RASMIY MUNOSABAT

RASMIY MUNOSABAT


Ijtimoiy tarmoqlarda “Shohi-Zinda” majmuasida joylashgan “Usta Ali Nasafiy” maqbarasi”da olib borilgan taʼmirlash – tiklash ishlari bo‘yicha” mavzusida material e’lon qilindi. Unda keltirilgan ma’lumotlar yuzasidan Madaniy meros agentligining Samarqand viloyati boshqarmasi mutaxassislari tomonidan joyiga chiqib o‘rganish ishlari olib bordi. O‘rganishlar natijasiga ko‘ra quyidagilar ma’lum qilinadi.

Samarqand shahri “Shohi-Zinda majmuasi” tarkibiga kiruvchi “Usta Ali Nasafiy maqbarasi” XIV-asrning 60-70 yillarida qurilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 16-iyuldagi “Shohi Zinda” yodgorlik majmuasida qayta tiklash va obodonlashtirish ishlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi 337-sonli qaroriga asosan,  noyob tarixiy-meʼmoriy inshoot va muqaddas qadamjo hisoblangan “Shohi Zinda” yodgorlik majmuasida taʼmirlash, qayta tiklash va obodonlashtirish ishlari olib borilgan. “Usta Ali Nasafiy maqbarasi”ning peshtoq yuzasining ichki qismida vertikal joylashtirilgan arab yozuvli mayolikalar hamda maqbaraning arab yozuvli guldasta asosining tepa qismi 8 ta sirlangan koshinlar bilan konservatsiya qilingan.



2018-yil O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 708-son farmoyishi bilan mazkur madaniy meros obyekti "Vaqf" xayriya jamoat fondiga foydalanishga berilgan.

Darhaqiqat, 2004-yilda “Shohi-Zinda majmuasi”da olib borilgan taʼmirlash ishlarida o‘sha davrda malakali restavrator-ustalarning kamligi, xom ashyo sifatiga e’tibor berilmaganligi sabab ayrim xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Bugungi kunda ham malakali restavratorlar yetishmaydi.

Turizm va sport vazirligi hamda uning huzuridagi Madaniy meros agentligida yuqorida keltirilgan muammolarni bartaraf etish, madaniy meros obyektlarini asl holati bo‘yicha taʼmirlashning tizimli mexanizmini joriy qilish maqsadida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi “Madaniy meros agentligi faoliyatini tashkil etish hamda sohani innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5150-sonli qaroriga asosan, “Madaniy meros obyektlari restavratsiyasi direksiyasi”ning mintaqaviy restavratsiya maktablari tashkil etilishi belgilangan. Shu munosabat bilan, Turizm va sport vazirligi huzuridagi “Madaniy meros obyektlari direksiyasi” davlat muassasasining “Buxoro”, “Shahrisabz”, “Samarqand”, “Termiz”, “Qo‘qon”, “Xiva” mintaqaviy restavratsiya markazlari tashkil etilmoqda. Mazkur restavratsiya markazlarining asosiy vazifasi madaniy meros obyektlarida ilmiy asoslangan loyihalar asosida ta’mirlash-tiklash va konservatsiyalash ishlarini olib borish, madaniy merosimizni O‘zbekistonda va xorijda keng targ‘ib qilish, uning noyob namunalarini saqlab qolish orqali kelajak yosh avlodga yetkazish belgilangan.

Kelajakda har bir madaniy meros obyektlarining restavratsiya va konservatsiya ishlari ushbu maktabning ilmiy xulosalari asosida amalga oshiriladi. 


Madaniy meros agentligi Axborot xizmati

Report Page