RASMIY MUNOSABAT
Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi axborot xizmatiIjtimoiy tarmoqlarda "Boysun tumanidagi 20-umumta'lim maktabida darslar o‘z vaqtida o‘tilmayotgani" bo‘yicha tarqalgan xabar yuzasidan quyidagilarni ma'lum qilamiz:
Holat bo‘yicha manzilda mas'ullar tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. Ma'lum bo‘lishicha, tasvirlar Boysun tumanining "Shifobuloq" mahallasi "Go‘rihoji" mahallasi hududida joylashgan 20-umumta'lim maktabi filialida joriy yilning fevral oyida olingan. Fevral oyida 2 nafar o‘qituvchi va maktab direktori buyruq asosida o‘qishga ketganligi va maktabda tabiiy fan, ingliz tili, geografiya hamda tasviriy san'at fanlari bo‘yicha mutaxassislar yetishmasligi sababli ma'lum darslar o‘tilmay qolgan. Hozirda maktabda dars mashg‘ulotlari to‘liq olib borilmoqda. O‘quvchilar bilan suhbatlashilganda ham ular hozirda dars jarayonlari bilan bog‘liq e'tirozlari yo‘qligini bildirishdi.
O‘rganish davomida maktab rahbari va jamoasiga ta'lim-tarbiya jarayonlariga, dars mashg‘ulotlarining muntazam o‘z vaqtida olib borilishiga jiddiy e'tibor qaratishlari va farzandlar kelajagiga befarq bo‘lmasliklari yuzasidan tushuntirish va ogohlantirish berildi.