R A S M I Y M U N O S A B A T
https://t.me/surxonkadastrZo‘r tv telekanalining “Bu kun” ko‘rsatuvida “Surxondaryoda ayol buvisidan qolgan yer maydoniga egalik huquqi bo‘lsada ham, nega tadbirkorga berib yuborilganidan hayratda” sarlavhasi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan bir necha bor joyida o‘rganib chiqilganda, quyidagilar aniqlandi.
O‘rganish jarayonida, murojaat muallifi fuqaro M.Sadikova yashab kelayotgan uy-joyi Termiz shahar, Muqimiy ko‘chasi 24 manzilda joylashgan bo‘lib, ushbu uy-joyga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 03.08.2016 yildagi
“2016-2017 yillar davrida jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini ko‘chmas mulk obyektlarini yalpi xatlovdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi
251-sonli qaroriga asosan fuqaro murojaat muallifining bobosi marhum L.Valievning nomiga xatlovdan o‘tkazilib soliq to‘lovchi sifatida soliq bazasiga kiritilgan.
Hatlov natijasiga ko‘ra, umumiy yer maydoni 0.11 gektar, qurilish osti maydoni
245.7 kv.metrdan iborat uy-joy hamda yer uchastkasiga kadastr yig‘ma jildi (texnik hujjatlari) rasmiylashtirilgan lekin egalik huquqi mavjud bo‘lmaganligi sababli
davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan.
Shunga ko‘ra, Termiz shahar Muqimiy ko‘chasi 24 manzilda joylashgan uy-joyning tayyorlangan kadastr (texnik hujjati)da yer maydoni chegaralari Termiz shahar Qurilish bo‘limi tomonidan tasdiqlanib, fuqaro M.Sadikovaga kadastr hujjatini bepul rasmiylashtirilib, topshirish uchun olib borilganda ushbu kadastr hujjatini yer maydoni chegaralari noto‘g‘ri belgilangan deb fuqaro M.Sadikova tomonidan ushbu hujjatlarni olishdan bosh tortgan.
Shuningdek, murojaat muallifining muqaddam murojaatlarini o‘rganish jarayonida o‘ziga tegishli deb aytilayotgan bog‘ning hududidan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy qurilgan tandirxona binosi aniqlanib, qonunchilikda belgilangan tartibda ushbu tandirxona binosi Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasining Termiz shahar bo‘limi inspektorlari tomonidan buzdirilib joyida bartaraf etilgan.
Bundan tashqari, fuqaro M.Sadikova tomonidan bog‘ sifatida ekin ekib foydalanib kelayotgan deb aytilgan yer uchastkasiga Termiz shahar hokimining Farmoyishiga asosan fuqaro N.Voxidovaga 40.0 kv.metr hajmda yengil metall qurilmadan non va non mahsulotlari ishlab chiqarish sexini o‘rnatishga ruxsat berilgan va Termiz shahar hokimining qaroriga asosan fuqaro N.Voxidovaga
40.0 kv.metr yer maydoni va 38.6 kv.metrdan iborat yengil metall qurilmali non va non mahsulotlari ishlab chiqarish binosiga vaqtinchalik foydalanish huquqi berilgan hamda kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, murojaat muallifi fuqaro M.Sadikovaga talab qilayotgan yer uchastkasiga egalik qiluvchi huquqini qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va Termiz shahar hokimining qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, ushbu qarorni bekor qilish maqsadida tegishli sud idoralariga daʼvo arizasi kiritilishi lozimligi to‘g‘risida bir necha marotaba tushuntirilgan.
Alohida qayd etish lozimki, kadastr huquqiy hujjatlar asosida Davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi tashkilot sanaladi. Qonunchilikka ko‘ra yer ajratish yoki o‘zganing mulkini buzish vakolatiga ega emas.