Qarzni tarkibiy jihatdan o‘zgartirish-to‘lovga qobiliyatsiz jismoniy shaxsning to‘lov qobiliyatini tiklash tartib-taomili sifatida
“To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga ko‘ra, qarzni tarkibiy jihatdan o‘zgartirish tartib-taomili, bu jismoniy shaxsga nisbatan to‘lov qobiliyatini tiklash va kreditorlarning talablarini qanoatlantirish uchun to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish doirasida qo‘llaniladigan tartib-taomil hisoblanadi.
Jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish
tartib-taomilining joriy etilishi kreditorlarning pul majburiyatlari va soliqlar hamda yig‘imlar bo‘yicha qarziga doir talablarini qanoatlantirishga nisbatan moratoriy joriy etishga sabab bo‘ladi. Jismoniy shaxsning taqiq qo‘yilgan mol-mulkiga nisbatan ilgari belgilangan cheklovlar olib tashlanadi. Jismoniy shaxsning mol-mulkiga nisbatan ta’qiq qo‘yish va uning mol-mulkiga nisbatan boshqa cheklovlar faqat jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ish doirasida qo‘llanilishi mumkin. Ijro hujjatlarini, xususan, undiruvni jismoniy shaxsning mol-mulkiga qaratish bo‘yicha ijro hujjatlarini bajarish to‘xtatib turiladi.
Shuningdek, sud kreditorlar talablarini va jismoniy shaxs manfaatlarini ta’minlashga doir choralar ko‘rishi, shu jumladan jismoniy shaxs mol-mulkining bir qismini tasarruf etishga nisbatan ta’qiq qo‘yishga, jumladan jismoniy shaxsning mol-mulkini sotish bo‘yicha elektron
onlayn-auksion shaklidagi kimoshdi savdosini o‘tkazishga nisbatan taqiq qo‘yishi mumkin.
Jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish
tartib-taomilining joriy etilishi jismoniy shaxs tomonidan muayyan kreditorning talabi pul shaklida bajarilishini nazarda tutgan shartnomani bajarishni bir tomonlama rad etish uchun asos bo‘ladi.
Jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish jarayonida qarzdor jismoniy shaxs va (yoki) kreditor jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish rejasini moliyaviy boshqaruvchiga taqdim etishga haqli.
Agar moliyaviy boshqaruvchi ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ikki yoki undan ortiq shaxsdan jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish rejalarining loyihalarini olgan bo‘lsa, u bunday loyihalarni kreditorlar yig‘ilishiga ko‘rib chiqish uchun kiritadi.
Agar jismoniy shaxsning moliyaviy boshqaruvchisi ushbu moddada ko‘rsatilgan muddat ichida jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish rejasining birorta ham loyihasini olmagan bo‘lsa, u qarzdor jismoniy shaxs bilan hamkorlikda jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish rejasini ishlab chiqish choralarini ko‘radi.
Jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish rejasining loyihasi kreditorlar yig‘ilishi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish rejasi quyidagi talablarga javob berishi kerak:
jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish rejasi taqdim etilgan sanada qarzdor jismoniy shaxs daromad manbaiga ega bo‘lishi kerak;
jismoniy shaxsni to‘lovga qobiliyatsiz deb topish to‘g‘risidagi ariza qabul qilingan sanaga qadar jismoniy shaxsni mayda o‘g‘rilik sodir etganligi uchun, mol-mulkni qasddan yo‘q qilish, unga zarar yetkazish yoki uni shikastlash yoxud soxta to‘lovga qobiliyatsizlik yoki qasddan to‘lovga qobiliyatsizlik alomatlari bo‘yicha ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortish haqidagi ishlar bo‘yicha ish yuritish tugatilgan bo‘lishi, shuningdek jismoniy shaxsning iqtisodiy sohada qasddan jinoyat sodir etganligi uchun sudlanganlik holati olib tashlangan yoki tugatilgan bo‘lishi;
qarzni tarkibiy jihatdan o‘zgartirish rejasi taqdim etilishidan oldingi besh yil davomida jismoniy shaxs bankrot deb topilmaganligi va uning mol-mulkini sotish tartib-taomili qo‘llanilmaganligi;
ushbu reja taqdim etilishidan oldingi sakkiz yil davomida jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish rejasi tasdiqlanmagan bo‘lishi.
Qarzdor jismoniy shaxs moliyaviy boshqaruvchisi talabiga ko‘ra jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish rejasining bajarilishi to‘g‘risida axborot taqdim etadi.
B.S.Ubaydullaev,
Beruniy tumanlararo iqtisodiy
sudi sudyasi