RASMIY MUNOSABAT

RASMIY MUNOSABAT

Rustam N

   “Elbayonda 6,0 mlrd. so‘m 600,0 mln. so‘mga qurilgan ko‘prik tayanch ustunlari tagini sel yuvib ketganligi aytilmoqda” sarlavhasi ostida telegram ijtimoiy tarmoqlari orqali tarqalgan video rolik va foto suratlar bo‘yicha Surxondaryo viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi:

   Ushbu ob’ekt – Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani hududidan o‘tuvchi umumiy foydalanishdagi davlat ahamiyatiga molik 4R105 “Darband q. - Boysun sh. - Elbayon q.” avtomobil yo‘lining 76-kilometr qismida “Polvontosh” selgasi ustida qurilgan ko‘prik hisoblanadi.  

   Mazkur ko‘prikni qurish uchun “Termiz Avtoyo‘l Loyiha” MChJ loyihachi, “Xo‘shboq Ali Angor” xususiy korxonasi bosh pudratchi etib belgilangan. Loyhachi tomonidan ob’ektning loyiha hujjatlari ishlab chiqilib, 26.06.2020 yilda ekspertiza xulosasi olingan. Shundan so‘ng, buyurtmachi va bosh pudratchi o‘rtasida 24.08.2024 yilda pudrat shartnomasi tuzilgan. Shartnoma qiymati 9 mlrd. so‘m bo‘lib, 2020 yilda bo‘nak va bajarilgan ishlar uchun 7,5 mlrd. so‘m, 2021 yilda esa 1,5 mlrd. so‘m mablag‘ moliyalashtirib berilgan. Pudratchi tomonidan 2020 yilda 7,5 mlrd. so‘m, 2021 yilda 1,5 mlrd. so‘mlik ishlar bajarilgan. Qurilish montaj ishlari to‘liq yakunlanib, 30.12.2021 yildagi ishchi komissiya dalolatnomasiga asosan ob’ekt foydalanishga topshirilgan.

   Hozirda hududdagi “Polvontosh” selgasi suv sathining tabiiy holatlar natijasida keskin pasayib ketishi sodir bo‘lmoqda, bu o‘z navbatida suv oqimi tezligi oshib ketishiga hamda ko‘prikning mustahkamlangan kirish va chiqish shuningdek, yon qiyalik qirg‘oqlariga zarar yetkazmoqda. Ko‘prikning oraliq qurilmasi tayanchlari uzunligi selga sathidan 15-20 metr chuqurlikda joylashganligi sababli, kelgusida kuchli suv-toshqin suvlari sodir bo‘lishi kuzatilsa faqat ko‘prik qirg‘oqlariga zarar yetkazishi mumkin. 

   Ushbu holatni o‘rganish bo‘yicha Surxondaryo viloyati avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzilib, holat to‘liq nazoratga olingan. Kelgusida bajariladigan ishlar sifatidan kelib chiqib, qulay ob-havo sharoitida ko‘prik osti qirg‘oqlaridagi nuqsonlarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar (loyiha) ishlab chiqilgan.

   2024 yilda ajratiladigan budjet mablag‘lari hisobidan ushbu ob’ektdagi nuqsonlar bartaraf etiladi.   


Surxondaryo viloyati avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi matbuot xizmati

Report Page