Qirqta jon

Qirqta jon

Javlon Juraev

Ushbu bob eng aziz va muhtaram

onalarimiz va opa-singillarimizga bag’ishlanadi

Bugun muhokama qiladigan so‘ngi masala – jinsiy muhimlikdir. Anglab turganingizdek, bu bizda ko‘p uchraydigan erkaklarning ayollardan o‘zini yuqori hisoblash holatidir.

Qadim-qadimdan jamiyatda erkaklar va ayollar o‘rtasida mas’uliyat taqsimoti mavjud bo‘lgan. Ayollar, asosan, uy-ro‘zg‘or va nasl tarbiyasi bilan shug‘ullangan. Erkaklar oilani boqish va himoya qilishga javobgar bo‘lganlar. Erkaklar ishi yaqqol va natijasi aniq bo‘lgani uchun, ular o‘z o‘rinlarini muhimroq deb bilishga odatlanganlar.

Bugun ham mehnat taqsimoti deyarli shunday. Erkak pul topib, oila boqishga, ayol esa ana shu pulni barakali va unumli sarflashga javobgar. Aynan yashash uchun sharoit yaratgani uchun, erkaklar o‘zlarini ayollardan muhimroq deb biladilar. Va bu juda ko‘p hollarda o‘ta xunuk tus oladi.

Mavzuni keng muhokama qilmay turib, sizga asosiy gapni aytib qo‘ymoqchiman. Ayol – eng kuchli inson. Erkakdan ko‘ra ancha kuchli. Uning kuchi bilaklarida emas – uning kuchi butun tanasida. Ayolga yangi hayot yaratish kuchi berilgan. Tog‘larni talqon qilgan bahodirlarda ham bunday quvvat mavjud emas.

Mamlakatimiz qonunlari ayollarning huquqlarini ta’minlashga yetarli. Respublikamiz vazirliklariga ayollar rahbarlik qilgan. Bu ham bo‘lsa qizlar va ayollarga bildirilgan ishonch belgisi. Lekin ayolga hurmatli munosabat har bir shaxs qadriyatiga aylansagina jamiyatda ayollarni ajratishdek ojizlik yo‘qoladi.

Insoniyat tarixiga nazar solsak, ayol hukmdor va sardorlar o‘z boshqaruvidagi jamiyat uchun ko‘p foydali ish qilganlar. Bizning tarixdagi To‘maris va uning xalqni boshqarishdagi g‘ayrati va donoligi haqida ko‘p eshitganmiz. Britaniya imperiyasini qudratda eng yuksak darajaga ko‘targan qirolicha Viktoriya bo‘lgan. Rus imperiyasi ham Yekaterina davrida katta yutuqlarga erishgan.

Ayol hukmdorlar har doim ham janglarda g‘alaba qozonib nom qoldirmaganlar. Ular aynan shuning uchun tarixchilar tomonidan ko‘p ta’kidlanmagan. Chunki tarixchilar asosan jangovar yutuqlar haqida yozishga o‘rganganlar. Lekin hukmdor uchun asosiy yutuq dushmanni yengish va mamlakat yerlarini kengaytirish emas – xalq va jamiyat farovonligini ta’minlashdir. Ayol hukmdorlar esa ana shu yutuqqa ko‘proq erishganlar.

Sof tabiiy jihatdan oladigan bo‘lsak, o‘z instinktidan kelib chiqib, erkaklar buzg‘unchi ishlarga javobgar. Tabiatda bir nima unishi uchun, boshqa jonzot nobud bo‘lishi o‘zgarmas qonundir. Odamzod yashashi uchun ham bir nimalarni nobud qilishga mahkum. Ana shu nobud qilish qismiga aynan erkaklar mas’ul: ular ov qilib, boshqa jonzotlarni o‘ldirib, oila boqadi, daraxtlarni kesib, uy quradi. Keyinchalik bu buzg‘unchilik va hayot uchun kurash yana-da keng tus olgan – erkaklar boshqa xalqlarga yurish qilib, boylik va hokimiyat orttirishga o‘tganlar.

Ayollar esa, o‘z tabiatiga ko‘ra, bunyodkor jonzotdir. Ular yangi hayotni dunyoga keltirishga, uni tarbiyalab, katta qilishga mas’ul. Erkak topib kelgan ne’matlarni kerakli joyda ishlatib, hammaga nafi tegadigan bir nimalar yaratish – ayolning san’ati. Aynan shu bois Bibi Xonim buyuk Temur janglarda topgan boyliklarini yangi va yuksak binolar qurishga sarflagan. Bibi Xonim eng ko‘p bunyodkor ishlarni qilgan bo‘lsa ham, tarixda uning nomi emas, janglarda zafar qozongan Temur nomi balandroq yangraydi...

Bugun ayollarga munosabat muhimlikka asoslangan. Albatta, bu odamning qanday oilada tarbiya ko‘rganiga qarab, turli darajada namoyon bo‘ladi. Lekin umumiy holat erkaklarni ko‘p narsada ustun qo‘yadi. Biz o‘zimiz bilmagan holda qizlar va ayollarni ba’zi narsalarga noqodir deb hisoblaymiz.

Eng yaqqol ko‘rinadigan xato – ayollarni ilm-fan va aqliy mehnatga noqodir deb bilish. Bu qarashni yoqlovchilar ko‘pincha tarixda buyuk ilmiy kashfiyotlarni asosan erkak olimlar amalga oshirganini isbot sifatida keltiradilar. Ammo bu juda sodda va sayoz yondashuv. Birinchidan, ayollar jamiyatdagi mehnat taqsimoti sabab asosan ro‘zg‘or ishlari bilan shug‘ullanganlar va juda ko‘p holatda ularga oddiygina savod chiqarishga ham imkon berilmagan. Agar ayollar ham erkaklar bilan teng ilm olganlarida – ilm-fan tarixi mutlaqo boshqacha bo‘lishi mumkin edi.

Ikkinchidan, avval aytganimdek, tarix ko‘pincha erkaklar erishgan yutuqlarni eslab qolish bilan band bo‘lgan. Kamdan-kam yetishib chiqadigan ayol olimalar erishgan ilmiy zafarlar haqida, afsuski, juda kam ma’lumot saqlanib qolgan.

Nikolay Kapernik haqida ko‘pchilik eshitgan. U quyosh yer atrofida emas – aksincha, yer quyosh atrofida aylanishini matematik yo‘l bilan isbotlab bergan. Ammo undan deyarli ming yil avval yashagan Hipatiya ismli yunon faylasuf va astronom ayoli o‘z davrida yer kurra shaklida ekanini, u quyosh atrofida aylanishi haqidagi taxminni ilgari surgan. U o‘z fikrlarini isbotlash uchun kuzatuvlar olib borgan. Lekin bu kuzatuvlar din peshvolariga yoqmagan va tez orada ular qullar yordamida to‘polon ko‘targanlar. Hipatiya o‘z davri uchun o‘ta ilg‘or g‘oyalarini ilmiy isbotlashga ulgurmay, qullar tomonidan burdalab tashlangan.

Bugun davlat tomonidan qizlar va ayollar ta’lim olishi, ishlashi – umuman, o‘z ilmiy va ijodiy salohiyatini to‘liq namoyon qilishi uchun yetarlicha sharoit yaratilgan. Ammo jamiyatdagi ayollarga nisbatan ayirmachilik va tengsizlik o‘zgargani yo‘q. Bunga aynan jinsiy muhimlik sabab bo‘lmoqda.

Ayollarni erkaklardan past hisoblash arzimagan narsadek tuyilishi mumkin kimgadir. Lekin bu kabi munosabat ba’zida juda achinarli oqibatlarga olib keladi. Jinsiy muhimlik ba’zi odamlarni o‘ta buzg‘unchi ishlarga boshlaydi.

Navbatdagi farzandi ayoli qornida ekanida uning o‘g‘il emas, qizligini bilgan ba’zi “otalar” (bu so‘z qo‘shtirnoqqa olinishga to‘liq haqli – chunki bunday erkaklar otalikka munosib emas) homilani oldirib tashlashni talab qiladilar. Norasida go‘dakning birgina aybi – qiz bo‘lgani. “Ota” jinsiy muhimlikka shu darajada qulki, o‘z farzandini nobud qilishni ham to‘g‘ri ish deb biladi.

Men avvalgi kitoblarda faqat buning mas’uliyatiga tayyor bo‘lganlar farzandli bo‘lishi kerak deb bejiz ta’kidlab o‘tmaganman. Odam turli muhimliklardan o‘zini xalos qilgandan keyingina yangi hayotga posbonlik qilmasa, bu muhimliklar farzandga o‘z soyasini tashlaydi. Jinsiy muhimlik misolida esa hatto go‘dak joniga tajovuz qilishi ham mumkin.

Xalqda ayollarning qirqta joni borligini aytadigan naql bor. Bu ham tabiiy qobiliyat va iste’dodlariga ko‘ra, jismoniy quvvatiga ko‘ra ayollar erkaklardan ancha kuchli ekaniga yana bir ishora. Odamlar yana ayollarni “ojiza” deb ham atashadi. Lekin, menimcha, bu jinsiy muhimlikdan kelib chiqqan ta’kid. Ayollarni ojiz hisoblash ularni har tomondan quyi bilishga sabab bo‘ladi. Axir, siz hech qachon o‘zingizdan ojizroq deb bilgan shaxsni o‘zingizga teng bilmaysiz.

Men sizga ayolni asrang demayman – ayolni hurmat qiling. Uning kuch-qudrati, iqtidorlari, sabr-qanoatini tan oling va qadriga yeting. Uni asrash kerak emas – u shundoq ham o‘zini, o‘ziga qo‘shib naslini ham asrab-avaylashni biladi. Faqat unga ana shu tabiiy vazifasini bajarishga xalal bermasangiz bo‘lgani. Ayollarni erkaklardan quyi deb bilish bizga ularning asl qadrini bilishga xalal beradi.

Bizga hayot bergan, mehr bergan, o‘zlarini baxshida qilgan, umrimizni go‘zallik va mazmunga to‘ldirgan onalarimiz, opa-singillarimiz, rafiqalarimiz, ayollarimiz doim baxtli bo‘lsinlar.

"7QADAM - 5"

Juraev.uz

@yettiqadam_buyurtma

Report Page