RASMIY MUNOSABAT
Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi Axborot xizmatiIjtimoiy tarmoqlarda Qiziriq tumanidagi 3-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkilotining qisqa muddatli guruhida bolalar bo'lmasa-da, xodimlarga maosh to'lanayotganligi yuzasidan tarqalgan xabar bo'yicha quyidagilarni ma'lum qilamiz:
Qiziriq tuman Maktabgacha va maktab ta'limi bo'limining bergan ma'lumotlariga ko'ra, bugungi kunda tumandagi 3-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida 2 ta qisqa muddatli guruh faoliyat yuritmoqda. "BOLALAR BOG'CHASI" elektron dasturi orqali 1-qisqa muddatli guruhga 20 nafar, 2-qisqa muddatli guruhga 19 nafar tarbiyalanuvchilar qabul qilingan. Shu sababli 2-qisqa muddatli guruhga 8 nafar bolajonlar amalda qamrab olingan bo'lsa-da ta'lim-tarbiya jarayonlari davom ettirilmoqda.
Ushbu holat yuzasidan maktabgacha ta'lim tashkiloti direktori tomonidan O'zbekiston Respublikasining "Maktabgacha ta'lim va tarbiya to'g'risida"gi Qonunining 34-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 391-sonli Qaroriga muvofiq tasdiqlangan "Umumiy turdagi davlat va nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari to'g'risida"gi Nizomning 43-bandi ijrosini ta'minlash maqsadida 2-qisqa muddatli guruhni yopishda amaliy yordam so'rab Qiziriq tuman Maktabgacha va maktab ta'limi bo'limiga murojaat qilingan.
2024-yilning 1-yanvaridan tashkilot direktori tomonidan berilgan bildirgi hamda qisqa muddatli guruhga ehtiyoj yo'qligi sababli 3-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkilotidagi qisqa muddatli guruh Maktabgacha va maktab ta'limi bo'limi tomonidan qisqartirilishi ko'zda tutilgan.