Qaragʼanda poyabzal fabrikasi Oʼzbekiston bilan hamkorlikni boshladi

Qaragʼanda poyabzal fabrikasi Oʼzbekiston bilan hamkorlikni boshladi


 “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboev Qozogʼiston Respublikasining Qaragʼanda poyabzal fabrikasi rahbari boshchiligidagi delagatsiya bilan uchrashdi. Muloqotda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, autsorsing asosida maxsus poyabzallar ishlab chiqarishni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

 Maʼlumot uchun: Qaragʼanda poyabzal fabrikasi 2011 yildan buyon faoliyat yuritib keladi. Mazkur korxona Markaziy Qozogʼistonning yagona maxsus poyabzallar ishlab chiqaruvchisi sanaladi. Qarag'anda poyabzal fabrikasi bugungi kunda ilgʼor texnik jihozlarga ega boʼlgan zamonaviy ishlab chiqarish korxonasi xisoblanadi. Kunlik quvvati 1000 juftni tashkil etadi.

 Uchrashuvda Qozogʼiston korxonasi ishlab chiqarish hajmini kengaytirishni maqsad qilganini, biroq bu yoʼnalishda malakali texnolog va dizaynerlarga extiyoj borligini maʼlum qildi. Shu bois, korxona Oʼzbekistondagi “Ulkan-Laziz” MChJ bilan autsorsing asosida hamkorlikni yoʼlga qoʼyganini qayd etdi.

 Shuningdek, yangi qoʼshma loyihalarni amalga oshirish maqsadida Samarqand viloyatiga tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishish maqsad qilinganligi takidlandi.

 “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati ikki mamlakat oʼrtasida charm-poyabzal sohasida hamkorlikni kengaytirish boʼyicha alohida yoʼl xaritasiga asosan ishlarni tashkil etib, Qozogʼiston korxonalariga amaliy koʼmak koʼrsatishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

 Muloqot yakunida hamkorlikning kelgusi istiqbollari muhokama qilindi.



Report Page