RASMIY MUNOSABAT!

RASMIY MUNOSABAT!

IIBB Axborot xizmati

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim elektron ommaviy axborot vositalari va virtual makon foydalanuvchilari orasida “tanishlariga oddiy diniy qoʻshiq — nashida tarqatgan talaba qamaldi” mazmunidagi noxolis maʼlumotlar tarqalayotgani yuzasidan.

IIBB Axborot xizmati

Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.

2022 yilning oktyabr oyida Toshkent viloyati IIBB tomonidan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan tadbirlar davomida 2002 yilda tug‘ilgan, Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida yashovchi fuqaro “U.J.” ijtimoiy tarmoqlar orqali taqiqlangan diniy materiallarni tarqatib kelish bilan shug‘ullanayotganligi xususida maʼlumotlar olingan.

Tezkor-qidiruv tadbirlar davomida aniqlanishicha, mazkur shaxs Suriyada faoliyat olib borayotgan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilot jangarilari tomonidan tayyorlangan maʼruzalarni internet orqali tinglashi davomida ularning gʻoyaviy taʼsiriga tushgan va ushbu harakatlarni qoʻllab-quvvatlashni boshlagan.

U, xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari sonini orttirish maqsadida Internet orqali “jihod” va “shahidlikka chorlov" maʼruzalarini oʻziga tanish boʻlgan shaxslar va yaqinlari orasida tarqatish bilan shugʻullangan.

Xususan, “U.J.” tomonidan tarqatilgan materiallar orasida “Shaxid bo‘lib ketsak rozi bo‘lingiz” nomli nashida ham bo‘lib, unda o‘zbek tilida “mujohid bo‘lish nasib qilgani, karvondan qolmasdan ularga ergashish kerakligi, shahid bo‘lib ketish orzulari ekani, Alloh bergan jonni Allohga sotishlari, Alloh yo‘lida qurbonlik qilishlari, tog‘utlarga qarshi kurashish va mujohid bo‘lib ularga ergashish kerak ekani” mazmunidagi chorlov so'zlari keltirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining ekspertlik xulosasiga ko‘ra, ushbu maʼlumotlar diniy aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, ularni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi.

Ushbu holat yuzasidan joriy yilning 20 fevral kuni fuqaro “U.J.” ga nisbatan Jinoyat kodeksining 244 (1)-moddasi uchinchi qismi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish, ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ushbu jinoyat uchun qonunchilikda 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan bo‘lsada, joriy yilning 8 may kuni Toshkent viloyati Oqqurg‘on tuman sudi tomonidan “U.J.”ning shaxsi, jinoyat qilish sharoiti va sabablari, uning jinoyatni sodir qilguncha va undan keyingi xulq-atvorini inobatga olgan holda, JKning 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llagan holda, belgilangan jazoning eng kam qismidan ham kamroq bo‘lgan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 

“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunining 5-moddasiga ko‘ra, mamlakatda vijdon erkinligini taʼminlashning asosiy ustuvorliklaridan biri sifatida jamoat tartibiga, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining sog‘lig‘i va axloqiga, huquq va erkinliklariga tahdid soluvchi diniy g‘oyalar hamda qarashlarning singdirilishi va tarqatilishiga qarshi kurashish belgilab qo‘yilgan. 

Bugungi kunda ko‘plab yoshlarning muqaddas islom dini niqobi ostida faoliyat yuritayotgan turli taqiqlangan tashkilotlar taʼsirida soxta “jihod”, “hijrat” va “shahidlik”  g‘oyalari bilan, Suriya, Iroq va boshqa, jangovor harakatlar davom etayotgan mamlakatlar hududiga chiqib ketish holatlari davom etmoqda.

Ohirgi yillarda “Mehr” insonparvarlik operatsiyalari doirasida yuzlab O‘zbekiston fuqarolarini, asosan ayol va bolalarning, ushbu urush uchoqlaridan Vatanga qaytarilgani, olib kelingan aksariyat ayollarning turmush o‘rtoqlari Suriyada jangovor harakatlar davomida yo‘q qilinganligi buning yaqqol misolidir.

Hozirda ayrim OAV va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan “U.J.” telegram-guruhiga go‘yoki “YouTube” platformasidagi oddiy diniy qo‘shiq havolasini tarqatganligi uchun yoki diniy nashida eshitganligi uchun javobgarlikka tortilgani haqida yolg‘on maʼlumotlar tarqatilmoqda. 

Taʼkidlash lozimki, “U.J.” shahid bo‘lishga (jang maydonlarida xudkushlik sodir qilish, o‘zini o‘zi o‘ldirish) daʼvat etuvchi o‘zbek tilidagi “Shaxid bo‘lib ketsak rozi bo‘lingiz” nomli diniy qo‘shiq va boshqa bir qator diniy materiallar mazmunini to‘liq anglagan holda ushbu g‘oyalarni tanishlariga ham yetkazish maqsadida Telegram' ijtimoiy tarmog‘i orqali tarqatgan.

Bunday haraqat O‘zbekiston hududida jamoat xavfsizligiga tahdid tug‘diruvchi ijtimoiy xavfli qilmish sifatida baholanib, tergov idoralari tomonidan “U.J.”ning harakatlari to‘g‘ri malakalangan. 

Shu bilan birga, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunining 121-moddasiga binoan, Internet tarmog‘idan jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborot tarqatish yoki qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo‘ladigan o‘zga harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. 

“Jurnalistik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasida esa jurnalistning majburiyatlari qatorida o‘zi tayyorlayotgan materiallarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirish va xolis axborot taqdim etishi shartligi ko‘rsatilgan.

Xulosa o‘rnida, mamlakatda qonun ustuvorligi tamoyiliga qatʼiy rioya qilgan holda, diniy radikalizm va ekstremizmning har qanday shakliga qarshi murosasiz kurash olib borilishi har tomonlama taʼminlanishini eslatib o‘tamiz!

Toshkent viloyati IIBB





Report Page