Qanday boshlayman?
BobosherDasturlashga endi qiziqa boshlaganlar qanday va nimadan boshlash haqida ko'p so'rashadi. Bugun sizlarga dasturlashni oson va tezda o'rganishning sirli usulini o'rgataman.
Demak, boshladik. Buning uchun bizga kerak bo'ladi:
kamida 10 yillik tajribaga ega dasturchining qon tomchisi,
oq gorillaning bosh chanog'i,
ota smurfning soqolidan bir tola,
Asteriksning sehrli damlamasi va
hayot daraxtining qurigan shoxi.
Gorillaning chanog'iga sehrli damlama, qon tomchisi va soqol tolasini soling. Aralashmani hayot daraxtining olovida qaynating. Tayyor damlamani har oyning uchinchi shanba kuni quyosh botayotgan mahal ikki qultumdan iching. Ikki oydan keyin kuchli dasturchi ekaningizni his qila boshlaysiz. Kuniga minglab qator kod yozasiz. Google yoki Amazonda ishlash sizning xohishingiz...
Shoshmang-shoshmang, shunchaki hazillashdim :-)
Haqiqatda dasturlashni o'rganishning oson yoki tezkor usuli yo'q(agar o'rtacha darajadan yuqori bo'lmoqchi bo'lsangiz). Sizga kerak bo'ladigani komputer, kuchli ishtiyoq va foydali manbaalar. Agar bilmasangiz, INGLIZ TILINI ALBATTA O'RGANING.
Hozirda o'rganishning 2 ta usuli:
Offline - dasturlash bo'yicha biror o'quv markaziga borib, kurs sotib olish. Bunday kurslar oxirgi vaqtlarda anchagina ko'payib qoldi. Bu ko'proq imkoniyat va tanlov degani.
Online - Udemy, Coursera kabi online ta'lim platformalari orqali kurslar olasiz(tekin yoki pullik), Youtube, Sololearn kabi platformalar orqali ko'plab tekin foydali ma'lumotlar topasiz, dasturlash tili yoki texnologiya yaratuvchilari tomonidan yozilgan rasmiy hujjat(documentation)larni o'qiysiz(bu offline o'rganayotganlar uchun ham tegishli). @python_uz guruhida !links deb yozsangiz, bir qancha foydali linklarni tavsiya qilishadi.
Va eng muhimi, "tushunish" bilan cheklanmang. O'rganganlaringizni amaliyotda qo'llab ko'ring. Har kuni kod yozishni mashq qiling, HAR KUNI. O'zingiz uchun qandaydir kichkina loyihalar qilib ko'ring. Nimagadir o'xshashi shart emas, umuman olganda ishlashi ham. Muhimi, o'sha "nimadir"ni yozishda o'rgangan narsalaringizdan foydalaning. Keyin o'sha "nimadir"ni qanday optimallashtirish haqida o'ylang. Bir narsalar qilib ko'ring. Kodingiz ishlamay qolishidan qo'rqmang. Har kuni nimadir o'rganing, yangi manbaalar toping.
Dasturlashda boshqalar bilan muloqot qila olish juda muhim. O'zingizni dasturchi kabi tutishni o'rganing. "Hello world"ni o'rganib, o'zingizni seniordek tutishni, guruhda yangi boshlaganlarning g'alati savollarining ustidan kulishni nazarda tutmayapman, albatta. Boshqa dasturchilarni(hattoki siz yoqtirmaydigan dasturlash tilida ishlasa ham) hurmat qiling. Savol so'raganda yoki javob berganda iloji boricha tushunarli va to'liq yozing.
Bir narsani unutmang, kurslar sizni dasturchiga aylantirib qo'yadigan sehrli tayoqcha emas. Kurslar shunchaki manbaa. Undan qanday, qachon va qay darajada foydalanish sizga bog'liq. 1-2 ta kurs olib, dasturchi bo'lib olaman deyish umuman noto'g'ri. Dasturchi bo'lish uchun har doim izlanish, yangi narsa o'rganish kerak.
Gapim ancha cho'zilib ketdi. O'rganishdan charchamang. Python bo'yicha savollaringiz bo'lsa guruhimizga yozavering. Qo'ldan kelgancha yordam beramiz.
Aytgancha, Asteriksning sehrli damlamasini topsangiz, menga xabar qiling:-)