RASMIY MUNOSABAT

RASMIY MUNOSABAT


Kecha, 7 may kuni “Tashabbusli budjet” doirasida “Mening yo‘lim” loyihasi yakunlari sarhisob qilindi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, mamlakatimizning barcha hududlaridan 517 ta tashabbusli loyiha g‘olib deb topildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim loyihalarning dastlab g‘olib bo‘lganligi va keyinchalik yetarli ovoz to‘play olmagan loyihalar g‘oliblar ro‘yxatidan chiqarilganligi yuzasidan e’tirozlar yuzaga kelmoqda.

Holat bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan o‘rganishlar o‘tkazildi. Xizmat tekshiruvi davomida ovoz berish bosqichi yakunlari shuni ko‘rsatdiki, ayrim tuman va shaharlarda g‘olib loyihalar texnik sabablarga ko‘ra noto‘g‘ri aniqlanganligi ma’lum bo‘ldi.

Xususan, ovozlarni sanab chiqish va g‘oliblarni e’lon qilish jarayonida “Tashabbusli budjet” loyihasida har biriga 1,5 mlrd. so‘mdan mablag‘ yo‘naltirilgan 58 ta tumanda texnik xatolik natijasida yetarlicha ovoz to‘plamagan loyihalar g‘olib deya ko‘rsatilganligi aniqlandi.

Masalan, Chinoz tumanida (jami 1,5 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan) ikkita taklif yetarli ovoz to‘plab g‘olib deb topilgan. Bular: “Humo” mahallasi Bobur ko‘chasi (2 702 ta ovoz, 875 mln. so‘mlik taklif), “Yo‘l tushgan” mahallasi Diyonat ko‘chasi (2 542 ta ovoz, 700 mln. so‘mlik taklif)

Yuqoridagilar bilan birga, “Chorvador” mahallasi, Chorag‘on ko‘chasi bo‘yicha kiritilgan taklif loyihasi ham (1 780 ta ovoz, 757 mln. so‘m mablag‘) yetarli ovoz to‘play olmagan bo'lsada g‘oliblar qatoridan o‘rin olgan.

 Shu kabi holat Yangiyo‘l tumanida ham kuzatilgan. Tumandagi tashabbusli loyihalarni moliyalashtirishga jami 1,5 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lib, ikkita taklif yetarli ovoz to‘plab g‘olib deb topilgan. Bular “Yangiyo‘l” mahallasi Zafarobod ko‘chasi (11 724 ta ovoz, 1,006 mlrd. so‘mlik taklif), “Markaz” mahallasi Yangibo‘ston ko‘chasi (11 277 ta ovoz, 805 mln. so‘mlik taklif).

Bu ikkala tashabbus bilan birgalikda, tumandagi “Boytosh” mahallasi, Qing‘irtos ko‘chasi (9 435 ta ovoz, 934 mln. so‘mlik taklif) bo‘yicha kiritilgan loyiha xatolik tufayli Axborot portalida g‘olib deya ko‘rsatilgan. Aslida ushbu loyiha yetarli ovoz jamlay olmaganligi sababli g‘oliblar qatoridan joy olmagan.

Tezkor ko‘rilgan choralar natijasida, kamchiliklar 20 daqiqa ichida bartaraf etilgan hamda yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘olib loyihalarning manzilli ro‘yxati Axborot portalida e’lon qilingan.

 Shu bilan birgalikda, raqobat mavjud bo‘lmaganligi sababli kam ovoz to‘plab, g‘olib bo‘lgan tashabbusli loyihalar ishchi guruh tomonidan o‘rganib chiqildi va kelgusida go‘lib loyihalarni aniqlash mexanizmini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishga oid topshiriq berildi.

Report Page