Qo’naqboyeva Sadoqat, ADTI 3-bosqich talabasi

Qo’naqboyeva Sadoqat, ADTI 3-bosqich talabasi


Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh. Bizni yo’qdan bor qilgan, ilm olishlikni har bir musulmonga farz qilgan, O’z Kalomida aql yuritmaydilarmi? Tafakkur qilib ko’ramydilarmi deya Odam farzandlariga xitob qilgan Alloh subhanahu va taologa O’zining oliyligi qadar hamdu-sanolar bo’lsin! Bizga ilmni Chinga borib bo’lsa ham o’rganishligimizni aytgan, hikmat yo’qotgan narsamiz ekanligini, uni qayerda topsak ham olishimizni o’rgatgan Ustozlar Ustozi Rasululloh sallallohu alayhi vassalamga mukammal durudlar, salomlar bo’lsin!

 

Men tibosfera onlayn kursida 1 yil-u 7 oydan ortiq vaqt mobaynida ta’lim olgan talaba sifatida qanchalik o’zgarganim, nimalarga erishib, nimalarni yo’qotganim va kurs haqidagi subyektiv tafakkurimni sizlar bilan bo’lishsam…


Institutga yangi kelgan vaqtlarimda, endi qanday o’qishimni, qaysi tomonga ketishimni, qaysi yo’ldan yurishimni bilmas edim. Atrofingizdagi maslahatgo’y tanishlaringiz tezda til o’rganib “surish” kerak ligini, yaxshi doktorni topib shogird tushishingizni, tibbiyot faqat amaliyotdan iborat ekanligini, dekanlarni e’tiboriga tushishingizni, tadbirlarga qatnashishingizni, nomdor stipendiyaga harakat qilishingizni maslahat berishadi. Menga ham mana shulardan boshqa yo’l yo’qdek ko’ringan edi. Lekin men kitob o’qishni, ilm olishni, yangi narsalar o’rganishni juda-juda xohlar edim. Ongimizga katta kurslar, ustozlar tomonidan singdirilgan birinchi narsa “o’zbekcha kitoblarni o’qimang baribir hech narsani tushunmaysiz” bo’lgan. Shuning uchun dastlab rus tilini o’rgana boshlaganman.

Institutdagi fanlarga keladigan bo’lsak, nima o’qiyotganimni bilmas edim. Hamma o’qituvchilar qaytaraveradigan bitta gap - “asosiy fanlar lotin tili va anatomiya, shuni yaxshi o’qib ketinglar” edi. Meni yagona tushunadigan, yuqori baholar oladigan, sevib o’qiydigan fanim – lotin tili edi. Anatomiyani qancha harakat qilsam ham tushuna olmas edim. Qanaqa qilib o’qish, qaysi kitobni o’qish, bulardan ham xabarim yo’q. Qo’limdagi yagona manbaa - bu amaliy mashg’ulot ustozimizning dars paytida yozib olingan audiolari edi. Ustozimiz maslahati bilan Sinelnikov atlas o’zbekcha 1-tomini olib o’qiy boshladim. Mana shundan boshlab menda stress, depressiya, tibbiyot menga emas, biologiyaga topshirsam bo’lar edikan degan fikrlar paydo bo’la boshladi. Chunki kitobni na yodlay na tushuna olar edim. Ana shu paytdagi holatimni hech kimga ravo ko’rmayman. Doim depressiyada yurasiz, o’zingiz qoldingiz yig’laysiz, hammasini tashlab ketgingiz keladi. Siz bilan hech kimni ishi yo’q. O’zingiz uchun harakat qilmasangiz sizni kim bo’lishingiz, qanday o’qishingiz o’zingizdan boshqa hech kimga muhimmas edi. Ota-onangizni xursandligi, sizdan umidvorligi, yaxshi shifokor bo’lishingizga ishonchlari, qo’shnilaringiz, ustozlaringizni “O’zimizdan doktor chiqadigan bo’ldi, yaxshi o’qigin o’zinga davolanamiz” deyishlari vijdoningizni qiynab tashlaydi. Bu tomonda rus tili kursim yaxshi emas, qanaqadir maktab o’quvchilari bilan o’qish menga yoqmayotgandi. Qishki ta’til berilganda anatomiyani ta’til davomida o’zim boshqattan astoydil o’qiyman, deb niyat qildim. Kutubxonaga kelib o’qishni boshladim. Lekin natija 0 ga teng edi. Hech narsa qilgim kelmay qoldi. Anatomiyani ham, tibbiyotni ham tashladim. O’zimni aldash uchun diniy kinolar ko’rishga, badiiy kitoblar o’qishga o’tib ketdim. Bu meni o’qimayapsan degan vijdon azobidan qutqarganday bo’lardi. 

Yangi semester boshlandi. Bizga yangi fanlar - gistologiya, fiziologiya qo’shildi. Endi bularni boshidan yaxshi o’qiyman deb niyat qildim. “Yarim yillik tajribaga ega” talaba sifatida kitob o’qimay, fanlarni videodarslarni ko’rish orqali o’rgana boshladim. Va mana shu videodarslardan biri mening hayotimni o’zgarib ketishiga va hozirgi “hamma narsaga ishonch bilan qaraydigan, hayot tarozisini to’g’irlab olgan” talabaga aylanishimga sabab bo’ldi. Alhamdulillah!

Gistologiyadan 1-mavzu sitologiya edi. Shunga darsdan oldin tayyorlanish uchun you tube platformasida tibosfera tomonidan tayyorlangan “hujayra membranasi” mavzusini ko’ra boshladim… Tasavvur qila olmaysiz, menga bu video qanchalik ta’sir qilganini. Birinchi bo’lib e’tiborimni tortgan narsa ustozni darsni duo qilish bilan boshlashlari bo’ldi. Mavzuga keladigan bo’lsak, judayam tushunarli, tasavvur qilishga oson edi. To’g’ri bu mavzuni institutda ustoz baribir bu tartibda so’ramagan, lekin, bu meni esimda qolgan, ilm bo’lib shakllangan dastlabki tibbiy tushuncham edi. Keyin telegramdan tibosfera haqida qidirdim. Kanal va guruhlar chiqdi. Kanalga qo’shilib bir boshdan o’qiy boshladim. Kanaldagi fikrlar, postlar, ma’lumotlar – meni fikrlarimni ostin-ustun qilib tashladi. Tibbiyot oddiy kasb yoki yo’l emas, butun bir olam, alohida ilm ekanligi, kaaaatta mas’uliyatni bo’ynimga olib olganligimni his qildim. Va yana tibosfera onlayn kursi haqidagi ma’lumotlarga ham ega bo’ldim. Mana shunda angladimki, Tibosfera menga suv va havodek zarur ekan. Shunday ustozlar, shunday talabalar bormi oramizda deb o’ylab qoldim (tibosfera onlayn kursini tashkil qilgan inson, ustozimiz Elyorbek To’raboyev mana shu vaqtda 5-kurs edilar). Ichki hissiyot, 6-sezgi deydimi, xullas, men o’zim istagan, xohlagan aura - bu TIBOSFERA ekanligini 1000% sezdim. Men Tibosferani shunday topgandim, hech kimning maslahatisiz. Chunki, Tibosferada o’qiydigan tanishim ham yo’q edi. Lekin bu vaqtda kursga 1-kurslar qabul qilinmas ekan. Kutishdan boshqa ilojim yo’q edi.

May oyi, juma biofizika leksiyasida o’tirganimizda telegramdan Tibosfera kanalida qabul boshlangani haqida xabar keldi, bu qabulda 1-kurslar ham qabul qilinar ekan. Men oylab kutgan lahzalar edi bu... Leksiya xonamizda internet past, google formani to’ldira olmadim. Leksiya tezroq tugasa-ku, endi e’lon berilgan bo’lsa ham xuddi men ro’yhatdan o’tgunimcha qabul to’lib qoladigandek edi. Dars tugagach, alhamdulillah, ro’yhatdan o’tdim. Bizga biroz kutishimiz, qabul yakunlangach adminlar biz bilan bog’lanishi haqida aytildi. Yakshanba 15-may peshindan keyin menga Tibosfera onlayn kursiga yozilganim, agar kursni talab va shartlari ma’qul kelgan bo’lsa, menga yopiq guruh ssilkasini jo’natishlari haqida xabar keldi. Mana shu xabar, mana shu yopiq guruh ssilkasi meni, mening hayotimni, dunyoqarashimni o’zgartirdi…


2022-yil may oyi oxiridan kursni boshlab oldik. Avval ustoz biz bilan kirish suhbatini o’tkazdilar. Suhbatda:

  • bizga niyatlarimizni yangilab olishiligimizni (xolis Alloh taolo rizosi uchun, ummatimizga, xalqimizga foydamiz tegishligi uchun, ilm olishlikni ibodat sanab o’qishimiz kerakligini)
  • darsga alohida tayyorgarlik bilan kirishimiz kerakligini(tahorat bilan, o’rganish kayfiyatida)
  • ustozni hurmat qilishimizni, bir-birimizga bir oiladek munosabatda bo’lishligimizni, kaaatta yo’lni boshida ekanligimizni, bu yo’lda bizga yo’lboshchi, yo’ldoshlar zarur ekanligini, manzilga bir birimizga qo’l berib, yiqilganimizni turgazib, orqada qolganimizga yordam berib ketishimiz kerakligini aytdilar.


Dastlab bizga o’rgatiladigan fan anatomiya edi, anatomiyani bizga biriktirilgan ustozamiz bilan o’rgana boshladim. Darslar bomdoddan keyin, sahar vaqtida o’tkazilar edi. Bu sizni erta uyg’onishingizga, bomdodga hecham uxlab qolmasligingizga juda chiroyli yechim edi. Bu boshida ozroq qiyinchilik tug’dirgan. Chunki to’g’risi, bizda abituriyentlardan boshqa talaba, o’quvchilarni ertalab turib dars qilishi yangilik edi. Lekin alhamdulillah, hozir bizga ertalab sahar uyg’onmaslik yangilik va jinoyatdek tuyuladi. To’g’risi, boshlanishida o’zimda uncha o’zgarish sezmaganman. Institutda bu mavzularni o’tkan semestrda o’qib bo’lgandik. Shuning uchun anatomiyani o’qiyotganim o’zimdan boshqa hech kimga sezilmagan. Tibosferani hayotimga olib kirgan dastlabki yangiligi - aniq dars qilish vaqtini belgilab bergani edi. Sababi o’qishga kirganimdan beri yarim soat muqim bir joyda o’tirib dars qilganimni eslay olmayman. 40 minut davomida bitta davrda dars qilish esa kursimizda majburiy va bu guruhumiz reytingiga ta’sir qilardi. Shuning uchun kursda tartibli, qachon va qancha dars qilishni o’rgandim.


Keyingi o’rgangan narsam - bu takror qilish. Shu kungacha o’qiydigan vazifamga ma’lum chegara ham, nechta takrorlashni ham belgilamagan edim. Keyinchalik vazifamni 10 martadan kam takrorlash jinoyatdek tuyula boshlagan. Men bu orqali mehnat qilishga, nafsimni majburlashga, unga gapimni o’tkaza olishga o’rgandim. Dars qilish paytim, qancha vaqt qilishim, shu vaqt davomida necha bet o’qishim, qancha takrorlashim hammasi aniq edi. Bunday dars qilish orqali o’zimda mo’jizalar ko’ra boshladim. O’zimni nimadir qilayotganimni, anatomiyani o’rgana olayotganimni his qilardim. Mana, sal kam ikki yildan keyin mavzuni sanoq tizimida o’qish odat darajasigacha yetdi. Boshqa vazifalarda, masalan, til o’rganish, Qur’on yodlashda hech og’ir olmasdan ko’p-ko’p takror qilyapman.

Kurs davomida yana ma’suliyatni his qilishni o’rgandim. Qanaqadir berilgan vazifani tushunish, yodlash, menga ma’suliyat yuklayotgandi. Kun davomida dars qilishim kerak degan o’y bilan, uni rejalashtirish bilan qancha takrorlashga ulgurishim mumkinligi haqida o’ylab yuradigan bo’ldim. Yuqoridagi sabablar orqali keyinchalik davomiylik, biror ishni oxiriga yetkaza olishga o’rgandim. Ertalab sahar uyg’onish, vazifalarni 10+ takror qilish - bular har kuni takrorlanadi. Muhimi men nimadir o’rganayotganimni, tibbiyotni o’rgana olish mumkinligini his qildim, hattoki o’zimni yaxshi shifokor bo’lishimga ko’zim yetadigan bo’lib qolgan (inshaalloh).

Birinchi dovon - osteologiyani tugatganimizda o’zimga ishonmaganim hali ham esimda. “Nahotki men suyaklarni hammasini bilib olgan bo’lsam, ponasimon suyakning bizga qiyiiin tuyuladigan yuzalari, qirralarini, chakka suyagi kanallarini yoddan bilsam?!”. Qanaqadir o’zimdan rag’batlanib yurar edim. Depressiya, stresslar hammasi o’tib ketgan edi…


O’rgangan muhim narsalarimdan yana biri - kunlarimni tartibga solish, reja qilish, nimalar men uchun muhim va muhim emasligini ajratib olish bo’ldi. Ustozlarimiz har daqiqamizni reja qilib, bo’sh qoldirmaslikni o’rgatishdi. “Darsda, tanaffuslarda, yo’lda ketayotganda, dars kirmaganda nima qilaman?”. Mana shuning ham hisobini olib yuradigan bo’lib qoldim. To’g’ri, bunga o’zim xohlagandek amal qila olmayman, lekin telefon titkilasam ham foydali narsani qidiradigan bo’lib qoldim.

Jamoaviylik. Maktabda ham, abituriyent bo’lganimda ham sherik yoki guruh bo’lib o’qimaganman. Menga halaqit berishmasa, o’zim o’qisam, o’zim dars qilsam, o’zim bilsam, o’zim tushunsam – mana shunaqa edi mening falsafam. Lekin Tibosferada unaqa o’qib bo’lmaydi. Siz jamoa bo’lishga o’rganasiz, jamoangiz nima qilsa, shuni qilasiz, nimani o’qisa shuni o’qiysiz, o’zingiz tushunib oldiga o’tib ketishimga yo’q. Birortasi qiynalyaptimi, dalda berasiz, yordamingizni ayamaysiz. Ozgina beparvolik qilyaptimi, u uchun jon kuydirasiz, kerak bo’lsa o’qishini, darsga kirishini talab qilasiz. Muvaffaqqiyatga erishayotgan, qobiliyatli guruhdoshlaringizni qo’llab quvvatlaysiz, ulardan yordam so’raysiz. Mana shunday jamoaviylikka boshida o’rgana olmaganman. Ba’zida guruh yaxshi o’zlashtirmasa dars qoldiriladi. Ertalab darsga kirmagan dugonangizga qayta-qayta telefon qilasiz, kerak bo’lsa onasi, opa-singlisi, yaqin dugonasiga va hokazo... Mana shularga ko’nikish juda qiyin bo’lgandi. Lekin hozir bir oilamiz, opamiz, singilmiz, ko’z tegmasin.


Niyat. Ustozlarimiz niyatlarimizni to’g’ri qilishimizni, qaysi yo’ldan yurishligimizni doim eslatib turishadi. Bizga eng to’g’ri ishlaydigan hayot tarozisini topib berishgan deb o’ylayman. Umuman olganda, Tibosferadagi muhitni hech qayerdan topa olmasligimga 1000% ishonaman. Tibosferada siz ruhan ozuqa olasiz, odob-axloq, muomalani o’rganasiz. Ilm olasiz – anatomiya, gistologiya, fiziologiya, biokimyo, patologiya, farmakologiya kabi fundamental fanlarni o’rganasiz. Ustoz kim ekanligini bilasiz. Vaholanki ustozingiz nari borsa sizdan 4 yosh katta, ba’zan kichik ham bo’ladi. Lekin siz ustozingizni, ustozingiz sizni yaxshi ko’radi. Sirdoshingiz, to’g’ri yo’l ko’rsatuvchingiz bo’ladi. Agar yaxshi, intizomli bo’lsangiz siz ham ustoz sifatida tayyorlanib borishingiz, ustozning sevimli shogirdlariga aylanishingiz mumkin. 

 

Ajoyib reytinglar, grantlar, olimpiadalar - bu ham Tibosferaning o’ziga xos tomoni. Guruhingiz bilan erta uyg’onganingiz, ko’p dars qilganingiz uchun kursda bepul yoki chegirma bilan o’qishingiz mumkin. Bu jamoaviylikni yana ham mustahkamlaydi (shaxsan men ham tibosferani grantlari sovrindoriman)).


Institutdagi hayotimga kelsak, deyarli dars qilmayman). Tibosferada normal fiziologiyani o’qib tugatdik. Shuning uchun patfizda biror marta qiynalmadim. Sistemaning normasini bilsangiz, patalogiyasida o’rganishingiz kerak bo’lgan narsa - klassifikatsiyasi bilan bir qancha kasallik va sindromlar qolar ekan. Yoki OXTA, hatto kitobini ham ko’rmaganman. Lekin siz topografiyani, organlarning qayerda joylashuvini bilsangiz bo’ldi. Birorta sohani suyaklari, muskullari, innervatsiyasi, vaskularizatsiyasini allaqachon anatomiyada o’qigan bo’lasiz.

    
Shu yerda aytib o’tishim kerakki, Tibosferanikidek ixcham, tushunarli, jahon tibbiyot talablariga javob beradigan konspektlarni, o’quv materiallarini, videodarslarni hech qayerdan topa olmaysiz. Aniq ayta olaman, Tibosfera konspektlaridagi ma’lumotlar har qanday sharoitda, har qanday vaziyatda o’zini oqlay oladi, o’zidagi ma’lumotlarga javob bera oladi.


Eslatib o’tishim kerakki, Tibosferaning maqsadi sizni yaxshi o’qitib, konspekt bilan ta’minlash emas. Undan anchaaa balandroq. Sizni inson sifatida axloqli, himmatli, halol qilib tarbiyalash, tibbiy dunyoqarashingizni, o’z sohangizni, tanlagan yo’nalishingizni haqiqiy ahlidan bo’lishingizni ta’minlash, nafaqat O’zbekiston, balki, musulmonlarni tibbiyotdagi o’rnini xuddi o’rta asrlardagi mavqesiga olib chiqish, ibn Sinolarni yetishtirishdir. Yana muhim jihati xalqimizni, musulmon ummatini malakali tibbiy ayol xodimalar bilan ham ta’minlashdir.

Xulosa qilib aytadigan bo’lsam, men aaaanchaga o’zgarganman. Tibosferani duolarim ijobati o’laroq berilgan deb o’ylayman. Chunki depressiyada yurgan paytlarimda Allohdan menga bu yo’lni O’zi taqdir qilganini, tashlab qo’ymasligini, meni solihlar davrasida, haqiqiy tolibi ilmlar orasida qilishligini, menga tibbiyotni oson qilishligini astoydil so’rab duo qilgandim. Alhamdulillah. Qisqa fikrlarim orqali bebaho oilam haqidagi muhitni sizga tafakkurlarim orqali yetkaza oldim degan umiddaman. Alloh ilmingizni ziyoda qilsin, tolibi ilmlar!!!

    

Tibosfera 112-guruh, ADTI 3-bosqich talabasi Qo’naqboyeva Sadoqat



Report Page