RASMIY MUNOSABAT
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Shahar mutasaddilari bir qator tadbirkorlarning do‘konlarini majburiy tarzda buzdirishmoqda ekan?!” sarlavhasi ostida tarqalgan videolavha yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Nurafshon shahri hokimligi tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi. Shu bois, hech bir tadbirkorning qonuniy faoliyatiga asossiz aralashish yoki majburiy buzish holatlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mazkur videolavhada aks etgan holatlar bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borildi. Aniqlanishicha, buzilish ishlari shahar bosh rejasi va tegishli huquqiy-me’yoriy hujjatlar asosida amalga oshirilgan. Ya’ni, noqonuniy qurilmalar yoki shahar infratuzilmasiga to‘sqinlik qiluvchi obyektlar yuzasidan tegishli tartibda choralar ko‘rilgan.
Shu bilan birga, hokimlik qonuniy ravishda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning manfaatlarini himoya qilish va ularga qulay ish sharoitlari yaratish borasidagi ishlarini davom ettiradi. Agar fuqarolar yoki tadbirkorlarda muayyan masalalar bo‘yicha e’tiroz yoki takliflar mavjud bo‘lsa, ular shahar hokimligining mas’ul idoralariga murojaat qilishlari mumkin.
Nurafshon shahar hokimligi Axborot xizmati (https://t.me/Nurafshonpressa)