RASMIY MUNOSABAT
Samarqand viloyat yuridik texnikumi

Joriy yilning 6-yanvarida KUN.UZ axborot saytidagi “Huquqshunoslarni tayyorlovchi ta’lim dargohida qonunlar buzilmoqda” maqolasi yuzasidan Samarqand viloyat yuridik texnikumi tomonidan quyidagilar ma’lum qilinadi:
Samarqand viloyati yuridik texnikumi o‘qituvchi-pedagoglarini attestatsiyadan o‘tkazish komissiyasining 2021-yil 28-iyundagi xulosasi asosida qabul qilingan Samarqand viloyat yuridik texnikumining Norbek Alqarov bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi 2021-yil 15-iyuldagi 28-sht-sonli buyrug‘i Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining hal qiluv qarori bilan g‘ayriqonuniy deb topilgan.
Biroq Norbek Alqarovni ishga tiklash bo‘yicha birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori Samarqand viloyat yuridik texnikumiga kech yetib kelganligi, shu bilan birgalikda Norbek Alqarov hamda texnikum o‘rtasidagi sud jarayonlari apellyatsiya tartibida davom etib kelganligi sababli birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini darhol ijro etishning imkoni bo‘lmadi.
Apellyatsiya instansiyasining 2021-yil 21-dekabrdagi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risidagi ajrimi ham bugungi kunga qadar texnikumga kelib tushmagan.
Shunga qaramay, Norbek Alqarov tomonidan 2022-yil 6-yanvar kuni Samarqand viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining ajrimi texnikumga taqdim etilgandan so‘ng darhol Samarqand viloyat yuridik texnikumi direktorining 2022-yil 6-yanvardagi 1-sht-sonli buyrug‘i bilan ishga tiklanganligi ma’lum qilinadi.
Shuni ma’lum qilamizki, Samarqand viloyat yuridik texnikumi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida qonun ustuvorligini so‘zsiz tan olgan holda sudning har qanday qarorlari muhokama qilinmaydi va so‘zsiz ijro etiladi.
Shu o‘rinda OAVdan, shu jumladan Kun.uz tahririyatidan ham Samarqand viloyat yuridik texnikumiga oid masalalarni har taraflama chuqurroq o‘rganib, tashkilotning nufuzi va ishchanlik obro‘siga salbiy ta’sir etmagan holda nashr etishlarini so‘rab qolamiz.
Samarqand viloyat yuridik texnikumi