RASMIY MUNOSABAT

RASMIY MUNOSABAT

EconomyMoliyaPress

Bugungi kunda “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida ovoz berish jarayoni davom etmoqda. Hozirda jami 33 ming 600 loyiha uchun 10 milliondan ortiq ovoz berildi.

Shu bilan birgalikda, ijtimoiy tarmoqlarda budjet tashkiloti xodimlarini maktabgacha va maktab ta'limi sohasidagi loyihalarga ovoz berishga majburlash holatlari yuzasidan xabarlar tarqalmoqda.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan o‘rganishlar natijalari shuni ko‘rsatmoqda-ki, yirik mahallalar aholi soni yuqori bo'lganligi sababli ovoz berishda ustunlikka ega bo‘lish holatlari aniqlandi.

Ovoz berishda tengsizlikka yo'l qo'ymaslik, shuningdek, barcha mahallalar aholisi uchun loyihalarni amalga oshirishda teng imkoniyatlar yaratish maqsadida vazirlik tomonidan bir qancha texnik va uslubiy yechimlar ishlab chiqilmoqda.

Jumladan:

Face ID yordamida identifikatsiya qilish mexanizmini joriy etish. Bunda, tasdiqlangan foydalanuvchilar tomonidan berilgan ovozlar SMS orqali berilgan 5 yoki 10 ovozga teng keladigan variant ko'rib chiqiladi;

kam sonli aholi yashaydigan mahallalar aholisi tomonidan ilgari surilgan loyihalar uchun ko‘paytirish koeffitsiyenti joriy etiladi. 

Bu kichik mahallalar loyihalariga katta mahallalar aholisi tashabbusi bilan teng sharoitlarda raqobatlashish imkonini beradi.

Bundan tashqari, tashabbuslar uchun ovoz berishning shaffofligi va adolatliligini ta'minlashga qaratilgan boshqa takliflar ishlab chiqilmoqda.

“Tashabbusli budjet” loyihasini yanada rivojlantirish yuzasidan keng jamoatchilikni xabardor qilish va takliflarini hisobga olish maqsadida vazirlik rasmiy kanallarida batafsil ma'lumotlar e'lon qilib boriladi.


Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi

Report Page