Qonunchilik palatasi deputati qonunni buzishga targ‘ib qilsa, jamiyat kimga ergashadi? Qonunlarga tanlab-tanlab rioya qilinmaydi!

Qonunchilik palatasi deputati qonunni buzishga targ‘ib qilsa, jamiyat kimga ergashadi? Qonunlarga tanlab-tanlab rioya qilinmaydi!

@adliyangiliklari

Har qanday jamiyatda qonunlarga hurmat, o‘rnatilgan tartiblarga qat’iy rioya qilish – bu rivojlanishning eng muhim omilidir.

Biz yo hamma tan oladigan va bajarishi majburiy bo‘lgan qonun va qoidalar asosida yashaymiz, yoki har kim o‘z bilganicha, o‘z o‘lchovi bilan belgilab olgan qoidalari bilan yashaydi.

Ming yillar davomida shakllangan sivilizasiyalar qonun ustuvorligisiz yashab va rivojlanib bo‘lmasligini allaqachon tushunib yetgan. Shuning uchun jamiyatlar barchaga majburiy, qulaymi yoki noqulay – qat’iy nazar, umumjamiyat uchun o‘rnatilgan qonun-qoidalar asosida boshqarilib, rivojlanib kelgan.

Bu oddiy, isbot talab qilmaydigan gaplarni XXI asrga kelib yana takrorlash ortiqcha, albatta.

Lekin shunday holat yuz berdi va bu aksiomani Adliya vazirligi takror-takror eslatishga majburdir.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videotasvirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati R.Kusherbayev Yangiyo‘l shahrida bir soat davomida valyuta ayirboshlash shaxobchasini izlagani, biroq ularning barchasi yopiqligi sabab 50 AQSH dollarini “qora bozorda” almashtirishga majbur bo‘lganligini, bu harakati bilan O‘zbekiston Respublikasi qonun va tartiblarini buzganligini hamda o‘z harakati uchun javobgar bo‘lishga tayyor ekanligini namoyishkorona ma’lum qildi.

Xabarda ko‘tarilgan muammo hayotimizda uchrayotganligini inkor etmagan holda, uning aynan huquqiy tomoniga alohida e’tibor qilinishi kerak.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan 2017 yilning 5 sentyabridan boshlab jismoniy shaxslar chet el valyutasini tijorat banklari orqali erkin sotishi va sotib olishi hamda sotib olingan mablag‘larni hech qanday cheklovlarsiz tasarruf etishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

“Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasi talablariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida rezidentlar va norezidentlar tomonidan chet el valyutasini sotib olish hamda sotish faqat O‘zbekiston Respublikasi banklari orqali amalga oshiriladi.

Vaholanki, valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazganlik uchun esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 170-moddasida javobgarlik belgilangan.

Albatta R.Kusherbayevning yuqoridagi xatti-harakatiga uning deputatlik maqomini e’tiborga olib, faqat tegishli vakolatli organ huquqiy baho berishga haqli va bu jarayon amalga oshmaguncha hech kim uni qonunbuzar deb e’tirof etish mumkin emas.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda qonun chiqaruvchi oliy organning vakili tomonidan amalda va o‘z kuchida bo‘lgan O‘zbekiston qonunlarini buzishga qaratilgan namoyishkorona harakatlarni Adliya vazirligi quyidagilarga asosan qattiq qoralaydi.

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi hududida belgilangan yuqoridagi qoidalar va qonun talablari kimgadir qulayligi yoki qulay emasligi, yoqishi yoki yoqmasligi, uning fikridan, qarashlaridan va ijtimoiy maqomidan yoxud haftaning qaysi kuni ekanligidan qat’i nazar bajarilishi majburiydir.

O‘zbekistonda huquqiy ong va madaniyat, qonun ustuvorligini ta’minlash va huquqiy davlat qurish bo‘yicha jamiyat birlashib, shu maqsadlar sari intilib yashab kelmoqda.

Albatta mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlashda hali qator muammolar mavjud va bu borada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Buni har kungi hayotimizda, jamiyat vakillari fikrlarida, xalqaro kuzatuvchilar va tashkilotlar reytinglarida ham ko‘rib turibmiz. Shunday ekan, ushbu muammolarni yechish va qonuniylikni ta’minlash ustida bosh qotirish kerakmi yoki teskarisini targ‘ib qilish kerakmi, degan haqli savol tug‘iladi.

Ikkinchidan, jamiyatni qiynayotgan, o‘z yechimini kutayotgan muammo va kamchiliklar ochiq va shaffof barcha darajada muhokama qilinib, yechimlar o‘rtaga tashlanmoqda. Bunda aholining barcha qatlamlari, deputatlar, senatorlar va mutaxassislar o‘z fikrlarini erkin bayon etmoqda.

Lekin deputat R.Kusherbayev tomonidan qonun bilan javobgarlik belgilab qo‘yilgan huquqbuzarlikni bila turib sodir etib, bu xatti-harakatini keng ommaga namoyishkorona ma’lum qilinishi jamiyatni qonun ustuvorligi tomon emas, teskari tomonga chorladi, noqulay paytda qonunlarni buzish mumkin, yoqmaydigan talablarga ko‘z yumsa bo‘ladi, javobgarlikdan qo‘rqmayman degan eng noto‘g‘ri va asossiz signalni jamiyatimizga yubordi.

Ayniqsa, bu harakatlar, qonun qabul qiladigan eng oliy organ vakili tomonidan, o‘zi qabul qiladigan qonunlarga rioya etilishini targ‘ib qilishi kerak bo‘lgan mas’ul inson tomonidan sodir etilgani eng achinarli holatdir.

Kelajakda hurmatli deputat qonun ustuvorligini boshqalardan talab qilganda, o‘zining ushbu harakatlarini jamiyat a’zolari unga eslatishlari aniq.

Uchinchidan, Qonunchilik palatasi deputati sifatida R.Kusherbayev o‘z vakolatlari doirasida masalani tizimli hal qilish maqsadida tegishli so‘rov bilan mutasaddi idoralarga murojaat etishi, qonunlarga o‘zgartirish bo‘yicha tashabbus bilan chiqishi ham mumkin edi (valyuta sohasidagi qonunlarga).

Afsuski, R.Kusherbayevning shaxsiy o‘rnak sifatida qonunlarni buzish orqali muammoni hal etish va bunday huquqbuzarlikni ma’nan yoqlash usulini tanlagani, shu orqali huquqiy nigilizmni targ‘ib qilishga olib kelayotganligini oqlab bo‘lmaydi.

To‘rtinchidan, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasiga asosan deputat o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi, ...qonunlariga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi. Mazkur qonunning 11-moddasiga asosan deputat odob qoidalariga qat’iy rioya etishi lozimligi, deputatning o‘z maqomidan jamiyat va davlatning qonuniy manfaatlariga ziyon yetkazadigan tarzda foydalanishiga yo‘l qo‘yilmasligi nazarda tutilgan.

Hurmatli vatandoshlar! Qonun ustuvorligi ta’minlanmaydigan davlatda yoki har kim o‘z qoidasi bilan yashayman deydigan jamiyatda kelajak haqida gapirishga o‘rin qolmaydi. Yuqorida qayd etilganidek, ushbu masalalarda O‘zbekistonda ham yechilishi kerak bo‘lgan muammolar bor. Bularni birgalikda yechishimiz lozim.

Barcha soha mutaxassislari, mas’ullar jamiyatimizda qonunlar asosida yashash qadriyatlarini targ‘ib qilishi kerak, aksincha emas!

P.S. “Hamkorbank” ATB Yangiyo‘l filiali tomonidan bildirilgan munosabatga ko‘ra, bank binosida joylashgan valyuta ayirboshlash shaxobchasi shanba kunlari xorijiy valyutani sotib olish xizmatini ko‘rsatar ekan.

Adliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Report Page