Qaysi dasturlash tilini o'qigan ma'qul?! (1-qism)

Qaysi dasturlash tilini o'qigan ma'qul?! (1-qism)

Qobiljon

Qaysi dasturlash kursini tanlagan ma’qul? Har qanday dasturlash yo‘nalishida ham o‘qib-o‘rganish mumkinmi? Aynan qaysi dasturlash yo‘nalishiga moyilligingiz borligini qanday aniqlasa bo‘ladi?

Ushbu maqolada shular haqida!

Dasturlash haqida gapirishdan oldan avvalo IT haqida gapirish zarur. IT haqida gap ketganda ko‘pchilik faqat robotlar, kompyuterlar va smartfonlarni tushunadi. Aslida esa IT juda katta soha. O'rganishni istagan dasturlash tillini tanlashda IT ning aynan qaysi yo‘nalishida ketishni bilish muxim rol o‘ynaydi.

IT (Information Technology – Axborot texnologiyalari) – o‘z ichiga axborot texnologiyalari bilan bog‘liq bo‘lgan barcha sohalarni oladi, bu sohalarga avtomatik ochiladigan eshiklardan tortib, sun’iy yo‘ldoshlargacha kiradi. Lekin, bu qo‘shnini dazmoli yoki kuyib qolga Tefal elektr choynagini tuzatish ham IT chilarni ishi degani emas!

Dasturchi bo‘lishdan oldin avvalo sizning o‘zingiz nimalarga qiziqishingizni aniqlab oling. Agarda siz:

 Robotlar, turli boshqariluvchi texnikalar (dronlar, minisamolyotlar, o‘yinchoqlar, aqlli eshiklar va h.k.) ga qiziqsangiz, unda sizga Python, C++, C#, Java, Go! kabi dasturlash tillaridan birini o‘rganishingiz mumkin. Bu tillarni o‘rganish boshida oson tuyiladi. Chunki boshlang‘ich tushunchalar juda sodda va tushunarli bo‘ladi: “a + b ni javobini toping” yoki “ “Hello world!” degan so‘zni ekranga chiqaring” kabi topshiriqlar bu tillarni sodda qilib ko‘rsatadi, lekin, siz bu tillarni chuqurroq o‘rganganingiz sari “oxirigacha borishga sabrim yetarmikan” degan savolni o‘zingizga berishni boshlaysiz. Shunga qaramay bu tillarni bir qismi universal hisoblanadi, ya’ni, ularni nafaqat robotlar yasashda, balki boshqa sohalarda ham qo‘llash mumkin.

Bu yo‘nalish kimlar uchun: turli tuman topshiriqlar, turlicha yondoshuvlar va aniq qo‘yilgan masalalarni yechishga va doimo ishlashga tayyor bo‘lganlar uchun. Texnikani shidday bilan rivojlanishi bu soha vakillaridan doima yangicha yondoshuvlarni va yangi texnologiyalarni o‘rganishlarini talab qilmoqda. Agarda siz ixtirochilikka, yaratishga qiziqsangiz, chang va noqulay ish sharoitidan qo‘rqmasangiz bu aynan siz uchun.

Telefonlarga dasturlar, o‘yinlar, ilovalar yozishga qiziquvchilar Android Studio, Java, iOS dasturlash yoki Flutter kabi dasturlash tillaridan birini o‘rganishlari kerak. Android Studio va Java asosan android operatsion tizimida ishlovchi qurilmalar (smartfon, planshet, ayrim gadjetlar) uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, iOS dasturlash aynan Apple kompaniyasi mahsulotlari (iPhone, iPad, iMAc va b.) uchundir. Lekin, so‘nggi kunlarda flutter ga bo‘lgan qiziqish ortmoqda. Bu dasturlash tili bir vaqtda ham Android ham iOS qurilmalariga dastur yozishga imkon beradi.

Bu yo‘nalish kimlar uchun: telefondan qo‘li uzilmaydigan, Android/iOS olamida nom qoldirishni istaganlar uchun.

Sayt yaratishga qiziquvchilar uchun avvolo bir narsani bilib olganlari ma’qul: sayt yaratuvchilar odatda Backend va Frontendchilarga bo‘linadi. Bundan tashqari Full-stack deb ataluvchilar ham bor. Ularning farqiga boramiz:

Saytning sizga ko‘rinuvchi qismi: rasmlari, ishoralari, yorliqchalari, sahifalar dizayni, harflar o‘lchami va shu kabi siz ko‘rishingiz mumkin bo‘lgan qismi bilan shug‘ullanuvchilar – Frontendchilar deyiladi. Ularning ishi nisbatan soddaroq, lekin shu o‘rinda ko‘zga tashlanganligi uchun mas’uliyatliroq hamdir. Frontendchi bo‘lish uchun HTML, CSS, JavaScrip, Photoshop, Adobe Illustrator, CorelDraw kabi dasturlarni bilish kerak. Ba’zilar HTML, CSS, JavaScrip ni chuqur o‘rganib ham yaxshigina mutaxassis bo‘la olishgan. Frontendni o‘rganish ancha oson, lekin, uning o‘zi bilan ko‘p narsaga erishish juda qiyin, sizga Backendchi sherik zarur bo‘ladi.

Backendchi – saytning siz ko‘rmaydigan, lekin asosiy ish jarayonini amalga oshiradigan odam. Boshqacha aytganda, saytning dvigatel qismini aynan shu dasturchi yaratadi. Misol uchun, siz biror bir saytga kirib ro‘yxatdan o‘tmoqchi bo‘lasiz, hamma ma’lumotlarni kiritib “OK” tugmasini bosganingizda sayt sizga allambalo yozuvlarni chiqarib xatolik sodir bo‘lganini bildiradi. Qancha ro‘yxatdan o‘tishga harakat qilmang, hech qanday natija bo‘lmaydi. Aynan shu payt Backendchilarni so‘ksangiz bo‘ladi.

Backendchi bo‘lish uchun bugungi kunda siz Python, PHP, Go!, Java, JavaScript (Node.js), Ruby kabi dasturlash tillaridan birini o‘rganishingiz mumkin.

Agar siz ham Frontenddagi dasturlarni, ham Backenddagilarni o‘rgansangiz unda siz Full-stack dasturchi bo‘lasiz.

Bu yo‘nalish kimlar uchun: doimiy ravishda yangilanib turuvchi Python, PHP, Java kutubxonalarini qayta va qayta o‘rganishdan zerikmaydigan, asablari bardoshli va raqobatdan qo‘rqmaydiganlar uchun. Bu yo‘nalishdan ketishning bir ustun tomoni – frilanser bo‘lib, xorijiy tashkilotlarga ishlash imkoniyatining kengligi va bundan tashqari o‘quv markazlarida dars berish imkoniyatining mavjudligidir.


Report Page