Qozog‘istonning Turkiston shahrida Markaziy Osiyo davlatlari energetiklarining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Qozog‘istonning Turkiston shahrida Markaziy Osiyo davlatlari energetiklarining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi


Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston Respublikalari va Rossiya Federatsiyasi energetika tizimlari rahbarlari ishtirok etishdi. Muhokamalarning bosh mavzusi — Markaziy Osiyo davlatlari elektr tarmoqlarini rivojlantirish masalalari bo‘ldi.

Tadbir mezboni Qozog‘iston Respublikasining “KEGOC” kompaniyasi. Mintaqadagi magistral elektr tarmoqlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va O‘zbekiston Energetika vazirligi huzuridagi “Milliy dispetcherlik markazi” davlat unitar korxonasi vakillari hamda bosh ofisi Toshkentda joylashgan “Energiya” muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi xalqaro tashkilotining mutaxassislari ham ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda energetiklar mintaqa elektr energetika taʼminoti tizimida mavjud muammolar va ularning yechimi, yakunlanayotgan 2023/2024-yil kuz-qish mavsumidagi ishchi holatlar, 2024-yil vegetatsiya (melioratsiya) davrida gidroinshootlar orqali suv resurslarni oqilona boshqarish, 2024-yil yoz mavzumiga tayyorgarlik, bundan tashqari, 2024/2025-yil kuz-qish mavsumigacha mintaqa elektr energetika tizimida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan istiqbolli rejalar hamda muhim kelishuvlarga erishildi.

Yig‘ilishda, shuningdek, xalqaro va milliy dispetcherlik markazlarining ish faoliyatini raqamlashtirish, kaskadli o‘chishlarning oldini olish hamda o‘zaro hamkorlik masalalari xususida so‘z yuritildi. Ishtirokchilar energetika sohasida olib borilayotgan islohotlar va sohani raqamlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

Tadbir doirasida “KEGOC” kompaniyasi rahbari “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi D.Isaqulovni Qozog‘iston elektr energetika assotsiatsiyasining “Xizmat ko‘rsatgan energetik” ko‘krak nishoni bilan taqdirladi.

Report Page