Qishloq chetidagi maktab
Sarvinoz Ne’matovna1-qism
Bahor bahorligini qildi – yomgʻir sharros quymoqda. Bunday paytda odatda uydan hech kim chiqmaydi, ayniqsa tunda. Ilgari qishlogʻimizda yomgʻir kuchli yoqqan vaqtda albatta chiroq oʻchardi. Yomgʻir eskirib ketgan transformatorlarga zarar yetkazarmidi yoki shu bahonada elektrni tejashmidi maqsad, bunisi qorongʻu.
Esimda, mana shunaqa tunlarda amakimni, ammamni farzandlari mehmon boʻlib kelishgan vaqtlarida, bobomdan eshitgan turli xil qoʻrqinchli hodisalar haqida gaplashib bir birimizni rosa qoʻrqitardik.
Ayniqsa bir biridan qoʻrqinchli va sirli voqealarni aytishimizda uzoq-uzoqdan chiya boʻrilarning uvillashlari, itlarimizning sirli nimanidir kelganini sezgandek hurishlari yanada vahimali tuyulib, haqiqiy adrenalin boʻlardi.
Qishlogʻimiz togʻlar orasida boʻlgani sababli boʻrilar tunda qoʻylarimizga tez tez hujum qilib turishardi. Bu yerda barcha aholida mollar, xususan qoʻylari bor boʻlib, hamma chorvachilik orqasidan tirikchilik qilishardi. Boʻrilardan himoyalanish maqsadida har bir oilada 2-3 tadan miltiq ham boʻlardi.
Mana hozir yomgʻirning shivirlagan sadosi ostida qishloqqa ketarkanman bobomdan eshitganim bir voqea yodimga tushdi. Har bahorda, yomgʻir yoqqanda bobomning shu hikoyasini eslayman. Bu voqeani eshitganimga 20 yildan oshdi, lekin haligacha eslasam etim jimirlab ketadi. Balki voqeaning uydirma emasligi, bobomning rahmatli ukasi bilan bogʻliq boʻlgani sababli yuragimda chuqur iz qoldirgandir, bilmadim. Xullas bu voqeani eshitganimda 12-13 yoshlar atrofida boʻlganman. Yomgʻirli tunlarning birida bobom uydagi mehmonlarga ukasi bilan boʻlgan gʻalati, sirli voqeani hikoya qilib bergan edilar.
Bobomning aytishicha bu hodisa 1984-yilda, maktabda qorovul boʻlib ishlagan 26 yoshli ukasi bilan sodir boʻlgan.
Avvalo maktab haqida aytsam. Oʻsha maktabda biz ham oʻqiganmiz. Qishlogʻimiz chetida, eskigina bir qavatli maktab bor edi. Qishloq aholisi koʻp emas. Oʻquvchilar soni kam. Oʻqituvchilar esa anqoni urugʻi edi. Bitta oʻqituvchi bir nechta fandan dars berishiga toʻgʻri kelardi. Toʻgʻrisida, togʻlar orasidagi qishloq maktabiga kim ham kelishni istardi deysiz. Oʻqituvchilarni majburlab joʻnatishardi. Shu maktabda bobomning ukasi Abdumalik amaki qorovul boʻlib ishlardi.
1984-yilgi voqealar
– Bolam toʻxta, – Abdumalikni orqasidan onasi oyogʻini sudrab bosgancha shoshib chiqdi, – mana bu nonni qoʻyningga solib olgin, har xil balolardan asraydi jonim bolam. Tunda bir oʻzing boʻlasan axir.
– Sodda onajonim a, non nimadan ham asaray olardi, – kuldi Abdumalik onasining qoʻlini qaytarmaslik uchun nonni olarkan.
– Ota bobolarimiz bir joyga chiqsa oʻzi bilan albatta non olvolishgan bolam, bunda ham bir hikmat borda.
Sodda ona oʻgʻlini duo qilib ishga joʻnatdi. Abdumalik maktabga qorovul boʻlib ishga kirganiga hali koʻp boʻlmagandi. Uni maktabga qorovul boʻlib ishga joylashganini eshitgan odam borki kuladi. Rost-da, eski bir maktab boʻlsa, ichidagi jihozlari maktabdan ham eski. Ustiga ustak hech kimga kerak ham emas. Mobodo oʻgʻri adashib tushib qolsa ahvolga rahmi kelib choʻntagidagi bor pulini tashlab ketadigan holatdagi maktab. Lekin qorovul shtati ochilishi haqida buyruq keldi, shu sababdan ham qorovul olishga majbur edilar.
Abdumalik diniy tomondan ham, dunyoviy ilm tomondan ham juda bilagʻon emasdi. Qisqa qilib aytganda qoʻl bilan ushlab, koʻz bilan koʻrgan narsasigagina ishonadigan yigit. Togʻlar orasida yashab, qoʻylariga hujum qilgan boʻrilarni va ov qilish maqsadida har xil hayvonlarni, qushlarni otaverib diydasi qotib ketgan inson edi u. Mana hozir ham onasining eskicha gaplaridan miyigʻida kulib qoʻydi.
U qishloq chetidagi maktabga yaqinlasharkan shu atrofda yurgan mushukni koʻrib hayron boʻldi. Axir togʻda mushuk nima qiladi? Bu yerda hech kimda mushuk yoʻq edi...
Maktab binosi eshigi oldida turgan mushuk dumini shishirib, koʻtarib, eski bino eshigi tomon qarab turarkan, Abdumalik yaqiniga kelgandagina uni sezdi-yu, vishillab qochib qoldi. "Yovvoyi mushuk" – oʻyladi yigit.
Qiziq yovvoyi mushuklar ham togʻda yashashi mumkinmi? Har holda u bu yaqin yillarda bu yerda mushuk koʻrmagan. Yoki bitta yarimta mushuk asrab olgan-u, jonivor shu yerlarda adashib yurganmikan?!
Eng qiziq tomoni mushuk maktabning kiraverish eshigiga qarab, nimadandir yoki kimdandir qoʻrqqandek holatda turgan edi.
Abdumalik maktab binosiga kirayotganda vaqt shomdan oshgandi. U doimgidek ishni xonalarni koʻzdan kechirib chiqishdan boshladi. Qaysidir xonada adashib yoqib qoldirilgan chiroq boʻlsa oʻchirib chiqishi kerak edi.
Hamma xonalarni koʻzdan kechirib chiqqach, ikkinchi binoga oʻtdi. Ha, maktab 2ta binodan iborat edi. Bir bino har holda taʼmirdan chiqqan, lekin ikkinchi binoni ahvoli xarob edi. Zal ham, xonalarning ham yeri sement qilinmagan, tuprogʻi chiqib yotardi. Shu sababdanmi, yer yaxshigina zax. Bolalar yuguraverganidan tuproq koʻtarilib, hamma joy changga burkanardi. Bu yerda xonalarni ahvoli ham oʻziga yarasha, partalar bir ahvolda. Faqatgina faollar zalini ahvoli tuzukroq, chunki bu yerda barcha tadbirlar oʻtkazilardi, shu sababdan yaxshiroq ahvolda edi.
Abdumalik ikkala binoni ham koʻzdan kechirib chiqqach, oʻzi uchun ajratilgan xonaga kirdi va eski, prujinali karavotga oʻzini tashladi. Qorovul uchun ajratilgan xona mana shu eski va zax binoda joylashgan boʻlib, chiqish eshigini yonginasida.
Oʻrniga yotgan Abdumalik xayollarga berilib ketdi. Bu yerda vaqt oʻtishi juda qiyin. Baxtga qarshi bu togʻlar orasida radio ham ishlamaydi, televizorniku aytmasa ham boʻladi. Bu joylarning aholisi koʻpchiligi televizorni koʻrishmagan ham. Radioni ham televizorni ham unda bunda tumanga yoki tumanlarga yaqin qishloqlardagi qarindoshlarinikiga borganlarida koʻrishgan.
Oʻzi bilgan eski, xalq ogʻzaki ijodidan qoʻshiqlarni oʻziga oʻzi hirgoyi qilib yotgan Abdumalik tashqarida shovqin eshitgandek boʻldi. Menga eshitildi shekilli deya oʻrnida yotishda davom etdi. Oradan ancha vaqt oʻtdi, koʻzi ilingan yigit maktab hovlisidagi taqir-tuqurdan koʻzini ochdi.
U erinibgina oʻrnidan turib, derazadan tashqariga qaradi. Toʻlin oy yorugʻida tashqari yorqin boʻlib, koʻrinib turardi. Maktab hovlisida hech kim yoʻq. Yigit derazani ochib, boshini chiqarib qaradi hamki biror jonzod koʻrinmadi. Yana oʻrniga yotdi. Tun yarmidan oshgan, xona ancha salqinlashib qolgan. U koʻrpani boshigacha yopib, koʻzini yumdi.
Abdumalik endi koʻzi koʻzi ilingan hamon tashqaridan yana shovqin eshitildi. Bu safar taqir-tuqur emas, bolalarning shoʻx kulgisi yangradi. Yigit biroz vaqt bu shovqin tushidami yoki oʻngidami ajrata olmay turdi. Ovoz yanada yaqinroqdan kelgandek boʻldi.
– Iye, bu nimasi, bolalar oʻynayaptimi? – dedi yigit oʻziga oʻzi hayron boʻlib.
Yarim kechasi bolalar maktabga kelishi gʻalati-ku, – xayolidan oʻtkazdi va oʻrnidan turdi. Bu safar derazadan qarab oʻtirmasdan, maktab hovlisiga chiqdi. Hovlida uchta kichkina – aftidan 8-9 yoshli bolalar oʻynab yurishibdi. Bittasi qiz bola, ikkitasi oʻgʻil bola.
– Hoy bolalar, kimni bolasisizlar? – baland ovozda soʻradi Abdumalik. Bolalar undan chamasi 200 metr narida edi.
Bolalar birdaniga Abdumalikka qarashdi va xuddi uni masxara qilgandek qiqirlab kulgancha har tomonga qochib qolishdi. Ular ichidan qizcha koʻmir saqlanadigan omborga qarab yugurdi.
– Hoy qiz, toʻxta, uyoqqa kirma, qoʻrqasan, – baland ovozda dedi Abdumalik.
Lekin qizcha unga eʼtibor ham qilmasdan omborxonaga kirib ketdi. Abdumalik qizchani orqasidan yugurdi...
Davomi bor