Qo‘ziqorin yetishtirib o‘z daromadiga ega bo‘layotgan tadbirkor ayol

Qo‘ziqorin yetishtirib o‘z daromadiga ega bo‘layotgan tadbirkor ayol

 

Xalqimiz "Intilganga tole yor!" deb bejiz aytmagan. So‘ngi yillarda Buxoro tumanida o‘z biznesini boshlab uni rivojlantirib borayotgan tadbirkor ayollar safi tobora kengayib bormoqda. Ana shunday ishchan, serg‘ayrat va yangilikka intiluvchi tadbirkor ayollarimizdan biri Shaxnoza Fayzullayevadir.

Tumanimizning “Shexoncha” mahalla fuqarolar yig'inida istiqomad qiluvchi Shaxnoza Fayzullayeva o‘tgan 2023-yildan buyon qo‘ziqorin yetishtirib, yaxshigina daromad olmoqda. Parvarish ham murakkab emas oddiy.

- Dastlab, qo‘ziqorin yetishtirishni ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘rib, qiziqib o‘z xonadonimizda yetishtirishni boshladik, - deydi Shaxnoza Fayzullayeva. - Birinchi o‘rinda qo‘ziqorin yetishtirishda haroratga e'tibor berish kerak. Asosan qo'ziqorin ichkarida qorong‘u joyda parvarish qilinadi. Qo‘ziqorin urug‘ni ekkaningizdan so‘ng 28 kunda unib chiqib, tayyor bo‘ladi.

Uning ta’kidlashicha qo‘ziqorin yetishtirish uchun tozalik va ozodalik birinchi o‘rinda turadi.

"Qo‘ziqorinlar yetishib chiqishi uchun avvalo tozalik, toza havo va 23 darajadagi issiqlik kerak bo‘ladi. Mehnati og‘ir emas. Inson o‘zini qanday parvarish qilsa, bularga ham xuddi shunday parvarish berilsa bo‘ldi. O‘zidan o‘zi ko‘payib ketaveradi", — deya ta’kidlaydi Shaxnoza Fayzullayeva.

Olimlarning takidlashicha qo‘ziqorinning foydali xususiyatlari juda ham ko‘p. Jumladan, qo‘ziqorin immunitetni mustahkamlashga, aqliy qobiliyati rivojlanishiga, hamda qalqonsimon bezning normal faoliyatiga yordamlashadi. Qo‘ziqorinlar inson organizmini har xil kasalliklardan himoya qiladi. Chunki ularning tarkibidagi PP vitamini bor. Radioaktiv moddalarni to‘plamaydi, aksincha ularni organizmdan chiqaradi. Ulardan saraton va boshqa kasalliklarni davolashda ham foydalaniladi.

Tadbirkor qayd etganidek, qo‘ziqorinni ekish usuli ham oson ham sodda bo‘lib, ekish uchun kuz va bahor fasli qulay hisoblanadi. Labaratoriyadan o‘tgan sifatli urug‘ tanlansa hosil ham shunga yarasha bo‘ladi. Joriy yilda Shaxnoza 500 dan ortiq maxsus qopchada qo‘ziqorin yetishtirdi. Mehnatga yarasha daromad ham yaxshigina. Qoziqorinning har bir kilogrami 30 mingdan sotilmoqda. Uning takidlashicha har oylik daromadi 10 million so'mdan kam emas.

Hozirda 5 nafar xotin-qizlarni ish bilan ta’minlangan tadbirkorimiz Shaxnoza Fayzullayeva kulgusida faoliyatini yanada kengaytirib, 30 nafar xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash niyatida.


Buxoro tumani hokimligi axborot xizmati

Report Page