Qishloq xo‘jaligi vaziri Davlat va qishloq xo‘jaligi vazirligi stipendiantlari bilan uchrashdi

Qishloq xo‘jaligi vaziri Davlat va qishloq xo‘jaligi vazirligi stipendiantlari bilan uchrashdi

agropress

Yangi O‘zbekiston. Bugun mazkur so‘z har jabha va taraqqiyot timsollarida namoyon bo‘lib, mamlakatning rivojlanish bosqichlarini aks ettiruvchi hitob hamdir. Uni barpo etish esa, barchaning, xususan, yoshlarning ishtiroki bilan bo‘ladi. Mamlakatning 60 foizdan ziyodini yoshlar tashkil etishini e’tiborga olsak, O‘zbekistonning kadrlar zaxirasini shakllantirish va ular bilan ishlash mohiyatida ayon bo‘ladi. Bugunning yoshlari. Bu ibora barcha davrlarda zamoniga qarab talqin qilingan. Ammo, 21 asr qonuniyati bu eng avvalo intellekt, ziyo, ma’rifat va harakat tushunchalarini o‘z ichiga olgani bilan ahamiyatlidir. Mana shunday yoshlar, yurtimizning barcha go‘shalarida bisyor. Ularni topish va rag‘batlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Galdagi vazifa ularni eshita olish hamdir. Qishloq xo‘jaligi vazirligi ayni maqsadlarni to‘g‘ri anglagan holda, bu borada ishlar ko‘lamdorligini belgilab olgan. Shulardan biri, agrar tarmoqqa kadrlar yetishtirib beruvchi ta’lim muassasalaridagi iqtidor egalarini rag‘batlantirishni tashkil etishdir. Aslida, oliy ta’limda salohiyat egalarini ko‘plab uchratish mumkin. Tom ma’noda, Agro tizimda ham talaygina. Mamlakat ertasi va oziq-ovqat xavfsiziligini ular o‘z qarash va intilishlarida ifoda etadilar. Ularning ma’lum qismi davlatimizning nufuzli stipendiyalari sohiblari hamdir. Bejiz emas. Tinimsiz ilmga intilish, o‘z ustida ishlash, bilimlarini takomillashtirib borish, yangi g‘oyalar yaratuvchanligi hamda uni tadbiq etuvchisi bo‘lish aslida har bir yoshdan o‘ziga xos mas’uliyat talab etadi. Agar mas’uliyatni qanoti rag‘bat bilan quvvatlansa, parvozi yuksak bo‘lishi shubhasiz. Shu ma’noda, joriy yilda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish maqsadida, ilk marotaba Qishloq xo‘jaligi vazirligi stipendiyasi joriy etildi. 

Joriy yilning 11-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Qishloq xo‘jaligi tizimidagi oliy ta’lim muassasalarinining davlat va vazirlik stipendiyasi g‘oliblari bilan  uchrashuv o‘tkazdi. 

Uchrashuvda Toshkent davlat agrar universiteti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti, Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali, Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti, Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti va Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti stipendiyantlari ishtirok etdilar.

Mazkur oliy ta’lim muassasalarida bugungi kunda, jami 29 032 nafar talaba-yoshlar tahsil olmoqda. Ulardan 27 730 nafari bakalavr va 1302 nafari esa magistratura bosqichlarida  o‘qimoqda.

Joriy yilda, ilk marotaba o‘tkazilgan, agrar soha oliy ta’lim muassasalari talaba va magistrlari uchun ta’sis etilgan Qishloq xo‘jaligi vazirligi stipendiyasi tanlovida vazirlik tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalaridan jami 116 nafar talaba-yoshlar ishtirok etib, ikki bosqichli tanlov natijalariga ko‘ra, komissiya qarori bilan ishtirokchilarning 16 nafari yakuniy bosqichda g‘olib bo‘lib, Qishloq xo‘jaligi vazirligi stipendiyasi g‘olibi  bo‘ldilar.

2021-2022-o‘quv yillarida iqtidorli talaba-yoshlarimizning 15 nafari  turli yo‘nalishlar bo‘yicha davlat stipendiyasi sohiblari bo‘lgan bo‘lsa,  2022-2023-o‘quv yillarida ularning soni 5 nafarga oshib, jami 20 nafarni tashkil etdi.

 2022-2023-o‘quv yilida  yo‘nalishlar bo‘yicha  davlat stipendiyasi sohiblari: 

-       Prezident stipendiyasi - 5 nafar;

-       Islom Karimov nomli stipendiyasi - 5 nafar;

-       Beruniy nomli stipendiyasi - 7 nafar;

-       Alisher Navoiy nomli stipendiyasi - 1 nafar;

-       Tulepbergen Qaipbergenov nomli stipendiyasi - 1 nafar;

-       Ibroyim Yusupov nomli stapendiya -1 nafar.

 Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi oliy ta’lim muassasalarida 2022-2023-o‘quv yili bo‘yicha Prezident va boshqa davlat stipendiyalari bilan taqdirlangan talaba-yoshlar va ilmiy tadqiqotchilarning jami soni 20 tani tashkil etadi. Ulardan: 8 ta talaba Toshkent davlat agrar universiteti, 1 ta talaba Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali, 4 ta talaba Qoraqalpogʻiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti, 4 ta talaba Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti va 3 tatalaba Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutida tahsil olib kelmoqda.

Bundan tashqari, uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov o‘z nutqida rivojlangan davlatlarning qishloq xo‘jaligi ko‘rsatkichlari, rivojlanish bosqichlari va istiqbollari haqida ham ma’lumot almashdi. Shuningdek, hozirgi kunda qishloq xo‘jaligida erishilayotgan yutuqlar va kelgusida amalga oshiriladigan islohotlar haqida so‘zlab berdi hamda ushbu sohaga qadam qo‘yayotgan talabalarga o‘z tajribasidan kelib chiqqan holda yo‘nalishlar berdi.

Tadbir so‘nggida talaba yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan, jumladan, vazirlik tomonidan yosh kadrlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, faoliyat yo‘nalishlari, vazirlik tizimida amaliy malaka oshirishdagi sharoitlar yuzasidan savollarga javob oldilar hamda kelajakdagi rejalari va maqsadlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Axborot xizmati


Report Page