RASMIY MUNOSABAT

RASMIY MUNOSABAT

Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi axborot xizmati

Ijtimoiy tarmoqlarda surxondaryolik tadbirkorlarga nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari uchun subsidiya pullari to'lab berilmayotganligi bo'yicha tarqalgan xabar yuzasidan quyidagilarni ma'lum qilamiz:


O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi "Maktabgacha ta'lim sohasida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida soddalashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi 426-sonli Qarorida (https://lex.uz/docs/-6141472#-6142416)keltirilgan Nizomning 32-bandida subsidiyalarning oylik summalari ushbu Nizomning 31-bandida belgilangan ish soatlari mobaynida NMTTBATda qayd etilgan xodimlar va tarbiyalanuvchilarning davomati asosida hisoblanishi ko'rsatib o'tilgan.


Ushbu Qaror va Nizomda keltirilgan qoidalar tadbirkorlarga doimiy tushuntirib borilishiga qaramay, bugungi kunga qadar Surxondaryodagi 65 ta DXSh asosidagi MTT, shu jumladan, oilaviy MTT tomonidan bir bolaning ma’lumotlari NMTTBATga kiritilib, uning fotosurati o‘rniga boshqa bola (tarbiyalanuvchi)ning fotosurati ushbu axborot tizimiga joylashtirilganligi va uning asosida davomati belgilanib kelinayotganligi aniqlangan. 


Shu sababli Nizomning 33-bandiga asosan, mazkur tarbiyalanuvchilarning MTTga qatnagan barcha davri uchun to‘langan subsidiyalar summasi Davlat budjetiga undirilgan. 


Jarayonlar to'liq raqamlashtirilgan bo'lib, ushbu holat aniqlangan oydan boshlab uch oy davomida subsidiya to‘lovlari mazkur DXSh asosidagi MTTga hisoblanmasligi va to‘lanmasligini, qolaversa, bunday holat ikkinchi marta aniqlanganda ushbu DXSh asosidagi MTT bilan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim bekor qilinishi va qayta tuzilmasligini ma'lum qilamiz.


Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi mas'ullari tomonidan nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida targ'ibot va tushuntirish ishlari olib borilib, tadbirkorlarga ushbu axborot tizimi bilan ishlash qoidalari tushuntirib borilmoqda. Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlar hamda OAV orqali ham targ'ibot materiallari tarqatib kelinmoqda.

Report Page