Qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tartibi yanada takomillashtirildi

Qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tartibi yanada takomillashtirildi

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo ‘limi

2021 yil 17-noyabr kuni Adliya vazirligi tomonidan AOKA anjumanlar zalida qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tartibini takomillashtirishga oid O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Matbuot anjumanida Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi, Sog’liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda boshqa vazirlik va idoralar, matbuot vakillari va tashabbuskor fuqarolar ishtirok etishdi.

Anjumanda korrupsiyaning oldini olish va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etish imkoniyatini yaratadigan omillarni bartaraf etish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan qurilish, sog‘liqni saqlash, oliy ta’lim va davlat xaridlari sohalariga oid amaldagi qonunchilik hujjatlari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilganligi ma’lum qilindi. Korrupsiyaga qarshi ekspertiza natijalari bo‘yicha yuqoridagi sohalarni tartibga soluvchi 226 ta qonunchilik hujjatining 75 tasida (33 foizi) 302 ta korrupsiyaviy omillar mavjudligi aniqlandi.

Mazkur Prezident qarori amaldagi qonunchilik hujjatlarida aniqlangan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazish tizimini takomillashtirish hamda keyingi 5 yil davomida barcha normativ huquqiy-hujjatlarni kompleks tarzda korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o’tkazishni tashkil etish maqsadida qabul qilinganligi ma’lum qilindi.

Yangi qarorga muvofiq, korrupsiyaga qarshi ekspertiza sohasida quyidagi yangiliklar joriy etilganligi aytib o’tildi:

‒ barcha normativ-huquqiy hujjatlar “korrupsiyadan xoli qonunchilik” tamoyili asosida ishlab chiqiladi;

‒ 2022-2026-yillar davomida amaldagi 21 mingdan ortiq qonunchilik hujjatlari to‘liq korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkaziladi;

‒ qurilish, sog‘liqni saqlash, oliy ta’lim va davlat xaridlari sohalariga oid amaldagi qonunchilik hujjatlarida aniqlangan 302 ta korrupsiyaviy omillar bartaraf etiladi;

‒ ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalari vakillari hamda jismoniy shaxslar, ya’ni mustaqil ekspertlarga qonunchilik hujjatlari va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ilmiy va mustaqil ekspertizadan o‘tkazish huquqi berildi;

‒ har yili davlat organlari va tashkilotlarining normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish faoliyati baholanadi;

‒ Adliya vazirligi korrupsiyaga qarshi ekspertiza bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy yordam ko‘rsatish hamda o‘quvlar tashkil etishni amalga oshiradi.

Bundan tashqari, fuqarolardan normativ-huquqiy hujjatlarda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etish imkoniyatini yaratadigan, korrupsiyaga sabab bo‘ladigan omillar mavjudligi haqidagi takliflarni bevosita qabul qilishga mo’ljallangan adliya_korrupsiyasizqonun_bot telegram boti ishga tushirilganligi ta’kidlab o’tildi. Mazkur telegram bot orqali aholi amaldagi qonunchilik hujjatlaridagi korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etish imkoniyatini yaratadigan normalar, byurokratik to’siqlar va asossiz xarajatlarga olib keluvchi normalar va ularni bartaraf etish bo’yicha takliflarni Adliya vazirligiga yuborish imkoniyatiga ega bo’ldi.

Shuningdek, matbuot anjumanida OAV vakillari hamda fuqarolarning qaror bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarigi tegishli vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari tomonidan javob berildi.

Adliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo ‘limi


Report Page