Quyoshning haqiqiy rangi qanday?

Quyoshning haqiqiy rangi qanday?

Rajabov Yodgor https://t.me/astronomiya kanali uchun
Kanal kuzatuvchilaridan savol: Bizning Quyoshimiz sariq yani G2 spektral sinfiga mansub, lekin men Quyosh aslida oq rangda ekanligi haqida o'qidim. Nima uchun shunday? Va yaqinda men Quyosh spektrida yashil rang ustunligini o'qidim. Haqiqatdan ham shundaymi? Nima uchun buni biz sezmaymiz?

Juda o'rinli savol, keling hammasini birgalikda aniqlashtirib olamiz.

Quyoshning rangi qanday?

Agar ochiq havoda osmonga nazar tashlasangiz va Quyoshga qarasangiz, javob aniq bo'ladi - Quyosh siz uchun sariq rangda ko'rinadi. Hammasi oddiy kabi ko'rinadi, bu yerda nima haqida gapirish mumkin?

Quyoshning kosmosdan olingan rasmi. Manba:wikipedia.org

Biroq, hammasi oddiy emas. Agar biz kosmik kemadan yani Yer atmosferasidan tashqaridan Quyoshga qarasak, siz Quyoshni oq rangda ko'rasiz. Nima uchun shunday? Aslida, Yer atmosferasi nur uchun to'liq shaffof emas. Quyosh yuzasidan chiqqan nur Yer atmosferasi orqali o'tayotganda uning bir qismi yutiladi va sochiladi. Natijada, Quyosh bizga "sariq" rangda ko'rinadi.

Agar Quyosh oq randa bo'lsa, nima uchun u "sariq mitti" yani G2 spektal sinfga kiritganmiz?

Aytish kerakki, "sariq mitti" atamasi biroz eskirgan. Hozirgi kunda ishlatilayotgan ko'plab atamalar astronomiya endi tug'ilgan vaqtda kiritilgan. Shu sabab hozirda biz ishlatayotgan "mitti", "gigant", "sariq", "qizil", "jigarrang" kabi atamalarni olgan yulduzlarning rangi haqiqiy rangi bilan har doim ham mos kelmaydi, lekin tarixiy sabablarga ko'ra bu atamalardan hozirgacha foydalanishda davom etilmoqda.


"Sariq mitti" atamasi o'rniga, bugungi kunda ilmiy adabiyotlarda "asosiy ketma-ketligidagi spektral sinfning G yulduzi" deb yozilmoqda. "Sariq mitti" yulduzning haqiqiy rangi oq yoki sariq bundan tashqari hatto havorang ham bo'lishi mumkin.

Spektrdagi yashil rang haqida

Bir qarashda g'alati tuyulishi mumkin,ammo Quyosh nurining to'lqin uzunligi spektrida maksimum (yani rasmdagi cho'qqi) aslida yashil rangga mos keladi, aniqrog'i, maksimum taxminan yashil va ko'k ranglar orasida. Quyidagi asmga qarang:

Quyosh nurlanishining to'lqin uzunligiga bog'liqligi. Manba: wtamu.edu

Bu shuni anglatadiki, Quyosh nurini to'lqin uzunligi bo'ylab taqsimlashda, optik diapazonda Quyoshdan chiqadigan nurlardan eng intensivi yashil nurlar ekani ko'rinadi.

Quyosh energiyasining chastotaga bog'liqligi. Manba: wtamu.edu

Bundan tashqari, agar biz Quyosh nurini to'lqin uzunligiga emas, balki chastotaga bog'lab ko'sak, maksimum intensivlik bu holatda qizil rangga to'g'ri keladi.

U holda nega biz Quyoshni yashil yoki qizil rangda ko'rmayapmiz? Quyosh bir vaqtning o'zida barcha ranglarning nurlarini, shuningdek, infraqizil, ultrabinafsha, mikroto'lqinli nurlanish va rentgen nurlari kabi ko'plab boshqa elektromagnit nurlanish turlarini chiqaradi. Bizning ko'zimiz esa Quyosh spektridagi nurlarni ajratib ko'ra olmaydi. Shu sababli kosmosdan qaraganda ham bizga Quyosh yashil yoki qizil rangda ko'rinmaydi.


Maqola yoqqan bo'lsa rahmat. Kanalimizga azo bo`lishni unutmang.

Report Page