RAQAMLASHTIRISHDAGI ISLOHOTLARNING NATIJASI

RAQAMLASHTIRISHDAGI ISLOHOTLARNING NATIJASI


Paxtaobod tumanining “Sangrabod” mahalla fuqarolar yig‘inida 480 nafar suyultirilgan gaz iste'molchilari istiqomat qilib kelmoqda. Bugun barcha iste'molchilar suyultirilgan gaz yetkazib berishning onlayn tizimi orqali suyultirilgan gaz bilan ta'minlanishmoqda. 

“..Biz yangi tizim bo‘yicha mana 3-marotaba gaz olyapmiz,- deydi “Sangrabod” MFY “Mevazor” ko‘chasining 298-uyida yashovchi Hayitxon Muhammadalieva. – Juda qulay ekan. Kartaga xo‘jayinim pul solib qo‘ygan edi, endi qachon gaz kelsa bemalol gaz ballonimni almashtira olarkanman. Ham vaqtda yutaman, ham pul bormi, yo‘qmi demayman. Ballonga yopishtirilgan chip haqida ham aytishdi. Uni ham ehtiyotlayamiz. Qisqa qilib aytsam, raqamlashtirish degan so‘zni televizorda eshitardik, mana endi o‘zimiz ham shu jarayonni guvohi bo‘lib, bevosita ishtirok etayapmiz ham...”

Bugun “Sangrabod”liklarning bariga “Paxtaobodtumangaz” gaz ta'minoti bo‘limi tomonidan ID kartalar tarqatilgan. 679 dona maishiy gaz ballonlarning bari esa bar kodli yorliqlar bilan ta'minlangan. Onlayn tizimda gaz yetkazib berish uchun esa barcha sharoitlar mavjud. Mahalla ahliga esa yil boshidan beri 58.76 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. 

“... Tizimning qulayligi nafaqat aholiga, balki bizga ham ma'qul kelmoqda. Chunki tizim ishlashni boshlashi bilan, korrupsion holatlar, sun'iy narxning oshishi kabi masalalarga chek qo‘yildi, ya'ni hech bir iste'molchida bunga shubha qolmadi. Oldinlari aholida gaz narxi haqida har xil fikrlar yurgan bo‘lsa, hozirda hamma birday xursand. Hech kim naqd pul bilan to‘lovni amalga oshirmayapti, olingan gaz uchun to‘lov onlayn tarzda amalga oshirilmoqda. Shuning chilangar va haydovchilar ham maxsus mobil dasturlar orqali gaz yetkazib bermoqdalar. Bu esa ularning vaqtdan unumli foydalanib, targ‘ibot uchun ham vaqt ajratishlariga imkon yaratmoqda..,-deya suhbatni yakunladi “Paxtaobodtumangaz” gaz ta'minoti bo‘limi boshlig‘i Xayrullo Ahmadaliev.”

“Sangrabod” MFY qatori “Navro‘z” va “Mustaqillik” mahalllarida bo‘lganimizda ham iste'molchilarning onlayn tizimdan foydalanayotganliklarining guvohi bo‘ldik. Demak, raqamlashtirish borasida amalga oshirilgan islohotlar natijasi Paxtaobodda ham namoyon bo‘lmoqda ekan.


“Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati



Report Page