Qishloq va suv xo‘jaligida MRV tizimini joriy etish bo‘yicha xalqaro tajriba o‘rganildi

Qishloq va suv xo‘jaligida MRV tizimini joriy etish bo‘yicha xalqaro tajriba o‘rganildi


O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Marokashning qishloq va o‘rmon xo‘jaligi hamda suv xo‘jaligi sohalarida issiqxona gazlari emissiyasi inventarizatsiyasini amalga oshirish bo‘yicha tajribasini o‘rganish maqsadida Qishloq, suv va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuv kun tartibida dastlab o‘rmon xo‘jaligi va yerdan foydalanish bo‘yicha mutaxassislar tomonidan MRV tizimini o‘rmon xo‘jaligiga joriy qilish bosqichlari, sohaga tegishli tashkilot va korxonalarning rolini belgilash, mazkur sohalarda issiqxona gazlari emissiyasi va uning yutilishini hisoblash metodologiyalari yuzasidan taqdimot qilindi.

Shuningdek, har bir hududning iqlim sharoiti va yer unumdorligini chuqur o‘rgangan holda issiqxona gazlari emissiyasini yutish bo‘yicha eng mos daraxtlarni ekish va o‘rmonlarni ko‘paytirish yuzasidan tajriba-sinovlari bilan tanishildi.

Bundan tashqari, tomonlar qishloq va o‘rmon xo‘jaligida issiqxona gazlari emissiyasini hisoblash zamonaviy usullari, xususan, dronlar va lazer apparatlardan foydalanish imkoniyatlari hamda natijalarini muhokama qildi.

Tomonlar issiqxona gazlari emissiyalarini qisqartirishda davlat ishtirokidagi korxonalar va xususiy sektor vakillarini jalb qilish, xususan, atrofga daraxtlarni ekish orqali emissiyalarni kamaytirishga erishgan korxonalarga uglerod birliklari sertifikatlarini kompensatsiya sifatida berish imkoniyatlari o‘rganildi.

Uchrashuv davomida suv xo‘jaligi sohasida aqlli sug‘orish instrumentlarini joriy etish, xususan, suvni qayta ishlash orqali sun’iy havzalarni hosil qilish va undan qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orishda foydalanish tajribalari o‘rganildi va O‘zbekistonda ushbu instrumentlarni joriy etish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.

Yakunda tomonlar qishloq va o‘rmon xo‘jaligi hamda suv xo‘jaligida amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.


Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Axborot xizmati

Report Page