Qizimga ilk maktub

Qizimga ilk maktub


Qizim, sen hali tug‘ilmagansan. Biroq, sen haqingda juda ko‘p o‘ylayman. "Qiz tug‘aman, u unday bo‘ladi-bunday bo‘ladi" deb yaxshi niyatlar qilaman. Buni o‘ylash bir yoqimli, bir shirin Shunday paytlar Tog‘ay Murodning "Oydinda yurgan odamlar" qissasi bosh qahramoni Oymomo esimga tushadi. U befarzand umr kechiradi va asar oxirida qo‘shni ayolning bolasini beshikda tebrata turib ko‘kragiga sut keladi. U astoydil farzandi bo‘lishini xohlaydi va uni bor deb tasavvur qiladi. Alaloqibat, tanasi ham bunga ishonadi. 

Buni nega yozyapman, aytaymi? Umid va ishonch bu – deyarli hamma narsa. Onang sening hayotiga yorug‘ nur bo‘lib kirib kelishingga umid bog‘lay turib, bunga o‘zini ishontiradi. Maktubimni esa sen tug‘ilgach, mavridi kelganda, o‘zingga beraman.

***

Qizim, ba’zi ziyoli, yashashni eplolayotgan onalarni ko‘rsam, sen uchun o‘rganishga harakat qilaman. Bilishingni istardimki, sen hali yo‘q bo‘lgan ayni damda kelajaging uchun jon kuydiryapman, o‘ylayapman, orzular qilyapman, rejalar tuzyapman va, eng asosiysi, o‘z-o‘zimni isloh qilyapman. Qizim, onang nima noto‘g‘riligini yashab o‘tganlaridan kelib chiqib biladi, nima to‘g‘riligini esa topishga urinyapti. Sen kelgunga qadar uni topishga va’da beraman. O‘zimni topmaguncha, sening oldingdagi mas’uliyat va vazifalarga tayyor bo‘lmaguncha, seni dunyoga keltirmayman, bolam.

***

Sen uchun qiladigan eng birinchi ishim – senga yaxshi ota tanlashdir. Buning ma’naviy-moddiy muhimligidan tashqari, yana bir asosiy jihati shundaki, Yer yuzi aholisining yarimini tashkil qiladigan, patriarxat jamiyatning hukmron toifasi erkaklar haqidagi ilk tasavvurni otangdan olasan. Erkaklar bilan kelajakdagi munosabatlaringga poydevor bo‘luvchi omilni, erkak jinsi haqidagi ilk va 99 foiz tugal tasavvurni otang beradi. U yaxshi bo‘lsa, erkaklar bilan munosabating yaxshi bo‘ladi, aksincha bo‘lganda esa bu jarayon og‘ir kechadi. "Dasturlari"ngni qayta sozlashga qiynalasan.

 ***

Qizim, qanday yoqimli, seni shunday atash, chaqirish, seni bor, yonimda shiringina bo‘lib yotibdi, jajji qoling bor kuchi bilan ko‘rsatkich barmog‘imni ushlab olgan deb tasavvur qilish. Va yana kulib qarasam, kulib javob berishingni, kulganingda og‘zingdan suv oqishini, yuzingni ozor bermaydigan yumshoq, oppoq mato bilan artib qo‘yishimni, "Og‘zi ochiq qiz bolasizmi siz, a? Shunaqa bosh qiz bolasizmi siz?” deb erkalab qo‘yishimni, sut isi keladigan bo‘yningdan to‘yib-to‘yib hidlashni tasavvur qilaman. Shunday shirin his bu... Seni yaxshi ko‘raman. Va buni to tildan qolgunimcha, sen eshitib zerikkuningcha, shu jumla "quyosh chiqdi, quyosh botdi" ga o‘xshash aniq va ayon doimiy ish jarayonini eshitganing kabi ahamiyatsiz bo‘lib qolsa-da, aytaveraman. Chunki, sening sevgini his qilib o‘sishingni, suyukliligingni bilib, tuyib, toyib ulg‘ayishingni istayman. Sen odamlarning va dunyoning ko‘ziga mehr-muhabbat so‘rab mo‘ltirama, bolam, kutma ham, balki, sevgining o‘ziga aylan. O‘zingda borini ulash boshqalarga ham...

Qizim, men sog‘lig‘imga e’tiborli emasman, ammo sen vujudimda paydo bo‘lganing oni sen shakl oladigan kapsula – tanamga imkonim boricha e’tibor berishga, vujud va ruhni barqaror ushlashga harakat qilaman. 

Axir unda sen yashaysan-ku!

***

Qizim, men senga ko‘p kitoblar o‘qib bermoqchiman, bu ishni endi-endi yurakchang, miyachang rivojlanayotgan davrdan boshlayman. O‘sha danakchadek paytingdan bilishga intilish singsin. Men juda ko‘p narsani bilishingni, ko‘p ish qo‘lidan keladigan, jasoratli, mehnatkash, irodali, sog‘lom, go‘zal, hayotdan nimani istayotganini biladigan, fikrli inson bo‘lishingni istayman. Sening tashqi ko‘rinishing haqida o‘ylayman – sochlaring sariq, tering oppoq, boying baland, boyning uzun, qirra burun, ko‘zlari ko‘k va yonib turadigan, iyagi biroz cho‘zinchoq, nozik bichilgan yuzli, qo‘l-oyoqlari kelishgan va nafis bir qizni tasavvur qilaman. Sendan boshqa kimdir bu tasavvurim haqida o‘qisa, ustimdan kulishi mumkin, ammo sen kulmaysan, aksincha, hayratlanasan, o‘zing va tasavvurim o‘rtasidagi o‘xshashlikdan...

***

Qizim, onang nima xohlashini biladi va seni ham bilishingni istaydiki, eng boshida odamning umid va ishonchdan bo‘lak hech vaqosi bo‘lmaydi. Shu ikkisiga bo‘lgan e’tiqodi kuchiga qarab hayotda yashab qola oladi.

Qizim, onangni umid va ishonchidan bo‘lak hech nima yo‘q. Umid qiladigan va ishonadigan hech bir kishisi ham yo‘q. Shuning uchun ham seni kutyapti.

 Ammo, sendan o‘zim uchun hech nima kutmayapman, chunki sen bularni so‘ragan emassan. Tug‘ilishing ham, mening qizim bolishing ham tanloving emas. Nosog‘lom munosabatli oilalardagidek qator qilib sen uchun qilgan ishlarini sanamayman, ta’na qilmayman. Sen qarzdor emassan ota-onangdan. Seni faqat o‘zingdan bir baxtli, baland umr qarzing bor.

***

Tanlov doim bor, bolam, buni qulog‘ingga quyib ol. Hatto, sen meni yaxshi ko‘rishni, yonimda bo‘lishni ham o‘zing tanlashing mumkin. Boshqa odam, joy, narsalarni-ku sanamasam ham bo‘ladi.

***

Qizim, senga maktub yozayotganim ayni payt 2024-yilning 15-fevrali soat tungi 01:00 dan oqqan, ko‘nglim allanechuk bo‘lib yig‘lagim kelyapti. Seni biram orziqib kutyapmanki... bugun 15-fevral rahmatli katta enam tavallud topgan kun. Senga maktub yoza boshlaganim aynan shu kunga to‘g‘ri kelgani qiziq, judayam qiziq.

Senga aytsam, men hayotimda faqat bir insonga, vafotidan so‘ng katta enamga maktub yozganman. Unga aytolmagan gaplarim, dardlarim yozilgan edi. Keyin sening komplekslaridan chiqolmayotgan onang maktubni teng yarmini kesib tashlab ommaga e’lon qilgan. Yozganim sababi, onang ortiq buvisiga bo‘lgan nomsiz hislarini kotarolmay qolib to‘kilishini istagani bo‘lsa, kesib tashlagani oilaviy gaplarni boshqalarga olib chiqish xatoligi uchun. Chunki sen boshqalarning siri, hayotiga ham javobgarsan. Ehtimol, Kafka ham shuning uchun yozganlarini yoqib yuborishlarini vasiyat qilgandir. Menimcha, esa u shunchaki nom-nishonsiz, yozganlari bilan birga yo‘qolib ketishni istagan. Nima bo‘lganda ham unga og‘ir bo‘lgani aniq. Ba’zan menda ham shunday bir kayfiyat bo‘ladi. Keyin uni hayotsevarligim va hamma narsaga shunchaki qo‘l siltab qo‘ya qolishim siqib chiqaradi. Chunki hamma narsaning qiymatini biz belgilaymiz. Hayotni ham, biron nimaga munosiblikni ham. Ularni o‘zingdan baland baholama. Odamlar bilan bu qiymat-baho ishi biroz murakkabroq. Chunki ularning ichida yashashingga arziydiganlari, yashashingga sabab bo‘ladiganlari topiladi. Odamlarni qadrlash kerak, qizim.

Xullas, o‘zbekchilik, oilada olgan tarbiya va idealistlik qon-qonigga singib borarkan, uni kiyimdek yechib tashlab ketib bo‘lmaydi. Miyangdagi dasturlarni ham. Lekin sen qo‘rqma, seni bulardan baland va ozod qilib tarbiyalayman. Mening ilk maktubim katta enamga, ikkinchisi esa senga yozilyapti. Go‘yo, bunda ham bir ramziylik bordek.  

Qizim, qachonlardir menga bir do‘stim o‘zaro adabiy maktublar yozishishni taklif qilgan edi. Men bunga rozi bo‘ldim, ammo bir satr ham yozmadim. U yozdimi yo yo‘q bilmayman, har holda mengacha yetib kelmagan. Men ko‘nglimdan chiqarib yozmasam yozolmayman, u insonga esa aytar so‘zim bo‘lmagan bo‘lsa kerak. Aniq eslayman, u uzoq kutdi yozilajak maktubimni va oxiri hafsalasi pir bo‘lib mendan uzoqlashdi. Xafa bo‘lgandir, ehtimol, qolganini bilmayman.

Bularni nega yozyapman aytaymi, onang ko‘nglidan o‘tkazmasa, tolib ketmasa, hislari idishdagi lim tola suv sathi kabi ana to‘kilaman, mana to‘kilaman deb chayqalib turmasa yozolmaydi. Asqad Muxtorning quyidagi fikri mening gapimga juda-juda mos keladi: "Avval tolishish kerak. Bosh fikr o‘zi to‘lishib keladi. Uni sevib qolasiz. Uni aytgingiz keladi. Shunday bezovtalik, istak, kuchli ehtiyojni sezmay turib yoza boshlamaslik kerak" Senga yozayotganlarim ming yillardan beri ichimda saqlanib turgan umidlarim, kutuvlarim, o‘kinchlarim. Samimiy va ko‘ngildan chiqqan, yashalgan hislarning yozilgani o‘lmaydi. Chunki unda tirik odam bor. Yaxshi ham, yomon ham emas, bir butun boricha rost odam bor. Biz hech kimga o‘xshashni istamaganimiz holda, bir-birimizni takrorlayveramiz. Sen qaysidir yosh davringda men his etganlarni boshdan kechirasan va umid qilaman, "Onam bu haqida aytgan edi" deya miyig‘ingda kulib qoyasan. Unda seni yoningda bolamanmi yo‘qmi bilmayman. Umuman, men seni yolg‘iz qolishga tayyor qilib tarbiyalayman. Qachonki, kimgadir emas, o‘zingga ishonsang, odamlarga majburiyat, zaruriyatdan emas, tabiiy bog‘lanasan. 

Sen hali bilmaysan bolam, ayolning ayol bilan munosabatlari juda murakkab qurilgan. Sen ma’lum bir qolip ichida opa, singil, ona, qiz, buvi, ovsin, dugonaga aylanasan. Har birining alohida talabi, vazifalari, burchlari bor. Bu bog‘lanishlar hukmronlik va itoat qarama-qarshiligiga asoslanadi. Masalan, 15-fevral katta enamning tug‘ilgan kuni dedim. Shu kuni katta oila bir joyga yig‘ilib nishonlaymiz. Hozir bu xotira marosimga aylangan. Ayam meni yig‘inga borishga majburlardi, uzoqda bo‘lsam telefon qilib eslatadi, "Bugun katenangni tug‘ilgan kuni, esingdami? Telefon qil, tabrikla, duosini ol" derdi. Mening bolalik nazarimda ikki ayol bir-birini ko‘rganlarga ko‘zi yo‘qdek qotib qolgan, ayam lekin doim yaxshi muomalada bo‘lardi. Ko‘nglida iliqlik bo‘lmasa-da shuni ifodalaydigan so‘zlar aytishardi bir-biriga. Men esa tushunolmasdim ularni. Qanday bunday? Ikkiyuzlamachilikmi bu? Yo yashash o‘zi, birda soch yulishish-u, birda o‘pishib ko‘rishishmi? Ayam bunday savolimga quruqqina qilib "O‘zi shunaqa bo‘ladi. O‘rganib ketasan. Sizlarni yaxshi ko‘radi, katenang, ko‘p gapirmasdan tabrikla" derdi. Mening mezonlarimga "O‘zi shunaqa bo‘ladi" larga o‘xshash fojialar to‘g‘ri kelmasdi, fitratim bularni qabul qilolmasdi, qizim...

Ayol ayolni ayol bo‘lgani uchun yomon ko‘rishini ko‘rdim, go‘yo biz hammamiz birvarakayiga nimaningdir payiga tushgan raqobatchilarmiz. Birlasha olmaymiz. Boshqa jamiyatlarni bilmadim, ammo, men yashayotganim shunday. Erkaklarda bu hol unchalik yorqin ko‘zga tashlanmaydi, lekin ularning ham muammosi bizmiz. Qizig‘, a? Butun dunyoning muammosi bizmiz.

***

Onang juda yolg‘iz, bolam. Bu hisni va odamlarga xos boshqa hislarni sen hali bilmaysan, ammo yashay boshlagach umringni qaysidir davrida ta’mini totasan – yolg‘izlik chegarasiz kenglik va u sening ichingni qoplaydi. Umid qilaman, sen uning ko‘lamini, sababini, foydasini, oqibatini ko‘ra olish darajasida aqlli bo‘lasan. Insonlar o‘z yolg‘izligini ko‘rmaydilar, nimadir xotirjamligiga soya solib turishini his qiladi, nimadir kam, qandaydir boshliq bor, atab bo‘lmas, tolmas boshliq. Ana o‘sha insonga doim hamroh bo‘ladigan, o‘zining o‘zi bilan yolg‘iz qoladigan qo‘rqinchli joyidir Yolg‘izlik.

Bolam, men qayerda, kim bilan bo‘lmay, nima qilmay, nima demay doim yolg‘iz bo‘lganman. Hammasidan keyin mening ichimda hech nima qolmaydi. Ma’nisizdek, foydasizdek, yolg‘ondek tuyilaveradi. Erkinligim – yolg‘izligimni anglatgan. Holbuki, erkin bo‘lsam, joy, odamlar mening tanlovim bilan bo‘lsa, o‘zimni yaxshi his qilaman deb o‘ylagandim, ammo unday bo‘lmadi. Sevgi – mening ichimni to‘ldirib baxtli bolaman deb o‘ylagandim, ammo, qizim, bilasanmi, nima, odam odamni toldirolmas ekan. Men sevilgan onimda ham yolg‘iz edim.

Biroz qoniqish, biroz qulaylik va qaysidir odamlar ichida yana yolg‘izman.

Sen esa... Sen najotsan bolam, ichimni to‘ldiradigan. Seni vujudimda parvarishlayman, sen orqali ikkinchi bor ayol bo‘lib dunyoga kelaman, yashayman, menga yaratish zavqi va qoniqishini berasan bolam.

***

Katta enamni ko‘ylagini doim o‘zim bilan olib yuraman. Ammo, kiymayman. Uni marhumaning buyumlarini, kiyim-kechagini tarqatishganda olganman. Hali tug‘ilsang ko‘rasan, uni sen uchun asrayapman. Rang och yashil, oq, chiroyli, qimmatbaho matodan keng qilib tikilgan kampirpason ko‘ylak. Uni yuvmaganman, ba’zan to‘yib- toyib iskayman, katta enamning hidini tuyishga, eslashga harakat qilaman. Ammo uni topolmayman. Lekin katta enam kiygan deb asrayman. Bu kiyimni eslaganimni sababi qizim, sen bir narsani bilishingni istayman. Odamlar inkor qilishni boshlagan, o‘z jinsini, dinini, oila, ota-onasini, vatanini, sevgini, qabul qilolmaydi o‘zini ham. Holbuki, bu sanaganlarimiz bir ustun, poydevor o‘laroq seni hayotingni tutib turadi. Onang qachondir ruhi charchab suyanadigan ustun tilasa, o‘z ozodligidan o‘zi qo‘rqib ketsa, qayerga qarab uchayotganini unutsa, o‘sha ko‘ylakni kiyadi bolam. Va xudo bilan gaplashgani joynamoz ustiga keladi, bolam. Bu ko‘ylakni tikkan ayol on bir bolani tug‘ib, tarbiyalab, uy-joyli, oilali qilgan, o‘z prinsiplari bor, nihoyatda toza-ozoda, oz otmishi, oilasi bilan faxrlanadigan, maqtanadigan, oilasiga sadoqatli, ko‘p bilgich edi. Uning gaplarini qadriyatlarni mahkam tutgan bir ayol siymosini eslayman. Mening ildizim bor, boshliqqa yem bo‘lmayman deyman. Qizim, onang yashayotgan bu jamiyat odamlarining miyasida, yuragida katta bo‘shliq bor, inson hamisha nimagadir ishonib suyanib harakat qilishni istaydi. Bular esa- xurmacha, bom bosh. Na ishonadigan ergashadigan g‘oyasi bor, na ularni birlashtiradigan maqsadi. Zombiga o‘xshashadi. Onang esa o‘z-o‘ziga suyangan qadriyatni topdi. Bir ko‘ylak va xudo.

Qizim, sen xudoga ishon, uni yaxshi kor, u senga kerak. Bizning ichimizda Xudoning o‘rni bor, uni top va eshitishni organ, u senga nima to‘g‘ri, nima noto‘g‘riligini korsatadi. Undan boshqa hech nimaga quloq solma. Men seni aqlli bo‘lishingni, bilishingni tilay turib turib baxtli yashashingni ham xohlayman. Fikrlaydigan odam baxtli bo‘lishi qiyin, sen tug‘ilishingni kutayotgan zamonimda hamma o‘zicha yashayapti, eplaganicha baxt sari harakat qilyapti, bu yerda sen qiynalasan-da

Qizim, men sendan so‘ramasdan bu dunyoga keltiraman. Bunda meni ayblamasliging uchun qo‘limdan kelgancha harakat qilmoqchiman. Ammo, baribir qo‘rqaman. Chunki, sen ayol bo‘lib dunyoga kelyapsan.

Ayol bu shunchaki odam emas - shaxs sifatida qaralishi uchun o‘zi harakat qilishi, tan oldirishi kerak bo‘lgan, o‘z tanasiga o‘zi egalik qila olmaydigan har qadami nazoratda bo‘lgan va ma’lum ramkadan chiqmasligingni talab qiluvchilar bilan o‘ralgan, egasi, so‘rovchisi, tartibga chorlovchisi, gap qiluvchisi ko‘p bo‘lgan ayol qilib dunyoga keltirmoqchiman. Sen kelguncha bu jamiyat o‘zgarmaydi, qarashlar o‘zgarmaydi, shunga qaramay dunyoga keltirmoqchiman. Ehtimol, xato qilayotgandirman.

Ba’zan qo‘rqib ketaman, qizim, bu yerda yashashdan. Sen tug‘ilsang, xavotirim ikki hissa oshadi. 

Bo‘g‘ilib, siqilib, asab kasal orttirib, chidamim qayerga yetishini bilmay turibman. So‘ng seniyam shu yerda yashashga mubtalo qilayotgandayman. Men sening hayotimda bo‘lishingni istay turib, avvalo, o‘zimni o‘ylayapman qizim. Ona bo‘lishni, yaratishni, ikkinchi hayotimni senda qurishni istayapman, noto‘g‘ri qilyapman-a? Lekin, qizim, shuni bilib qo‘yki, sen agar men bo‘lib yashashni inkor etsang, ikki qo‘limni ochib, qo‘yib yuboraman, hozirdan bunga o‘zimni tayyorlab boryapman. Sen boshqa davrni odami bo‘lasan. Bizdan baxtli bo‘lasanmi yo‘qmi bilmayman, ammo eng muhim narsalaring bo‘ladi — tushunadigan ota-onang, ishonadigan vataning, birlashtiradigan g‘oyang, ichingdagi xudoying va erking. Men senga yozayotgan ayni shu vaqtlarda kuchli bosim ostidaman, nima uchun bilasanmi? Ayolligim uchun. Yolg‘iz gunohim, ayolligim. Ayol bo‘lish hatto xudo senga bergan tafakkurdan ham odamlarning ra’yiga qarab foydalanish demakdir. Ayol bo‘lish o‘zingni qo‘ya tur, fikrlaringni ham qolipga solishga urunish deganidir. Qizim, men ham sen ham ’’o‘tish davri"ning odamlari bo‘lamiz. Senikida bular tez kechadi, keskinroq bo‘ladi, qon to‘kilishi ham mumkin. Seni ozor chekmasligingni, ko‘nglingga ham gard qo‘nmasligini istagan holda, bu kurashda ishtirok etishingni istardim. Sen jangchisan qizim, sen o‘z vatanining himoyachisisan. Vatan bu sening tanang, ruhing, o‘zliging, nomusing, oilang. Uni himoya qila ol.

Qo‘rqma.

Senga To‘maris ismini shunchaki tanlamadim. Ismingga munosib yasha.

O‘zing bo‘l, o‘zingni top, kimnidir takrorlama, seni bir marta tug‘aman, va boshqa hech qachon qayta tug‘ilish, yashash imkoning bo‘lmaydi. Buning dahshatini boricha his qil. O‘zing nimani xohlashingni aniq bil. Keyin, unga sari yurishdan to‘xtama.

 Biz yashayotgan jamiyat patriarxat jamiyat, erkaklar jamiyati, sen esa ayolsan bu yerda juda katta cheklovlaring bo‘ladi. Shuning uchun ikki karra kuchli, ikki karra mehnatkash bo‘lishga majbursan. Ammo, o‘zingni hech qachon erkaklar bilan solishtirmagin. O‘xshashga urinma, tenglashishga ham urinma bu juda katta xato. Biz ayolmiz- o‘z imkoniyatlarimizdan boricha foydalanib o‘zimiz bo‘lishimiz kerak. Erkak bilan teng bo‘lishga urinish, uni yuqori darajada ekanligini bildiradi. Sen faqat kechagi o‘zingdan baland, yaxshiroq bo‘lishing zarur. Raqobatching o‘zing, dushmaning o‘zing, do‘sting men bo‘laman, qizim. Erkakni faqat seni sevishi va hurmat qilishiga qarab hayotingdagi o‘rnini belgila.  

Moddiyatdan baland bo‘l, ko‘zi to‘q, ma’nan boy bo‘l, har qanday narsani to‘lovi borligini unutma. Sen milliardlab insonlarning birisan, alohida shaxssan, dunyoda o‘z o‘rning bo‘lsin, hech kim uchun bo‘lmasa ham o‘zingiz uchun, isbotlay ol, qo‘lingizdan nimalar kelishini.

 Sev- o‘z ichingdagi orzularni, imkoniyatlarni, shu olamni, odamlarni, ishingni. Sevgi hayotni go‘zallashtiradi, osonlashtiradi. Sevgisi bor odam o‘ziga va o‘zgalarga zulm qilmaydi. 

Zulm kreditga olingan qarz- uni egasiga va boshqalarga foizi bilan qaytarishadi.

Kelajakda, ertaga yo qachondir nimadir yaxshi bo‘lib ketishini kutib yashama. Bir umring to‘laqonli yashashga qisqalik qiladi, kutishga esa umuman. Shoir Chori Avaz yozganidek:

“Eshigingdan kutgan odaming kirib kelmas ekan hech qachon...

Qo‘llaringdan kelsa, kelmasa kutgan odamingga aylan.

Kutgan odamingga aylan, qizim.

***

Sen hali yo‘q bo‘lgan yomg‘irli kunlarda, seni sog‘inib shu maktubni yozdim. 

Hayotga kel va bundan rozi bo‘lib munosib yasha!

Yashashdan qo‘rqma!

Har neki bo‘lganda ham, seni qo‘llab-quvvatlashga, ko‘ppala yaxshi ko‘rishga va’da beraman!

Onang.

Toshkent, 2024-yil fevral-may.


Report Page