RASMIY MUNOSABAT
Boshqarma Axborot xizmati
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili Qashqadaryo viloyati G'uzor tumanida faoliyat yurituvchi tadbirkorning xususiy korxonasi manfaatini ko‘zlab, Davlat kadastrlari palatasi G'uzor tumani filialining kadastr pasportini shakllantirish to'g'risidagi arizasini rad qilish bilan bog‘liq harakatini qonunga xilof deb topish hamda G'uzor tumanida joylashgan umumiy maydoni 3,37 gektar savdo majmuasi bo‘yicha tadbirkorga tegishli bo'lgan xususiy korxonaga kadastr pasportini rasmiylashtirish majburiyatini yuklashni so‘ragan.
Qarshi tumanlararo ma'muriy sudining 2021-yil 22-dekabrdagi hal qiluv qarori bilan Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilining shikoyat arizasi qanoatlantirilgan va G'uzor tumani filialiga mazkur tumanda joylashgan savdo majmuasi bo‘yicha xususiy korxonaga umumiy maydoni 3,37 ga yer maydoniga nisbatan kadastr pasportini rasmiylashtirish majburiyatini yuklash bo'yicha Qarori qabul qilingan.
Haqli savol tug'iladi, xo'sh - filial kadastr hujjati tayyorlab berishni nega rad etdi ?
1) Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 02 sentyabrdagi 535-sonli qarori bilan Koʼchmas mulk obyektiga kadastr pasportini berish boʼyicha davlat xizmatlari koʼrsatishning Maʼmuriy reglamenti tasdiqlangan.
Mazkur Reglamentning 1-bandiga koʼra, ushbu Reglament yuridik va jismoniy shaxslarga mulk huquqi asosida tegishli boʼlgan koʼchmas mulk obyektiga kadastr pasportini berish boʼyicha davlat xizmatlari koʼrsatish tartibini belgilashi qayd etilgan.
2019-yilda “Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan Gʼuzor tumani hududidan umumiy maydoni 2,02 (20200 kv.m) gektardan iborat savdo majmuasi elektron onlayn auksion savdosiga chiqarilgan.
Mazkur auksionda tadbirkorga tegishli xususiy korxona elektron onlayn auksion gʼolibi deb topilgan va “Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan elektron onlayn auksion natijalari toʼgʼrisida bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Ushbu xususiy korxona nomiga 2019 yildagi yer uchastkasining kadastr pasportida yer ajratish toʼgʼrisidagi hujjat boʼyicha 2,02 (20200 kv.m) ga, amalda esa foydalanilayotgan maydoni 3,37 (33681,13 kv.m) ga ya'ni ortiqcha egallangan yer maydoni 1,35 ga (13481.13 kv.m) ekanligi qayd etilgan.
Xususiy korxona tomonidan elektron onlayn auksion natijalari toʼgʼrisida bayonnomaga asosan, Gʼuzor tumani hududidagi umumiy maydoni 2,02 (20200 kv.m) gektardan iborat savdo majmuasini sotib olingan.
Lekin, xususiy korxonaning nomiga bugungi kunga qadar 1,35 (13481.13 kv.m) ga yer uchastkasiga boʼlgan huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlari mavjud emas!
Mazkur reglamentning 23-bandida, soʼrovnomada notoʼgʼri maʼlumotlar koʼrsatilishi, koʼchmas mulk obyektlariga boʼlgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi, ariza beruvchi yoki uning vakili kelishilgan manzilda boʼlmagan taqdirda, shuningdek vakolatli organ tomonidan kadastr pasportini rasmiylashtirish boʼyicha koʼchmas mulk obyektiga taqiq yoki xatlov qoʼyilganligi kadastr pasporti berishni rad etish uchun asos boʼlishi qayd etilgan.
Shunga ko'ra, kadastr muhandisi kadastr pasportni shakllantirishda ortiqcha egallangan 1,35 ga yer maydonini qoʼshib jami 3,37 ga yer maydoniga kadastr pasportini rasmiylashtirishi - kadastr muhandisining qonunga xilof ravishda ish olib borgan holda Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 02 sentyabrdagi 535-sonli qarorining 1 bandini buzgan hisoblanadi.
Xususiy korxona nomiga Gʼuzor tumani hududida joylashgan umumiy maydoni 3,37 gektardan iborat koʼchmas mulk obyektlariga huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlari mavjud emasligi tufayli, arizachining arizasi asosli tarzda rad etilgan.
Ayni paytda Davlat kadastr palatasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi Gʼuzor tumani filiali tomonidan Qashqadaryo viloyat tumanlararo maʼmuriy sudiga apellyatsiya shikoyati kiritilgan.