Qo’shnichilik odoblari
“Ijtimoiy odoblar” kitobidan
“Qo’shni” deganda uyi-maskani, bog’i yoki do’koni yaqin kishilar ko’zda tutiladi.
Islomda ijtimoiy aloqalar haqida so’z ketganda, qo’shnichilik aloqalariga kata ahamiyat beriladi.
Alloh taolo Niso surasida marhamat qiladi:
«Ota-onaga, yaqin qarindoshga, yetimlarga, miskinlarga, yaqin qo’shniga, yon qo’shniga, yondagi sohibga, yo’qsil yo’lchiga va qo’lingizda mulk bo’lganlarga yaxshilik qilinglar» (36-oyat).
Inson bolasi o’z kundalik hayotida, istaydimi-istamaydimi, doimiy ravishda aloqada bo’lib turadigan toifalardan biri qo’shnilardir. Kishi hayotining osoyishtaligi, baxti, quvonchi ko’pincha qo’shni ila kechadigan aloqalariga ham bog’liq bo’ladi.
Agar Alloh taolo bandaga yaxshi qo’shni ato qilsa, ko’pgina xayr-yaxshiliklarga sabab bo’ladi. Aksincha, yomon qo’shnidan turli yomonliklar kutilishining o’zi turmush halovati va osoyishtaligini ketkazadi.
Abu Shurayh Xuzo’iydan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo’lsa, qo’shnisiga yaxshilik qilsin», dedilar”.
Buxoriy “Abadul-mufrad”da rivoyat qilgan.
Qo’shniga yaxshilik qilish Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirgan kishining sifati, belgisi, alomati ekan. Kim Allohga iymon keltirgan bo’lsa, qiyomat kunidan umidvor bo’lsa, qo’shnisiga yaxxshilik qilishi lozim ekan.
Qo’shnilar uch toifadan iborat: musulmon qarindosh qo’shni, musulmon qarindoshmas qo’shni va musulmonmas qo’shni. Musulmon qarindosh qo’shnining musulmonlik, qarindoshlik va qo’shnilik haqqi bo’ladi. Musulmon qo’shnining musulmonlik va qo’shnilik haqqi bo’ladi. Musulmonmas qo’shnining faqat qo’shnilik haqqi bo’ladi.
Yaxudiymi, nasroniymi, majusiymi, kim bo’lishidan qat’iy nazar, qo’shniga yaxshilik qilish kerak. Chunki qo’shnining haqqi shariatda juda qattiq tayinlangandir.
Yaxshi qo’shni inson saodati omillaridan biri ekanini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o’z hadisi shariflarida barilla e’lon qilganlar.
Nofe ibn Abdulhorisdan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Keng maskan, solih qo’shni va yaxshi Markab musulmon kishining saodatidandir», dedilar”.
Buxoriy “Abadul-mufrad”da rivoyat qilgan.
Qo’shnining haqlari:
- Qo’shnining shuf’a haqqi bordir.
“Shuf’a” lug’atda “qo’shish” va “juftlash” ma’nosini anglatadi. Shariatda esa eski sherikka sheriklik narsani sotib olish imtiyozi majburan berilishini anglatadi. Ana shu haq qo’shniga ham beriladi. Ya’ni uyini sotmoqchi bo’lgan odam avval bu haqda qo’shnisini xabardor qiladi. Qo’shnisi sotib olmasa, keyin boshqalarda sotishga o’tadi.
- Kishi o’z qo’shnisi devoriga yog’och, to’sin o’rnatishga haqli.
Devor egasi uni bundan qaytara olmaydi.
Qo’shnining muomala odoblari:
- Qo’shniga yaxshilik qilish uni ko’rganda salom berish va holini so’rashdan boshlanadi.
- Qo’shniga yaxshilik qilish uning hojati tushgan ishlarida yordam berish va undan yomonliklarni daf qilish bilan bo’ladi.
- Qo’shniga zinhor ozor berilmaydi, unga faqat yaxshilik qilinadi.
- Qo’shniga ochiq yuzli va shirinso’z bo’lish, taom berish kabi ishlar bilan ikrom ko’rsatiladi.
Qo’shnichilikning umumiy odoblari:
1. Yaxshi qo’shnichilik alomatlaridan biri muhtoj bo’lganida, unga qarz berishdir. Bu ham qo’shnining hojatini chiqarish, ham uning ishonchini qozonishga xizmat qiladi.
2. Yaxshi qo’shnichilik alomatlaridan biri bemor bo’lsa, uni borib ko’rishdir.
3. Yaxshi qo’shnichilik alomatlaridan yana biri uning ta’ziyasida ishtirok etishdir.
4. Yaxshi qo’shnichilik alomatlaridan yana biri xursandchiligini tabriklashdir.
5. Yaxshi qo’shnichilik alomatlaridan yana biri u tarafdagi devorni baland qilib yubormaslik.
6. Qo’shniga yaxshilik qilish uning xato va kamchiliklarini kechirish bilan ham bo’ladi.
7. Qo’shniga yaxshilik qilish uning farzandlariga lutf ko’rsatish, yaxshilik va nasihat qilish hamda mehribon bo’lish bilan ham yuzaga chiqadi.
8. Qo’shniga yaxshilik qilish uning mahramlaridan, ahli ayolidan, kelin-qizlaridan ko’zni tiyish bilan ham bo’ladi.
9. Qo’shniga yaxshilik qilish uning sirlarini poylamaslik va oshkor qilmaslikdir.
10. Qo’shniga yaxshilik qilish uning yo’qligida uyi, hovli-haramini muhofaza qilish bilan bo’ladi.
11. Qo’shniga yaxshilik qilish uni turli baland ovozlar – baqir-chaqir, radio-televizor shovqini, taqir-tuqir kabilar bilan bezovta qilmaslik bilan ham bo’ladi.
12. Qo’shniga yaxshilik qilish uning yo’lini toraytirmaslik, yo’liga axlat tashlamaslik, bulg’atmaslik bilan ham bo’ladi.
13. Qo’shniga yaxshilik qilish uning chegarsiga tajovuz qilmaslik bilan ham bo’ladi.
14. Qo’shniga yaxshilik qilish u tomonga quyosh yoki havoni to’sadigan, uning hovli-joyiga nazar tushmaydigan darajada imorat qurmaslik bilan ham bo’ladi.
15. Qo’shniga yaxshilik qilish unga kerakli nasihatni qilish, bilmagan narsasini o’rgatish bilan ham yuzaga chiqadi.
16. Qo’shniga yaxshilik qilish undan sodir etiladigan ozorlar, beodobliklar va jafolarga sabr qilish bilan ham bo’ladi.
17. Qo’shniga yaxshilik qilish unga shaxsan yoki moliyaviy yordam berish bilan bo’ladi.
18. Qo’shniga yaxshilik qilish unga taom va mevalar hadya qilish bilan bo’ladi.
19. Qo’shniga yaxshilik qilish hojati tushganda unga yordam berish bilan bo’ladi.
“Ijtimoiy odoblar” kitobidan (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf)
Yuksalish kanaliga ulanish (@FikrMulohaza):
https://t.me/joinchat/AAAAAFbNPzP4xl6eVuxv1A