Qishloq xo‘jaligi: taraqqiyot yo‘li islohot va uning izchilligini taʼminlashda
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligiga oid modernizatsiya jarayonlari davlatimiz tomonidan ilgari surilayotgan strategik islohotlarda iqtisodiyotning muhim vositalaridan biri bo‘lib xizmat qilmoqda. Qishloq xo‘jaligida islohotlarni chuqurlashtirish va vazirlik faoliyatini transformatsiya qilishga qaratilgan ustuvor vazifalar, sohaga oid qabul qilingan Qonunlar, Prezident Farmon, Qaror va topshiriqlari ijrosini o‘z vaqtida taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugun Qishloq xo‘jaligi vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktori G‘ofurjon Mirzayev va Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham ayni shu masalalar xususida so‘z bordi.
Dastavval yig‘ilishda, tashkiliy hamda tarkibiy masalalar ko‘rib chiqildi. Prezidentimizning tegishli qaroriga muvofiq shu vaqtgacha Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Azim Nazarov Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi agrosanoat kompleksini rivojlantirish sho‘basi mudiri lavozimida ishlab kelgan Akmal Qosimov hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi moliya-iqtisodiyot va investitsiyalar departamenti boshlig‘i lavozimida faoliyat olib borgan Bunyod Oxunovlar Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosarlari lavozimiga tayinlanganligi maʼlum qilindi.
Qolaversa, yig‘ilishda qishloq xo‘jaligining lokomotivi bo‘lishi kerak bo‘lgan ilmiy muassasalar, ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy taʼlim muassasalari faoliyati tahlil qilindi. Xalqimiz, fermer va dehqonlarimizning qishloq xo‘jaligida bilimini oshirish hamda turmush sharoitini yaxshilash, bozor munosabatlarida qishloq xo‘jaligini o‘rnini oshirish asosiy maqsad ekanligi aytib o‘tildi. Bugun nafaqat foyda beradigan, balki har tomonlama ilmiy asosga ega kashfiyot va tashabbuslar qilishga eʼtibor qaratish kerakligi taʼkidlandi. Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi oldida qator masalalarni ijobiy yechish vazifasi turibdi. Bular suvni tejash, suv balansi va hosildorlikni oshirish, dinamik rejimda sug‘orish ishlarini tashkil etish, g‘alla masalasi, sanoatbop g‘o‘za navlarini ekish, tuproq unumdorligi, tuproq bonitetini aniqlash tizimini takomillashtirish, dala maydonlarining tuzilishidan kelib chiqib ekin ekish va bunda olimlar tomonidan izchil islohot olib borilishida namoyon bo‘ladi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov o‘z navbatida soha oldida turgan hamda davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan qator masalalarga alohida to‘xtab o‘tdi. Jumladan, oziq-ovqat xavfsizligi, mahsulotni qayta ishlash orqali qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish, sohaga marketing va menejment asoslarini keng joriy qilish, klaster fermerlar uchun haqiqiy ko‘makchi bo‘lishi tamoyilini qo‘llash yuzasidan majmuaviy ish olib borish, sunʼiy intellekt va qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, bunda boshqaruvning yangi uslubi, yangi struktura asosida ishlash, shuningdek logistika, xalqaro aloqalar kabi bir qator masalalar keng muhokama qilindi.
Aytish kerak, qishloq xo‘jaligining rivojlanishi bevosita xalq farovonligini taʼminlash yo‘lidagi muhim jarayondir. Zero, mazkur soha rivojida olib borilayotgan saʼy-harakatlar mamlakatda dehqon va fermerlar daromadining oshishiga, yangi ish o‘rinlarining yaratilishi hamda unumdorlikning o‘sishiga xizmat qiladi, albatta.
Tadbirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati, tizim tashkilotlari rahbarlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, viloyat hududiy boshqarmalari boshliqlari ishtirok etishdi.