga turizm madaniyatini targʻib etuvchi plakat va bannerlar oʻrnatish hamda Sportning qishki va murakkab texnik turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi hududiga vaqtincha chiqindi punktlarini qurdirish va chiqindilarni oʻz vaqtida olish boʻyicha vazifa yuklash talab etilmoqda.

VI. Chimyon hududida chorva mollarini oʻtlatish va boqish boʻyicha:

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-dekabrdagi 702-sonli qaroriga asosan joriy yildan boshlab Chimyon hududida Vodiy va viloyatlardan qoʻy va chorva mollarini olib kelib boqish va oʻtlatish toʻxtatilgan.

Avvallari Chimyon hududidagi togʻlarda boshqa viloyat va tumanlardan chorva mollarini olib kelib boqib kelingan. Bugungi kunda ushbu holatlar toʻxtatilgan.

VII. Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonlari boʻyicha:

1. Boʻstonliq tumani hokimining 2019-yil 13-maydagi 3754-sonli qaroriga asosan “Chimgan” MFY hududidan “BOʻSTONLIQ IMPEKS” MCHJga “Mehmonxona majmuasi va kottedjlar shaharchasi, innovatsion koʻngilochar majmuasi” qurilishi uchun 5,0 ga yer maydoni doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib berilgan.

Mazkur ajratilgan yer maydonida suv zaxirasi boʻlganligi hamda yer maydoni noqonuniy ajratilganligi sababli, Toshkent viloyati prokuraturasining 2020-yil 19-maydagi 10.2/1504-20-sonli protestiga asosan Boʻstonliq tumani hokimining 2020-yil 10-iyundagi 1581-sonli qarori bilan bekor qilingan.

Shundan soʻng, “BOʻSTONLIQ IMPEKS” MCHJ tomonidan Nurafshon tumanlararo maʼmuriy sudiga ariza bilan murojaat qilib, Boʻstonliq tumani hokimining 2020-yil 10-iyundagi 1581-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish soʻralgan va sudning 2021-yil 14-iyuldagi hal qiluv qarori bilan “BOʻSTONLIQ IMPEKS” MCHJning arizasi qanoatlantirilgan.

Undan keyin, Toshkent viloyati maʼmuriy sudi apellyatsiya sudlov hayʼatiga Boʻstonliq tumani hokimligi tomonidan 2021-yil 13-avgustda Apellyatsiya shikoyati berilib, sudning 2021-yil 30-sentyabrdagi qaroriga asosan Nurafshon tumanlararo maʼmuriy sudining 2021-yil 14-iyuldagi hal qiluv qarori bekor qilingan.

Mazkur sudning qaroriga nisbat “BOʻSTONLIQ IMPEKS” MCHJ Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi maʼmuriy ishlar boʻyicha kassatsiya sudlov hayʼatiga kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan.

Oliy sudning 2022-yil 27-dekabrdagi qarori bilan kassatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan Toshkent viloyati maʼmuriy sudi apellyatsiya instansiyasining 2021-yil 30-sentyabrdagi qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuror oʻrinbosari Oliy sudga Toshkent viloyati maʼmuriy sudi apellyatsiya instansiyasining 2021-yil

30-sentyabrdagi qarori hamda Oliy sud maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2022-yil 27-dekabrdagi qaroridan norozi boʻlib kassatsiya protesti berilgan.

Oliy sud tomonidan sud majlisi 2023-yil 12-may kuni boʻlib oʻtgan va sud majlisi boshqa kunga qoldirilgan (sanasi belgilanilmagan). Bugungi kunda sud ishi koʻrilmoqda. Biroq, “BOʻSTONLIQ IMPEKS” MCHJ vakillari esa aholi orasida bu joy bizga tegishli deb gap soʻz qilib yurishibdi. Sudda koʻrilayotgan yer maydonida suv zaxirasi boʻlganligi sababli, sudda shaxsan Boʻstonliq tumani hokimi J.Axmedov qatnashib kelmoqda.

2. Boʻstonliq tumani hokimining 2019-yil 12-noyabrdagi 9369-sonli qaroriga asosan fuqaro Qodirov Jamshid Sobirjonovichga, “Chimyon” MFY hududida joylashgan jami 154,75 kv.metrli uy-joy va 0,0155 ga yer maydoniga egalik mulk huquqi eʼtirof etilgan.

Ushbu obyekt turar uy-joy emasligi va 555 nomli kafe faoliyat yuritib kelayotganligi sababli, mazkur qaror Boʻstonliq tumani hokimining 2020-yil 15-maydagi 1482-sonli qarori bilan tuman hokimining 2019-yil 12-noyabrdagi 9369-sonli qarori bekor qilingan.

Shundan soʻng, fuqaro J.Qodirov Toshkent viloyati Nurafshon tumanlararo maʼmuriy sudiga ariza bilan murojaat qilgan. Nurafshon tumanlararo maʼmuriy sudining 2021-yil 14-apreldagi hal qiluv qaroriga asosan fuqaro J.Qodirovning arizasi qanoatlantirilib tuman hokimining 2020-yil 15-maydagi 1482-sonli qarori haqiqiy emas deb topilgan.

Mazkur sudning qaroriga nisbatan Boʻstonliq tumani hokimligi tomonidan 2023-yil 15-martda Apellyatsiya shikoyati Toshkent viloyati maʼmuriy sudiga kiritilgan. Sudning 2023-yil 18-maydagi hal qiluv qaroriga asosan Nurafshon tumanlararo maʼmuriy sudining 2021-yil

14-apreldagi hal qiluv qarori bekor qilingan.

Maqoladagi fotosuratlarda “SEVARSOY”, “FANAT” va “CHIRCHIK CHEMICAL TRADE” MCHJ dam olish maskanlari koʻrsatilgan va ularga nisbatan “ushbu dam olish maskanlari changʻi yoʻlaklarida barpo etilganligi va ularning oqova suvlari tabiatga tortiq qilinmoqda” deya tarif berilgan.

Oʻrganish natijasida yuqorida koʻrsatilgan dam olish maskanlari qonunda koʻrsatilgan tartibda qurilish ishlarini amalga oshirilayotganligi va ularning hech birining oʻrnida muqaddam changʻi yoʻli sifatida faoliyat olib borilmaganligi hamda ushbu barpo etilayotgan dam olish maskanlarining oqova suvlari oʻzlariga tegishli hududda oqova suvlarni qayta ishlash inshooti orqali qayta ishlanayotganligi maʼlum boʻldi.

“SEVARSOY” dam olish maskani – Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga qarashli boʻlib, 2022-yil dekabr oyida ishga tushgan.

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-avgustdagi 872-FM-sonli farmoyishiga muvofiq Mudofaa vazirligi Toshkent harbiy okrugi togʻli sharoitda oʻquv tayyorgarlik mashgʻulotlarini oʻtkazish markazining Chimyon hududida joylashgan bino-inshootlari tegishli hududi umumiy 8,2 ga yer maydoni bilan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga mulk huquqi asosida bepul (begʻaraz) berilgan.

“FANAT” dam olish maskani – “HYDROLIFE BOTTLERS” MCHJ tegishli boʻlib, bugungi kunda qurilish ishlari yakuniy bosqichda.

Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 20-yanvardagi 16-sonli qarori bilan tasdiqlangan Toshkent viloyatida jismoniy va yuridik shaxslarga yer qonunchiligi, shaharsozlik normalari va qoidalari asosida yer uchastkalarini berish amaliyotini oʻrganish Komissiyasi yigʻilishining

2015-yil 30-dekabrdagi (VMda 2015-yil 31-dekabrda 05-05/121-1-sonbilan roʻyxatdan oʻtgan) yigʻilish bayoni hamda Toshkent viloyati hokimining

2016-yil 26-fevraldagi 72-sonli qaroriga asosan “HYDROLIFE BOTTLERS” MCHJga “Maʼdanli suv ishlab chiqarish sexi va ishchi-xizmatchilar uchun yotoqxona hamda mehmonxona majmuasi qurilishi uchun 4,0 ga yer maydoni ajratib berilgan.

“CHIRCHIK CHEMICAL TRADE” MCHJga tegishli qurilishi tugallanmagan mehmonxona binosi — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 28-apreldagi “Iqtisodiyotda xususiy mulkning ulushi va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2340-son qaroriga asosan Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2018-yil 31-iyulda 259/18-BP-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan 2,5 ga yer maydonida joylashgan “Qurilishi tugallanmagan mehmonxona bino va inshootlari” davlat mulkini investitsiya majburiyatlari evaziga “nol” xarid qiymatda sotish boʻyicha oldi-sotdi shartnomasiga asosan “CHIRCHIK CHEMICAL TRADE” MCHJga berilgan. Bugungi kunda jamiyat tomonidan mehmonxonaning qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Report Page