Qiziquvchanlik

Qiziquvchanlik


Qiziqqonlik mushukning umriga zomin bo’ldi, deb bejizga aytishmaydi. Qiziquvchanlikning foydali jihatlari ko’pgina, ammo shu bilan birga u tavakkalchilikni taqozo etadi. Biroq, qiziquvchanlik o’zi nima? Haqiqatdan ham u kimdadir ko’proq, kimdadir esa kamroq bo’lgan shaxsiyat turimi? Yoki insonda boshqa insonlarga, kechinmalar yoki bilimlarga bo’lgan xilma-xil “qiziqish turlari” bormi?


Qiziquvchanlikning nevrologik jihatlaridan bir muncha xabardormiz. Hayotingizda biror marta o’zingiz qiziqmagan mavzuni o’zlashtirishga astoydil harakat qilgan bo’lishingizga qaramay, xotirangiz pand bergan vaziyat bo’lganmi? Bu bejizga emas, tadqiqotlarning aniqlashicha, o’ta qiziquvchanlik holatida bo’lish qiziqarli ma’lumotlarning xotirada saqlanishini yaxshilaydi.


Tabiiyki, agar biror narsaga qiziqsangiz, unga ko’proq e’tibor qaratasiz va shu tariqa uni esga olishingiz osonlashadi, deyishingiz mumkin, biroq qiziquvchanlikning xotiraga ta’siri bundan ko’ra ancha murakkabroq. O’ta qiziquvchan holatda bo’lish bizni boshida qiziqtirgan narsaga taalluqli bo’lmagan narsalarni ham eslab qolishimizni yaxshilaydi.


Qiziquvchan insonlar, odatda, yangi kechinmalar va bilimlar bilan birga, odamlarni mukammalroq tushunish yo’llarini izlashadi. Tomsickova Tatyana/ Shutterstock


Qo’rquv va qiziquvchanlik

Qadimgi faylasuflar qiziquvchanlikni “yangi muhitga moslashishimiz uchun, bizni uni o’rganishga majburlash orqali bizga ko’maklashuvchi instinkt,” deb faraz qilishgan. Ammo bu faraz boshqa nazariyalar bilan ixtilofga kirishadi, ya’ni bizning yangi muhitdan qo’rqishimizga sabab, bu unda mavjud bo’lishi mumkin bo’lgan xavf-xatardir.


Qiziquvchanlik va qo’rquv bir vaqtda paydo bo’lishi mumkin, ba’zida bu qiziquvchanlik yangi narsalarni o’rganish qo’rquvini yengadi. Ayrimlarda esa qiziquvchanlik hayajoni qo’rquv sifatida namoyon bo’ladi. Bizga ma’lumki, qiziqish paydo bo’lgan vaqtda miyaning tashqi rag’batni (pul yoki yegulik kabilarni) kutishga yo’nalgan tizimi faollashadi. Bu esa qiziquvchanlikning ko’proq ma’lumotlarni to’plashga intilish ekanligidan dalolat beradi.


Qiziquvchanlik hayajoni aslida mavhumlikdan qo’rqishmi? Photobac


Shuningdek, qiziquvchanlik tavakkalchilik, chidamlilik va intiluvchanlik xislatlari bilan ham uzviy bog'liq.

Shaxsiyat turi

Ayrim insonlar boshqalardan ko’ra qiziquvchan bo’lishlari barchamizga ayon. Darhaqiqat, tadqiqotlarning aniqlashicha, ayrim insonlar boshqalarga qaraganda o’ta qiziquvchan bo’lar ekan. Biroq, qiziquvchanlik shaxsiyat turlaridan biri sifatida darajalanadimi — u kimdadir ko’proq va yana kimdadir kamroqmi?


Aslida, biz hammamiz birday qiziqqonmiz, ammo bunday mijoz turi bizni muayyan narsa va vaziyatlarga yanada qiziquvchan bo’lishga majburlaydi. Bular qiziqish “turlari” hisoblanadi.


Shulardan epistemik qiziquvchanlik turi keng o’rganilgan. Bu shaxsning yangi ma’lumotlarni o’zlashtirishga — misol uchun faktlar, tushunchalar yoki g’oyalarni o’rganish — va o’z bilimini mustahkamlashga intilishidir.


Sotsial qiziquvchanlik esa shaxsdagi boshqa insonlarning fikrlari, xatti-harakatlari va hissiyotlarini bilishga bo’lgan qiziqishdir. Perseptiv qiziquvchanlikni namoyon etadigan insonlar— atrofdagi jamiki narsalarga termulaveradigan do’stingizga o’xshash odamlar esa sezgilar yordamida olinadigan ma’lumotlarni iloji boricha ko’paytirishga harakat qilishadi.


Hozirga qadar olingan xulosalar biz faqatgina epistimik qiziqish uchun javobgar bo’lgan miyadagi muhim markazni aniqlashga muvaffaq bo’lganimizni ko’rsatmoqda. Miyaning bu sohasi forniks deb ataladi, u gippokamp (miyadagi muhim xotira markazi) va yangi bilimlar izlash va o’rganishga javobgar bo’lgan miya sohalarini birlashtirib turuvchi miyadagi muhim tuzilmalardan biri hisoblanadi.


Qiziqishni idora qilish

Mazkur tadqiqot bizga qiziqishni real hayotda, misol uchun ishda yoki ta’lim jarayonida qanday qilib yaxshiroq idora qilishni tushunishimizga yordam beradi.


Forniks bilimlarni puxta, barqaror, anglagan holda oʻzlashtirishga uzviy bog’liq, bu esa yangi g’oyalar va ma’lumotlar izlashga yo’naltirilgan ta’lim muhitini yaratishga e’tibor qaratishimiz lozimligiga ishora qiladi. Bu qiziquvchanlikni oshirishga, forniks esa o’rganganlarimizni yaxshiroq esda saqlashga yordam beradi. Bu usulda bilim olish o’quvchilarni shunchaki o’quv materiallari bilan ta’minlashdan tubdan farq qiladi.


Buning foydali tomonlari bo’lishi mumkin. Hozirda o’tkazilayotgan tadqiqot kambag’al oilalardagi bolalarning qiziquvchanligi ancha yuqori ekanligini ko’rsatmoqda.


Manba: The Conversation

Kanalga ulanish: Psycho Blog

Report Page