"Qur'on ilmlari"ni o'qib...
Khurshid Yuldosh
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning bu kitobini qo‘limga olib o‘qiy boshlaganimda to‘g‘risi undan Qurʼon haqidagi bilimlarimni yanada boyitishni ko‘zlagan edim. Biroq kitobning o‘rtasiga kelganimda muallifning baʼzi mulohazalariga nisbatan menda eʼtirozlar tug‘ila boshladi. Bu eʼtirozlar asosan ayrim tafsilotlarning chalkashligi, mulohazalardagi qarama-qarshilik yuzasidan edi. Ulardan baʼzilarini qoralab qo‘ygan ekanman. O‘quvchilar bilan bo‘lishish istadim.
1. “Qurʼonni Muhammad alayhissalomning o‘zi to‘qib olgan” degan daʼvoga qarshi muallif quyidagicha raddiya beradi:
“Nuh alayhissalom va u kishining qavmlari allaqachon o‘tib ketgan. Ularning habarini Muhammad alayhissalom ham, u kishining qavmlari – Arabiston aholisi ham bilmas edilar” (86-bet).
“Qurʼon nozil bo‘lguniga qadar Rosululloh sollollohu alayhi vasallam Muso alayhissalom va qavmlari haqida hech narsa bilmaganlaridan, bu to‘g‘rida bir og‘iz ham gapirmagan edilar” (87-bet).
Arabiston yarim orolida o‘sha vaqtlari xristian va yaxudiy jamoalari yashagan. Ularning diniy kitoblarida bu haqda yozilgan. O‘zlari ham har yerda aytib yurgan bo‘lishlariga shubha yo‘q. Arablar Eron va Shom bilan yaqin savdo aloqalariga ega bo‘lgan. Shunday ekan Arabiston aholisi bu haqda hech narsani bilmas edi deb bo‘ladimi? Buni qanday asoslash mumkin. Muhammad alayhissalom “bu to‘g‘rida bir og‘iz ham gapirmagan edilar” degan gap yetarli asos emas. Odam bilgan narsasini gapirmasligi ham mumkin.
2. Darvin insonning maymundan paydo bo‘lganini ko‘rganmi? Yo‘q. Demak u o‘z hayolida nazariya to‘qib chiqargan. (248-bet) Yaʼni, Darvin bu jarayonning guvohi bo‘lmagan, o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagan, demak uning nazariyasi ham yolg‘on. Muallif shu orqali Darvinni go‘yo inkor qiladi. Boshqa o‘rinda esa Qurʼon ilmiy kashfiyotlarga muvofiqligini asoslash uchun mana buni keltiradi:
“Astronom olim Jeyms Jins aytadi: Borliq yaratilishidan avval undagi moddalar gazdan iborat bo‘lgan va shu gazlarning o‘zaro birikishi natijasida sayyoralar kelib chiqqan” (202-bet).
Qiziq, Jeyms Jins bu jarayonni o‘z ko‘zi ko‘rganmikan? Muallif bu o‘rinda noxolislik qilayotgandek ko‘rinadi. Yaʼni ilmiy faktlar diniy eʼtiqod nuqtai nazaridan saralanmoqda. Agarda Qurʼonda odam maymundan kelib chiqqan deyilganda, muallif darvinizmni ham Qurʼonning ilohiyligiga dalil qilib keltirarmidi?
3. Qurʼonning xalifa Usmon zamonida jamlanishi borasida gap ketar ekan, xalifa “ixtilof chiqmasin” (254-bet) deya boshqa mus'haflarni yoqib yuborishga buyruq bergani aytiladi. Xalifaning maqsadi haqiqiy Qurʼonni saqlab qolish bo‘lganmi yoki siyosiy barqarorlikni taʼminlash? So‘ng muallif Usmon mus'haflari Abu Bakr zamonida jamlangan mus'hafdan nusxa ko‘chirish bo‘lgani, tahrir qilish bo‘lmaganini gapira turib (248-bet),
“Hafsa onamiz roziyallohu anho vafot etganlaridan keyin Marvon ibn Hakam ularni (Abu Bakr mus'hafini) olib, yoqib yuborgan va: “Bularda bor narsa yozilib saqlangan. Zamon o‘tib, baʼzi birlar bundan fitna chiqarmasin, dedim”, degan” (251-bet)
deb yozadi. Agar shunchaki nusxa ko‘chirish bo‘lgan bo‘lsa, nega endi fitna chiqishidan qo‘rqishgan. Faqatgina har ikki mus'haf o‘rtasida farq bo‘lsagina, fitna chiqishi mumkin. Bunga qo‘shimcha o‘sha vaqtda katta sahobalardan Qurʼonni to‘liq yod bilgan Abdulloh ibn Masʼudning ham o‘z mus'hafi bo‘lgani, u xalifa Usmonning boshqa mushaflarni kuydirib tashlash haqdagi buyrug‘iga eʼtiroz bildirib qarshilik ko‘rsatgani yoziladi. Nega u qarshilik ko‘rsatgan. Uning eʼtirozlarining boisi nima? Bu bilan Ibn Masʼud rasman qabul qilingan mushaflardagi qaysidir jihatlarga qo‘shilmagani ko‘rinib qolgan. Muallif bu muammoli vaziyatdan shunday chiqib ketadi:
“Alloh taolo u kishini Usmon roziyallohu anhuning fikriga qaytishiga ilhomlantirdi” (253-bet).
Usmon mus'hafi erkin bahslar asosida emas, maʼmuriy yo‘l bilan, xalifaning shaxsan aralashuvi, bosim o‘tkazishi va rasman tasdiqlashi orqali bo‘lgani sezilib turibdi. Kitob muallifi bergan izohlar esa yetarli bo‘lmagan.
4. Qurʼonning o‘qilishi oson bo‘lishi uchun yetti harfda nozil bo‘lgani haqida gap ketganda, shunday jumlalar ketadi:
Alloh ”Ommani o‘zlari uchun oson va yengil bo‘lgan joriy tildan boshqa lahjada nutq qilishga majburlamadi” (296-bet).
Lekin forsu turkchi? Ular ham majburlanmaganmi? Arablarning Qurʼonni o‘qishi haqida shunchalik yengillik berilgan ekan, nega boshqa xalqlarga bu berilmaydi? Qurʼon arabu ajamga mutlaq yuborilmaganmi?
5. Qurʼonning sunnat bilan nasx qilinishi borasida gap ketganda yana chalkashlikka yo‘l qo‘yilgan.
“Bir emas, bir qancha hadis bo‘lsa ham, Qurʼonning kuchiga ega bo‘la olmaydi” (336-bet).
“Qurʼoni Karim hamma tarafdan Sunnatga nisbatan yuqori turishi borasida hech kim xilof qilmagan va qilmaydi ham” (331-bet).
Yaʼni hadis, u mutavotir bo‘lsa ham Qurʼondan quyida turadi. Endi bunisiga qarang:
“Qurʼoni Karim ham, Sunnat ham vahiydir va ularning biri ikkinchisini, kuchlisi o‘zidan kuchsizrog‘ini nasx qilishi mumkinligi hammaga ayon” (331-bet).
So'ng Qurʼonning Sunnat bilan nasx bo‘lganiga misollar ketadi. Bu holatni qanday izohlash mumkin?
6. Qurʼonning lafziy nasx bo‘lishi, yaʼni qaysidir oyatlar nozil bo‘lgan-u, lekin keyinchalik mushafga kirmay qolgan bo‘lishi mumkinligini muallif rad qiladi. Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilgan sahih hadislardan birida Umar ibn Xattobning oilali zinokorlarni toshburon qilish to‘g‘risida oyat (rajm oyati) nozil bo‘lgani haqidagi gaplari keltiriladi. (335-bet). Lekin bu oyat Qurʼonda yo‘q. Umar ibn Xattob nega oyat nozil bo‘ldi deyapti? Qayerda o‘sha oyat. Kamiga bu habar eng ishonchli manbalarda kelmoqda. Buxoriydan boshqa yuqoridagilarning barchasi rivoyat qilgan yana bir hadisda “xarom qiluvchi maʼlum o‘nta emizish” borligi borasida oyat nozil qilingani haqida gapiriladi (333-bet). Ammo bu oyat ham mavjud mushafda yo‘q. Muallif bu muammoli holatdan chiqib keta olmay, taxminiy gaplarga tayanib masalani hal qilmoqchi bo‘ladi. Sahobalar
“mazkur iboralar ortida turgan maʼnolarni o‘zlarigina biladilar. Bu maʼnolarni ularning tilini bilgan, ammo jamiyat aʼzolari orasidagi sirlardan xabardor bo‘lmaganlar anglay olmaydilar” (334-bet).
Yaʼni rivoyatlar sahih bo‘lsa-da, biz ularning maʼnolarini tushunmaymiz. Qurʼonni tafsir qilganlar hadisni sharhlay olmayapti. (!) Yuqorida aytilganidek bir necha mus'haflarning bo‘lgani, Usmon mus'hafidan boshqasi yoqib yuborilganini nazarda tutsak, joriy mus'hafdan baʼzi oyatlar tushib qolgan bo‘lishi mumkinligi ehtimoli ortadi. Muallif esa buni tan olgisi kelmaydi. Baqara surasi 106-oyatida “oyatlardan birontasini nasx qilsak yoki UNUTTIRSAK, undan yaxshisini yoki unga o‘xshashini keltirurmiz”, deyiladi. Bu oyat baʼzi oyatlar unuttirilgan bo‘lishi ehtimoliga ishora qiladi. Xijr surasi 9-oyatda esa “Albatta, Zikrni biz nozil qildik va albatta, unga biz muhofazachimiz”, deyiladi. Bunisi esa har bir oyat to‘liq saqlanishi kafolatlanganini bayon qiladi. Bu ikki oyatni qanday kelishtirsa bo‘ladi? Muallif esa birorta ham oyat tushib qolmagan demoqda. Bir necha mus'haf yoqilgan. Muallif esa sahobalar maʼnosini hech kim tushunmaydigan tilda so‘zlashishgan bo‘lsa kerak deb tahmin qilayapti, xolos.
7. Muallif bir necha o‘rinda Qurʼon jumlalarining birdan ortiq maʼnoga dalolat qilishini uning muʼjizasi deb ataydi. (361-bet) Boshqa tillarda bir nechta maʼnoni bildiruvchi so‘zlar yo‘qmi? Navoiy g‘azallarining har bir misrasidan bir qancha maʼnoni chiqarish mumkin. Xo‘sh, u ham ilohiy mo‘ʼjizami?
8. Baʼzi suralar boshida keluvchi “kesik harflar” haqidagi bobni o‘qib mana bunga ko‘zim tushdi: Sahobalar
“bu harflardan murod nimaligini yaxshi bilganlar, shuning uchun ham bir-birlaridan so‘ramaganlar va rivoyat qilmaganlar” (379-bet).
Keyingi betda mana bu rivoyat beriladi:
“Abu Bakr roziyallohu anhu: “Har bir kitobda Allohning siri bordir. U Zotning Qurʼondagi siri suralarning avvalidagi harflardir”” (380-bet).
Demak, Abu Bakr bu haqda bilmagan. Muallifning sahobalar ularni yaxshi bilgani haqidagi gapi o‘rinsiz bo‘lib qolmoqda.
9. Salaflar davrida, yaʼni hijriy ilk uch asrda “turli ixtiloflar, firqalar, falsafalar bo‘lmagan, bo‘lsa ham, kuchsiz va taʼsirsiz bo‘lgan”ligi (384-bet), salaflar “turli fitnalarga duchor bo‘lmagani” (385-bet) taʼkidlangan. Xalifa Usmon va Ali qanday o‘ldirilgan edi? Kimlar ularni o‘ldirdi? Shia, xavorij, mo‘ʼtazila kabi toifalar qachon paydo bo‘lgan? Ularning to‘qnashuvlari avjiga chiqqan pallalar qachon edi? Nahotki muallif ochiq ko‘rinib turgan narsani ko‘rmayapti yoki ko‘rsa ham ko‘rmaganlikka olayapti!
10. Qurʼoni karim tafsiri bilan shug‘ullanuvchi kishiga qo‘yiladigan talablar qatorida “tarafkashlik dardiga chalingan bo‘lmaslik” (455-bet) ham bor ekan. Bu yaxshi talab, albatta. Lekin boshqa talab ham bor. Ahli sunna va jamoa mazhabidan og‘maslik, qadariya, mo‘tazila kabi toifalarga mansublar tafsirini qabul qilmaslik. Bu yerda yana tarafkashlik ko‘zga tashlanayapti. Ahli sunna vs. qadariya va mo‘ʼtazila. Az-Zamaxshariydek buyuk vatandoshimiz mo‘ʼtazila bo‘lgani uchun tafsir bilan shug‘ullanmasligi kerakmidi? Mo‘ʼtaziliylar tafsirlaridan foydalanmaslik shartini ilgari surgan muallif kitobning “Tafsir va mufassirlar” bobida Zamaxshariyning “Kashshof”i ko‘pgina mufassirlar foydalangan muhim tafsirlardan bo‘lgani va tafsir ilmida muhim o‘rin tutishini taʼkidlaydi. Bu bilan o‘zi shart deb qo‘ygan narsaga ko‘pda amal qilinmaganini ochib qo‘ygan.
Men yuqorida bir qism chalkashliklarnigina keltirdim. Agar mazkur asarga baho bersak, unda muammoli vaziyatlardan chiqib ketish uchun muallif asosan taxminlarga suyangani, “buni biz bilmaymiz”, “maʼnosi Allohga ayon” kabi gaplar yordamida qutulib qolgani ko‘p uchraydi. Vaholanki muallif o‘z muholiflarini tahminga tayanib xulosa chiqarganlikda ayblaydi-yu, o‘zi ham goh-goh shunday qilib turadi. “Quyosh galaktikasi” (200-bet) degan iborani men shu kitobda o‘qidim. “Quyosh galaktikasi” degan galaktika borligi haqida hech joydan maʼlumot topolmadim.
G‘arb sharqshunoslarining fikrlari tanqid qilinganda ham ularning kitoblaridan manbani aniq ko‘rsatgan holda iqtibos keltirilmaydi. O‘sha sharqshunoslar nimaga asoslanib u yoki bu fikrni aytgani ochiq ko‘rsatilmagan. Shunchaki ular chiqargan xulosalargina aytib ketilgan. Ularga eʼtiroz bildirilgan, ularning noxolisligi, islomga dushmanligi, kaltafahmligi aytilgan, vassalom. Opponentning shaxsi xurmat qilinishi, faqat fikrlargina tanqid qilinishi ilmiy baxs odobi ekanini yodda tutsak, bu juda yomon. Islom ulamolarining muholif fikrdagilarni “kalta fahmlar, xasta nazarlar, jinni kallalar” (392-bet) deb atashi boisini tushunib bo‘lmaydi.
05.07.2014