Quyosh tarozisi

Quyosh tarozisi


Murodjon bugun tag‘in kech qoldi.

Nasiba deraza ro‘parasidagi pastak yumshoq kresloda o‘tirar, oqshom tushib qolgan edi. Kelin tushgan uyning fayzi boshqacha bo’ladi. Derazalardagi nafis darpardalar, oyoq ostidagi cho‘g‘dek gilamlar, devorda ohista chiqillab turgan kattakon osma soat, naqshinkor arabi garnitur – hammasi bu xonadonda yaqinda to’y bo’lganidan darak berib turardi. Narigi uyda qaynisi televizorni baqirtirib futbol ko‘ryapti. Hali qaynonasi egachisinikiga ketdi. Umuman, ularning xonadoni gavjum. Ammo Murodjon yonida bo‘lmaganidan keyin Nasiba bari bir yolg‘’iz…

Murodjon keyingi paytda aynidi. Avvallari ishdan chiqa solib uyga yugurardi. Yo‘q, keyinchalik tez-tez kechikadigan, ba’zan yarim kecha qilib keladigan odat chiqardi. Tag‘in topgan bahonasi bitta! Navbatchilik qilarmish. O‘lar endi, har kuni bitta odam navbatchilik qilaversa. “Navbatchilik bahona, diydor g‘animat” bo‘lmasin tag‘in.

Nasiba devordagi soatga qaradi. To’qqizdan oshibdi. Tashqarida qorong’i quyuqlashib borar, allaqaerda qurbaqa qurillardi… Bir vaqtlar Murodjon ikkovlari bog’larda ataylab kun botishini kutib o’tirishar, oqshom quyuqlashib ketganidan keyin o’pishishardi.

Ularning tanishuvi g’alati bo’ldi. Nasiba bilim yurtining to’rtinchi kursida o’qirdi. Qishda shamollab qoldi. Bir-ikki kun parvo qilmay o’qishga qatnab yuraverdi. Ammo kechasi to’satdan isitmasi ko’tarilib ketdi. Dadasi bilan oyisi qo’rqib ketishdi. Qo’shnining mashinasida kasalxonaga oborishdi. O’pkasi qattiq shamollagan ekan. Uni Murod Vohidovich degan do’xtir davoladi. Nasiba ilgariyam betob bo’lgan, vrachlarga qaratgandi. Ammo mana shu baland bo’yli, qotmadan kelgan vrachning qo’li badaniga tegishi bilan negadir qamchi yegan otdek seskanib ketdi. Narigi karavotda yotgan xotin uning holatini sezdi. Piqillab kulib yubordi. Do’xtir zahargina ekan.

– Xotirjam bo’ling, ko’zim uchib turgani yo’q, – dedi qovog’ini solib. – Chuqur nafas oling…

Nasiba sog’ayib chiqib ketguncha ham Murod Vohidovich bilan tuzuk-quruq gaplashmadi. Ayniqsa, uning qosh-ko’zlari popukdek Marziya degan hamshira qiz bilan ochilib-sochilib gaplashib turganini bir-ikki ko’rganidan keyin o’zini butunlay bepisand tutadigan bo’ldi. Agar Dilfuzaning to’yida yana uchrashib qolishmasa, balki unutib yuborgan bo’larmidi…

Dilfuza Nasibaning jonajon o’rtog’i. Shu qiz turmushga chiqadigan bo’ldi-yu, ZAGSdan o’tish marosimiga Nasiba ham bordi. To’g’risi, dugonasining baxtiga juda havasi keldi. Umrida bunaqa tantanani ko’rmagan edi. Qiz tomon salkam yigirma kishi bo’lib borishdi. Kuyov tomondan ham ancha yigitlar keldi. ZAGS mudirasi kelin-kuyovni qutlab, nutq so’zladi. Kuyov Dilfuzaga brilliant sirg’a, oltin uzuk hadya qilganida hamma qarsak chalib yubordi. Nasiba kuyov tomondan kelgan yigitlar orasida turgan Murod Vohidovichni tashqariga chiqishganidan keyingina ko’rdi. Doim xalatda yurgani uchunmi Nasiba e’tibor bermagan ekan. Bu gal yarashiqli kiyinib olgan, sochlarini silliq taragan, galstuk taqqan Murodjon uning ko’ziga cho’g’dek ko’rindi. Bosh silkib, salom berdi. Murodjon shu ondayoq uning yoniga keldi.

– Siz kelin tomonmisiz? – dedi uning qo’lini ohista siqib. Nasiba indamay bosh silkidi. – Men kuyov tomonman. Demak, quda ekanmiz… – Murodjon kulib qo’ydi.

Yo’q, u ko’p ham zahar emas ekan. Mashinada shahar aylanishganida ham, «Lazzat» kafesida o’tirishganida ham Nasibaning ko’nglini ovlashga harakat qildi. Kafedan chiqishganida Murodjon jindek konyak ichib olgan edi. Hamma hamma bilan, u Nasiba bilan.

– Yaxshimi? – dedi Murodjon. Nasiba tushunmadi.

– Nima yaxshimi?

Murodjon kelin-kuyov tomonga imo qildi.

– Shunaqa dabdabalar yoqadimi sizga?

– Albatta! – Nasiba yelkasini qisdi. – Umrida bir marta bo’ladigan to’y…

– Menga yoqmaydi. – Murodjon jilmaygan ko’yi iltimos qildi: – Kuzatib qo’ysam maylimi? Baribir, hozir hamma tarqab ketadi.

Nasiba indamadi…

Ular tez-tez ko’rishib turadigan bo’lishdi.

Bir kuni ikkovlari dalaga chiqishdi. Shunchaki aylanib kelish uchun. Shahar chetidagi xo’jalikka qatnaydigan avtobusga o’tirishdi-yu, halqa yo’ldan o’tgandan keyin duch kelgan bekatda tushib qolishdi. Yoz quyoshi olis ufqda olovli bir tumanlik ichiga botib borardi, Murodjon quyoshga tikilgancha, chuqur o’yga tolgan edi. Uning shu o’tirishi Nasibaga nima uchundir g’amgin ko’rinib ketdi.

– Nimani o’ylayapsiz? – dedi uning yelkasiga kaftini qo’yib.

– O’ylayotganim yo’q. Orzu qilyapman, – dedi Murodjon botib borayotgan quyoshdan ko’z uzmay. – To’ydan keyin ikkalamiz dengiz bo’yiga borsak. Mayli, qaysi dengiz bo’lsa ham… Oy chiqib turgan bo’lsa. Ikkalamiz qirg’oqda shundoq o’tirib, oydinda tovlanib turgan dengizni tomosha qilsak…

Nasibaning yuragi quvonchdan orziqib ketdi. Shirin jilmayib, uning yelkasiga bosh qo’ydi.

Keyinchalik u o’sha – Murodjon aytgan manzarani ko’p o’ylaydigan bo’ldi. Umrida dengizni ko’rmagan edi. Ammo endi shovullab turgan dengiz ko’z o’ngiga aniq keladigan bo’ldi. Ana, tip-tiniq to’lin oy nurida dengiz oynadek yaraqlab turibdi. To’lqinlar shovullab qirg’oqqa uriladi. Dahshatli guvullab suron soladi. Ammo u qo’rqmaydi. Uning yonida Murodjon bor. U Murodjonning ko’ksiga boshini qo’yib o’tiradi. Murodjonning yuragi bir me’yorda gurs-gurs uradi. Nasibani allalagandek bo’ladi.

Turmushga chiqayotgan qizning orzusidek afsonaviy narsa bo’lmaydi. Nazarida, to’y o’tishi bilan o’zga bir olamga kirib qoladigandek, xuddi bir sayyoradan boshqa sayyoraga uchib ketayotgandek tuyuladi. Nasibani ham shu olam asir etgandi. Agar o’zi oyisiga shipshitib qo’ymaganida, Murodjon yuborgan sovchilar dadasiga yoqmasligi tayin edi. Avvalo, Murodjonning otasi yo’qligi qiz tomonga unchalik ma’qul kelmadi. Qolaversa, Nasiba besh o’g’il orasida yolg’iz edi. Dadasi qiziga o’zgacha mehr qo’ygan. Ko’p yillardan buyon advokat bo’lib ishlaydi. Topganini bitta qizidan ayarmidi? Kuyov tomonning qo’li qisqaroq ekan. Kuyov bir o’zi ishlasa, tag’in ukasi, singlisi bo’lsa… Nasiba bunisini ham o’z zimmasiga oldi. Bir kuni gap orasida Murodjonning ko’nglini og’ritmaydigan qilib qistirib ketdi:

– Dadamlar juda qiziqlar-da, Murodjon aka. Sen yolg’iz qizimsan, deydilar. Mendan orzu-havaslari ko’p emish. Esingizdami, Dilfuzaning to’yi zo’r bo’luvdi-a?

Murodjon uni yupatdi:

– Ko’nglingiz to’q bo’lsin. Uyaltirib qo’ymayman.

Chindan ham Nasibaning dadasi kuyov tomondan xursand bo’ldi. Nasiba Dilfuzaga havas qilgan edi. Xuddi o’shanday mashinada sayr qilishdi, xuddi o’sha «Lazzat» kafesiga kirishdi. Chiqib kelishayotganida u Murodjonning qulog’iga shipshidi.

– Yaxshimi?

– Nima? – dedi Murodjon.

– Mana shunaqa dabdabalar yoqadimi sizga?

Murodjon jilmayib, uning belidan quchdi.

– Qanaqa bo’larkan! – dedi Nasiba barmog’i bilan po’pisa qilib.

To’y nihoyatda xushchaqchaq o’tdi. Murodjon bilan birga ishlaydigan Islom aka degan pak-pakana odam bor ekan. Shu kishi tamadalikni ayniqsa bopladi. Shunaqa qiziq gaplar aytdiki, to’yga o’z-o’zidan fayz qo’nib, hammaning qulfi dili ochilib ketdi. Ammo Nasiba o’zga olamga – sirli olamga kirib qolgani yo’q. Hayot o’z yo’lida davom etardi. Murodjon har kuni ishga otlanadi. Nasiba nonushta tayyorlaydi, qo’liga dazmollangan ro’molcha tutadi, keyin qaynisi bilan qaynsinglisi maktabga ketadi. Undan keyin qaynonasining choy-nonini tayyorlab beradi-da, o’zi ham ishga jo’naydi. Kunlar xuddi muttasil aylanayotgan globusga o’xshaydi. Har kuni o’sha manzara…

Eng yomoni bu emas. Eng yomoni shuki, Murodjon aynidi. Nasiba buni darrov sezdi. To’ydan keyin ikki hafta o’tmay, navbatchi edim, deb kech keldi. Keyin haftada ikki martadan «navbatchilik» qiladigan bo’ldi. Bora-bora kunora yarim kecha qilib keladigan odat chiqardi. Nasiba gapirsa, teskari qaraydi. «Ishim ko’p, nima qilay?» – deydi. Avvaliga Nasiba to’y tashvishlari bilan charchagandir, deb o’ylagandi. Yo’q, bu yerda bir sir bor. Murodjon birinchi marta navbatchilikni bahona qilgandayoq Nasibaning ko’z o’ngiga qilpanglab turgan Marziya kelgan, yuragi jizillab ketgan edi. Keyin shubhalari yanayam kuchaydi. Bir kuni qaynonasiga sekin gap ochgan edi, nasihat eshitdi: «Erkak kishi tirikchilik deb yuradi-da, bolam, yuragingizni keng qiling», – deb yupatdi.

Tirikchilik emish. Nima yetishmaydi! Ro’zg’ori but bo’lsa, hamma narsa yetarli bo’lsa, tag’in nima kerak? Yo’q, boshqa gap bor. U kishi ayshini qilib yuradilar, Nasiba sho’ppayib uyda o’tiradi. Mana hozir ham… Nima, yerdan chiqqanmi?!

Uning xo’rligi keldi. Tag’in dengiz emish. Oydin kechalar emish!

U o’rnidan turib ketdi. Deraza oldiga keldi. Tashqari qorong’i bo’lib ketgan, ko’chadan ora-chora mashinalar guvullab o’tib qolardi. Nima qilsin? Uyiga borsinmi? Juda yaxshi bo’ladi-da! Murodjon kelsaki, uyda Nasiba yo’q. Ha, zir yugurib qolmas ekan-a! O’shanda biladi sayoq yurish qanaqa bo’lishini!

U beixtiyor toshoyna ro’parasiga keldi. Oynadan qiyg’och qoshlari chimirilgan, surma tortilgan ko’zlarida ehtiros yashiringan tiniq chehrali qiz qarab turardi. U o’zining aksiga o’zi bir zum tikilib turdi-da, sochini chaqqon turmakladi. Qavib tikilgan neylon xalatini yechib, atlas ko’ylak kiydi. Hozir ayni vaqti-da! Qaynonasi yo’q, birov yo’lini to’smaydi. U ayvonga o’tib, hovliga tushdi. Ayvon peshtoqidagi lampochka yorug’ida hovlidagi atirgullar sokin, xayoliy tovlanib turardi.

U tez-tez yurib, darvoza oldiga keldi. Bu xonadondan bir umrga chiqib ketayotgandek, xo’rsinib eshikni ochdi. Tashqariga chiqdi-yu, uyiga borolmasligini daf’atan tushundi. Yo’q, dadasi darrov sezadi. Bemahalda borganidan tushunadi. To’y aniq bo’lganida, oldiga o’tqazib qo’yib, lo’ndagina qilib tushuntirgan edi. «O’zing xohlab qilyapsan shu ishni, bilib qo’y, to’ydan keyin mayda-chuyda gaplarni ko’tarib keladigan bo’lsang, dilingni siyoh qilib qo’yaman».

O’sha so’zlar qulog’i ostida tag’in jaranglagandek bo’ldi-yu, bir zum to’xtab qoldi. Lekin shu ondayoq boshqa bir fikrdan ko’ngli yorishib ketdi. Ishxonasiga boradi! Qani ko’rsin-chi, qanaqa navbatchilik qilayotgan ekan Murod Vohidovich! Kim uni har kuni yarim kechagacha olib o’tirar ekan. Boshliqlarimi yoki anovi ko’k ko’z Marziyami?

U duch kelgan mashinaga qo’lini ko’tardi. Oppoq «Jiguli» ancha nariga o’tib to’xtadi.

– Beshinchi kasalxonaga! – dedi Nasiba orqa o’rindiqqa o’tirib.

O’rta yoshlardagi kishi bir zum ikkilanib turdi-da, indamay yo’lga tushdi.

Nasiba bunaqa paytda kasalxonaga kirish qiyinligini bilardi. Yo’l-yo’lakay qorovulga nima bahona qilishni o’ylab bordi. Lekin uning omadi chopdimi, buyoqdan qorovulxonaga kirishi bilan u yoqdan «Tez yordam» mashinasi chirog’ini lopillatib kelib qoldi. Qorovul chol oqsoqlanib borib panjarali darvozani ochguncha, Nasiba lip etib ichkariga kirib oldi. Hatto kinolardagi singari chaqqonlik qilgani uchun quvonib ham qo’ydi. Ana, o’sha birinchi qavat, terapiya bo’limi. U oynaband eshikni ochib, yop-yorug’ ayvonga kirdi. Vestibyul kimsasiz, chekka-chekkadagi skameykalar bo’sh edi. Nasiba yuragi gupillab urgancha to’xtab qoldi. Hozir xuddi o’sha Marziyaga duch kelsa nima bo’ladi?

U endi yo’lak tomon yurgan edi, oq xalat kiygan notanish qiz ichkaridan yugurib chiqdi.

– Kim kerak sizga? – dedi qoshini chimirib. – Hozir otboy bo’ladi.

– Navbatchi vrachni chaqiring. – Nasiba ataylab Murodjonning otini aytmadi.

Hamshira qiz unga boshdan-oyoq yana bir qarab chiqdi-da, ichkari kirib ketdi. Nasiba xarchand beparvo bo’lishga urinmasin, yaxshi ish qilmaganini endi tushundi. O’zidan-o’zi ijirg’ana boshladi. Nima keragi bor edi shu yoqqa kelib? Murodjon nega kelding desa, nimani bahona qiladi? Sizni sog’inib keldim, deydimi?

Yo’lakdagi eshiklardan biri sharaqlab ochildi. Nasiba shu yoqqa qarab pildirab kelayotgan oq xalatli pakana kishini ko’rib, esankirab qoldi. Bu – ularning to’yida kosagullik qilgan xuddi o’sha Islom aka edi.

U yaqin kelib salomlashdi.

– Ha, kelin? – dedi qandaydir quruq ohangda. – Kuyovni izlab kepsiz-da!

Nasiba juda hijolatli ahvolda qoldi.

– Shundoq o’tib ketayotuvdim, – dedi ovozi zo’rg’a chiqib. – Murodjon akam, navbatchiman, degandilar.

– Murodjon akangiz navbatchi emas! – dedi Islom aka uning gapini bo’lib.

Nasiba yarq etib qaradi.

– Kecha… – dedi tutilib.

– Kechayam dejur bo’lganmas! – Islom aka tag’in uning gapini kesdi. Nasibaga bu odamning gapidan ko’ra, so’zlash ohangi og’ir botdi.

– Kechirasiz, – dedi kinoya bilan. – Bo’lmasa siz bilarsiz qayoqda yurishlarini?

– Bilaman! Xohlasangiz, oborishim mumkin.

– Mayli. Men ham bilib qo’ysam zarar qilmas.

– Hovliga chiqib turing. Men hozir… – Islom aka shunday dedi-yu, o’zining pakanaligi uchun yer aybdordek qars-qurs yurgancha, ichkari kirib ketdi.

Nasiba hovliga tushdi. Qandaydir mavhum o’ylardan ko’ngli bo’m-bo’sh bo’lib, sekin-sekin darvoza tomonga yura boshladi. Qiziq, bu nimasi? Nega bu odam u bilan bunaqa gaplashadi? O’tqazib qo’ygani bormi?

Uning orqasidan kelgan mashina g’iyqillab to’xtadi.

– Chiqing, kelin!

U Islom akaning ovozini tanib, burilib qaradi. To’rt-besh qadam narida sutrang tez yordam mashinasi to’xtagan. Islom aka avtobus eshigini qiya ochib, boshini chiqarib turardi. Nasiba ikkilanib mashinaga chiqdi. Shu ondayoq dimog’iga dori hidi urildi. Mashina o’rtasiga oq choyshab yopilgan yig’ma karavot o’rnatilgan ekan. Nasiba eshik oldidagi ixcham o’rindiqqa o’tirdi. Islom aka mashinaning narigi biqinidagi o’rindiqqa cho’kdi.

– Qayoqqa boramiz o’zi? – dedi Nasiba unga tezgina qarab olib.

– O’zingiz aytdingiz-ku! Murod Vohidovichning oldiga, – Islom aka shofyor o’tirgan kabina tomonga engash-di. – Ketdik.

Shundagina Nasiba shofyor kabinasining devorida tuynukcha borligini ko’rdi.

Mashina bir silkindi-yu, shiddat bilan yurib ketdi.

U ro’parasidagi Islom akaga shubhalanib qarab qo’ydi. Islom aka o’rindiq yonidagi tutqichni ushlagancha, ko’zini lo’q qilib o’tirar, shiftdagi chiroqning xira yorug’ida yuzidagi ifodani payqash qiyin edi. Nasiba beixtiyor ko’zini olib qochdi. Derazadan tashqariga qaradi. Mashina chiroqlar marjoni lovillab yotgan ko’chadan yelib borardi. Ancha yurishdi. Islom aka hamon miq etmay o’tirar, Nasiba uning o’ziga tikilib boratyoganini bilar, shuning uchun ataylab ko’chadan ko’z uzmasdi. Bir mahal shahar chekkasiga chiqib ketishayotganini ko’rdi-yu,xavotirga tushib qoldi. Ana, Qo’yliq bozorining darvozasi. Naryog’i dalalar… Ana, qop-qorong’i dala yo’liga burilishdi. Nasiba, yuragi gursillab urgancha, o’rnidan turib ketdi.

– Menga qarang, qayoqqa ketyapmiz o’zi? – dedi tahdid bilan. – To’xtating!

Xira chiroq yorug’ida Islom aka kinoyali kulib qo’ygandek bo’ldi.

– Mana, yetdik… Hozir.

Mashina g’iyqillab tormoz berdi. Nasiba eshik tutqichini siltab ochib yubordi. Shu ondayoq ichkariga to’zon yopirilib kirdi. Yerga sakrab tushdi-yu, tuflisi to’pig’igacha tuproqqa botib ketdi. Islom aka eshikdan boshini chiqarib, qorong’i bo’shliqqa qarab qichqirdi:

– Mashinani bir soatdan keyin yuboraman!

Mashina orqasi bilan tisarilib, bora-bora katta yo’lga burildi.

Nasiba qop-qorong’i zulmatda, tuproq ko’chaning qoq o’rtasida garang bo’lganicha turib qoldi. Vahima ichi-da atrofga alangladi-yu, yigirma qadamcha naridagi chiroqqa ko’zi tushdi. Yong’oq shohiga kattakon lampochka ilib qo’yilgan, uning atrofida parvonalar muttasil aylanardi. Shundagina u yo’lning o’sha tomonida devori chala tiklangan yakkam-dukkam uylar borligini payqadi. Ular qorong’ida qandaydir sirli, vahimali tuyular-di. Nasiba lampochka ostida allakimning sharpasini ko’rdi. Boshiga qiyiqchani chambarak qilib bog’lab olgan, maykachan odam bir qo’lida g’isht qolipni ushlagancha shu tomonga qarab turardi. U bir zum tikilib turdi-da, qichqirib yubordi:

– Nasi!

Nasiba erining tovushini taniy olmadi. Bu tovushda ham hayrat, ham qo’rquvga o’xshash ohang bor edi.

Murodjon qolipni yerga uloqtirgancha shu tomonga yugurdi. O’n qadamcha yugurgandan keyin qattiq hatladi. Nasiba o’rtada ariq borligini endi idrok etdi.

Murodjon yugurib kelib, qo’lini olg’a cho’zdi. Chamasi, Nasibaning yelkasidan quchmoqchi bo’ldi-yu, qo’li loyligi uchun tegmadi. Nasiba erini hech qachon bunaqa ahvolda ko’rmagan edi. Qizil qiyiqcha bilan boshini bog’lab olgan, eski maykali, pochasi qaytarilgan shimi loy, yalang oyoqlarida balchiq qotib qolgan edi.

– Tinchlikmi? – dedi Murodjon uning ko’ziga tikilib. Keyin ancha xotirjam ovozda so’radi: – Kim opkeldi? Islom akami?

Nasiba hamon haykaldek qotib turar, ro’parasidagi mana shu odam, loyga belangan mana shu kishi eri ekaniga – Murodjon akasi ekaniga hecham ishongisi kelmasdi.

Murodjon uning ko’nglida kechayotgan gaplarni payqadi.

– Yuring, – dedi qandaydir sokin ovozda. – Mashina bir soatdan keyin kelsa bitirib qo’yay. Loyim qotib qoladi.

U Nasibani ergashtirib ariq ustiga o’rnatilgan tax-ta «yakka cho’p»dan olib o’tdi. Nasiba shuursiz bir tarz-da yong’oq tagiga keldi. Daraxt shoxiga ilingan lampochka atrofida katta-kichik parvonalar hamon muttasil aylanardi. Maydoncha kaftdek tep-tekis bo’lib ketgan, nariroqda qurigan g’ishtlar devor qilib taxlab qo’yilgan. Qator-qator qilib quyilgan xom g’ishtlar chiroq yorug’ida sovuq yaltirab turardi.

– Oz qoldi. – Murodjon bir chekkada turgan uyumdan kafti bilan qolipga qum sepdi. Keyin usta doirakashlardek qolipni aylantirib-aylantirib to’kdi. Tez-tez yurgancha beriroqdagi gumbazdek loy oldiga keldi. Cho’nqayib o’tirib oldi-da, loydan zuvala yasab, qolipga urdi. Qolipdan otilib chiqqan loy parchalari maykasiga, peshonasiga sachraganiga parvo qilmadi. Ortiqcha loyni sidirib tashladi-da, qolipni dast ko’tardi. Ikki yelkasining bo’yni bilan tutashgan yerida chuqurcha paydo bo’lib, yalang oyoq tovonlari bilan yerni gurs-gurs urgancha yugurgilab bordi-da, qolipni boyagi g’ishtlar safiga eltdi. Paq etgan tovush eshitildi. U qolipni ko’targan edi, G’ishtlar safiga yana to’rttasi qo’shildi.

Nasibaning tili endi kalimaga keldi:

– Tuzuk, bunaqa hunaringiz ham bor ekan.

Murodjon qolipni qumga qorar ekan, shu tomonga qarab jilmayib qo’ydi:

– Yigit kishiga qirq hunar ham oz… – Shunday dedi-yu, yana cho’nqayib, loy zuvala qila boshladi.

Nasiba maydoncha o’rtasida hamon qaqqayib turarkan, birdan hammasini tushundi. U hali erini ko’rgandayoq nimanidir payqaganday bo’lgandi… Endi hammasining tagiga yetdi. Murodjon nima uchun o’zgarib qolganini ham, nega har kuni «navbatchi» bo’lishini, nima uchun yarim kechada burnidan tortsa yiqilgudek bo’lib borishini, hammasini tushundi. Nima uchun Islom aka o’ziga bunday muomala qilganini, nima uchun bu yerga olib kelib, bir og’iz so’z aytmay tashlab ketganini… – Bu bilan nima demoqchi ekanligini – hammasini!

«Mana, kelinposhsha! Eringning ahvolini ko’rib qo’y! Seni deb, sening orzu-havaslaring deb ering shu hunarni qilyapti». Yo’q, Islom aka buni aytgani yo’q. Ammo…

Qandoq uyat! Qandoq sharmandalik! Xo’sh, bo’lmasa nima qilsin? O’g’irlik qilsinmi? Arzimas maosh bilan shoxona to’y qilgan odam nima qilsin?

Orzu-havas emish! Umrida bir marta bo’ladigan to’y emish!

Nasiba boshi g’uvullab borayotganini, ko’ngli behuzur bo’lib ketayotganini his etar, qulog’i ostida hamon qolipning ora-chora yerga paq-paq urilgani eshitilib turardi. Go’yo yer yuzida shundan boshqa sado yo’qdek, shundan boshqa ohang qurib qolgandek.

U oyoqlarini sudragudek bo’lib bordi-da, yong’oqning g’adir-budur tanasiga suyandi. Shunda shamol turdimi yo o’zining shuuri tiniqlashdimi, yong’oq shoxlarining sho-vullashi eshitila boshladi. U ko’zlarini yumdi. Negadir tasavvurida yana o’sha dengiz shovullashi jonlandi. O’sha oydin kecha, o’sha dengiz, o’sha to’lqinlar… Sohilda Murodjon bilan o’tirishibdi.

Nasiba seskanib ko’zini ochdi. Yo’q endi ular dengiz bo’yiga borishmaydi. Oydin kechada sohilda o’tirishmaydi. Mabodo, borishganida ham, beadad dengiz sathida oy nuri yaraqlab turganida ham endi bu boshqa dengiz bo’ladi. Oy ham boshqa bo’ladi. To’lqinlar ham, hatto Murod akasi ham. Endi uning yuragi bir tekis gursillab urib, Nasibani allalamaydi.

Ular ancha narsaga ega bo’lishdi. To’y qilishdi, ota-onasi xohlaganicha, Nasiba istagancha orzu-havas ko’rishdi. Hammasini taomildagidek, «qars-badabang» qilishdi. Hammasini! Qiziq ustida bir narsani unutib qoldirishdi. Quyoshning o’lchovi bo’ladimi! Nurning vazni-chi? Baxtning tarozisi-chi?

Dengiz emish. Oydin kechalar emish?! Ana, loyga qo’shilib qolipga tushyapti. Qancha ko’p tushsa, qarzi shuncha kamayadi!

Nasibaning ko’zlaridan tirqirab yosh chiqib ketdi. U yong’oqning g’adir-budur tanasiga yuzini bosgancha, o’krab yubordi.

Bir mahal Murodjon loyli kafti bilan uning sochini silay boshladi.

– Nasi! Nima bo’ldi sizga, Nasi? – dedi ovozi titrab. Nasiba keskin burildi-yu, erining loy yopishgan, zax anqib turgan yelkasiga boshini tashlagancha, unsiz yig’lar edi.

O‘tkir Hoshimov

Report Page