Qozog‘istonda “Slovo patsana” seriali taqiqlanishi mumkin

Qozog‘istonda “Slovo patsana” seriali taqiqlanishi mumkin



Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligining maʼmuriy politsiya qo‘mitasi Rossiyaning shov-shuvli “Slovo patsana. Krov na asfalte” (“Yigit so‘zi. Asfaltdagi qon”) serialini tekshirishni so‘raganini maʼlum qildi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.

Foto: Serialdan kadr


Jurnalistlar Ichki ishlar vazirligiga rus seriallari qozog‘istonlik yoshlar uchun zararlimi va uni ko‘rish mamlakatda taqiqlanishi mumkinmi, degan savol bilan murojaat qildi.

Qo‘mita maʼlumotlariga ko‘ra, ular Madaniyat va axborot vazirligiga ushbu serialning noqonuniyligini tahlil qilish talabi bilan xat jo‘natgan. Agar departament buni shunday deb hisoblasa, Qozog‘istonda “Yigit so‘zi. Asfaltdagi qon” taqiqlanishi mumkin.

“Bizda Madaniyat va axborot vazirligi bor, ular onlayn-platformalarni monitoring qilish bo‘yicha vakolatli organdir. Qonunga muvofiq, konstitutsiyaviy tuzumni zo‘ravonlik bilan o‘zgartirishga chaqirish, propaganda, mamlakat yaxlitligiga tajovuz qilish, davlat xavfsizligiga putur yetkazish, urushni targ‘ib qilish, ijtimoiy, irqiy, milliy, diniy, sinfiy ustunlik, shafqatsizlik va zo‘ravonlik madaniyati, suitsid, pornografiya, giyohvandlik va hokazolarni targ‘ib qilish noqonuniy kontentga kiradi. Agar ular serialni noqonuniy kontent deb hisoblasa, tegishli choralar ko‘riladi”, — dedi IIV Maʼmuriy politsiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Renat Zulxairov.

Ichki ishlar vazirligi Ma’muriy politsiya qo‘mitasi raisi Kaysar Sultonboyev zamonaviy mavzuda yoshlar uchun qiziqarli seriallar suratga olinsa, zo‘ravonlik, qotillik, bezorilik, o‘z joniga qasd qilish holatlari bo‘lmasligi kerakligini aytdi.


“Xulosa qilib aytganda, ayrim filmlarni yoshlarga sal boshqacharoq tarbiya berish uchun zo‘ravonlik sahnalarisiz suratga olish kerak. Shu munosabat bilan, salbiy mazmundagi seriallar yuzasidan vazir nomidan barcha hududiy boshqarmalar Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda o‘quvchilar va talabalar bilan kriminal mafkura faqat yo o‘limga, yo qamoqqa olib keladi, degan mavzuda tegishli ma’ruzalar o‘tkazmoqda”, — dedi Kaysar Sultonboyev.



Report Page