Qabriston hikoyalari

Qabriston hikoyalari

4


https://t.me/TillanisoEN

Shatraguxna

Shatrugxna tug`ma rassom edi. Ammo shu qiz  ichidagi  bir rassomni  o`ldirdi. Ammo   ijodkor  insonni, ozod  insonni  saqlab qola  oldi. Sh. ilk sinflardan boshlab o`zidagi rassomni namoyon qilib bo`lgandi. Chindan yaxshi chizardi. Ba’zan suratlardan ko`chirib, ba’zan xayoliy nimarsalarni tasvirlar, rasm o`qituvchimiz ham darsda faqat u bilan shug`illanib o`tirardi. Bir marta o`qituvchimiz Sh.da undan yaxshiroq chizishini, o`zi esa boshqa fakultetga kirolmagani uchun “Chizmachilik”ni o`qiganini, lekin bunga qobilyati yo`qligi aytgandi. Shunday qilib, Sh. rasm darsining yagona yulduzi edi, biz ham baho olish uchun, albomlarimizni unga berib, rasm chizdirib olardik. Ozgina ulg`ayganimizdan keyin, Sh.da multifilm qahramonlari uslubidagi kiyimlar chiza boshladi. Lekin u kiyimlar biror multfilm qahramonlarida yo`q, u kiyimlarni o`zi xayolan yaratardi. Asta-asta multfilm qahramonlaridan aktrisalar, ayollar, bolalar kiyimlariga o`tdi. Bu kiyimlarga va u chizgan turli obrazlardagi qizlarning go`zalligiga qarab mahliyo  bo`lib o`tirardik. Biz ham unga taqlidan turli kiyimlardagi qizlar, modellar chizardik, ammo bizniki beo`xshov chiqar, qancha urinsak ham, durust kiyim yo model chizishni uddalolmagandik. Oxiri daftarlarimizni Sh.ga berib, modellar chizdirib olardikda, ota-onamizga kelib, o`zimiz chizdik deb maqtarnardik. Sh.ning bu mahorati maktabdayam doston bo`lgandi. Yuqori sinf qizlari kelib, “to`yga”, “bayramga” deb har xil uslubdagi kiyimlar chizdirib ketishardi. Va u kiyimlarni avval birov kiymagan bo`lar, orginal narsa chiqardi doim.

Biz ham yuqori sinflarga o`tgach, tikish-bichishga qatnay boshlaganimizni aytganman. Sh. ham bir gal yozgi ta’tilda tikuvchiga qatnagan. Qatnadiyu, bo`ldi – endi kiyimlarni o`zi tikishni boshladi. Ammo u birovga hech qachon kiyim tikib bermagan, bora-bora boshqalarga ham chizib bermay qo`ydi. Chunki tikkan yoki chizgan kiyimlarini odamlar u istayotgandek kiyolmayotgandek tuyilar, xuddi u qilgan ish yerga urilgandek bo`lar. Rost, Sh. faqat o`zigina chizgan va tikkan kiyimlarini yarashtirib kiya olgan. U uchun yarashtirib kiyish– obraz yaratish uchun. Uning har yangi kiyimi har xil soch turmagi, ko`rinish va uyg`un obrazda bo`lar, doim qilgan ishiga shunchaki kiyim emas, obraz deb qaragan, qolganlar uchun esa ming go`zal, noyob uslubda bo`lmasin, bu kiyim edi, Sh. esa ijod qilgan liboslarini obrazsiz umuman tasavvur qilolmasdi.

Hozir men aytgan gaplarni kattaroq dizayner unga aytgandek tasvvur qolayotgan bo`lishi mumkin sizda. Lekin umuman unday emas. Bizning o`quvchilik zamonamizda internet va qo`l telefoni yo`q, qishloqda tikuvchilikdan oshib o`tib, dizayner bo`lgan biror odam ham yo`q, obraz yo libos, dizaynerlik haqida o`qib o`rganishga biror kitob ham. U shunchaki bularning hammasini ichidagi ijodkor savqitabiiysi bilan his qila olardi. O`n ikki-o`n uchli yoshli qiz ijodkorona savqitabiiysigina unga to`g`ri yo`nalish olishiga turtki bo`lgandi.

Sh. fizika, matematikani hammamizga qaraganda yaxshiroq tushinardi, u ko`p ham dars qilishni yoqtirmas, lekin negadir shu fanlar qonun-qoidasini yaxshi tushinar va o`qituvchilarimizning sevimlisi edi. Juda ko`pimizning qiynalagan fanlarimiz aksincha, shu ikki fan bo`lgan.

Sh. va mening tug`ilganim kunim yozda edi. Rama, Bxarat, men va u tug`ilgan kunlarimizga borish odatimiz bor. Lekin ikkalamizniki yozda bo`lgani uchun ta’til payti hech kim kelmasdi. Va faqat ikkalamizgina bir-birimiznikiga borardik. U mening tug`ilgan kunimga ukase bilan kelar, men ham ukamni chaqirar, to`rtalamiz bir nimalar yeb, gaplashib, o`ynab tug`ilgan kun nishonlardik. Yana u har menikiga kelganda, oshxonami, hovlimi tozalab ketardi. Nega bunday qilasan, shartmasku, desam, “ish qilmaslikka va ivirsiqlikka chidolmayman” derdi. Men o`sha paytdayam, hozir ham bunaqa ishlarga toqatim bo`lmagan.

Bir marta uning tug`ilgan kuniga borganman – 13 yoshga to`lishi edi adashmasam. U haqda endi-endi turli mish-mishlar chiqishni boshlagan palla. Momosi o`tib qolgandi, tug`ilgan kuniga uzoqdagi ammasi ham bolalari bilan kelgan. Sh.momosi haqida bizga gapirar berardi. Momosi unga nimadir ish aytganini u qilmaganinimi, xullas, nimadir – ayniqsa ammaning oldida aytib bo`lmaydigan gaplarni kulib-kulib aytib berardi. Bu gaplardan  “momo  bu uyda zulmda  yashabdida”, degan xulosa chiqardi. Ammasi Sh.ni tinglar, tinglab turib “voy bechora  onaginam, shu ahvolda yashadingizmi” deb bosh chayqab o`tirardi. Keyin ammasining bosh chayqashidan bezillagan onasi ham “bo`ldi qil, endi” deb turtib qo`ydi. Sh.onasiga va ammasiga bir kulib qarab qo`ydida, gapida davom etaverdi. U boshqalar dard bilan qabul qilayotgan gaplarni, kulib-kulib og`riqsiz gapirardi va gaplarim o`zimning ziyonimga ham deb o`ylamasdi. Sirasini aytganda, bunaqa gap-so`z, holatlar har uyda bo`lardi, bizning uyda ham. Ammo hech kim boshqalar oldida o`zini gap-so`zga qo`yadigan yo obro`sini to`kadigan gapni gapirmasdi, gapirmaslikka qattiq tirishardi. Sh. buning farqi bo`lmagan, u shu gapalrni ayta turib, na momosiga zulm bo`ldi deb, na o`zini va oilasini yomon ko`rsatyapman deb o`ylamagan. U tabiatan shunday edi. Bor narsani boricha tabiiy gapirar va qabul qilardi.

Sh. haqida ilk marta jiddiy o`ylab ko`rishim o`shandan boshlangan. Chunki bizda ayni “men” shakllanayotgan davr  – men doim ota-onama ko`zidayam, qarindoshlarim, atrofdagilar ko`zidayam doim odobli, maqtovli qiz bo`lishga doim tirishardi, buning uchun nima kerak bo`lsa qilardim, Sh. esa bunga umuman parvoyi palak edi, u bu narsalar haqida o`ylamas doim rostini aytar va rost deganini qilardi. Biz uning su odatiga Rama, Bxarat va men – uchalamiz doim qoyil qolganmiz. Rama va Sh. erga teggach, bir sababi bahona bilan uchalamiz ko`rishib qoldik. Rama eri bilan urishganini aytib qoldi. Sh. esa doimgi qaqajonligi bilan “ha, uyga kirib ikki kun yotging kelganda, ish qilishdan charchagansan, shunga urishgansanda, xotinlar boshqa nimayagam urishardi” dedi. Rama esa javoban “ Yaramas, doimgidek rostini ayting-qo`yding. Rostdan ham ikki kun uydan chiqmayd yotdim” degandi.

Sh. o`smirlik davri jasorati boshlangan bo`lsa, menda uning ta’sirida tobora o`zimdan uzoqlashish, bekilish davri boshlanib borardi. Shuning uchun ham uni maktab davrimdagi menga eng ko`p ta’siri bo`lgan dugonam  deb bilaman. Sh. ning o`zi istagan kiyimlarni tikib kiyishi o`sha qishloq darajasida ham bir jasorat edi. Chunki hamma qiz ham bunday obrazlarda kiyinishni istagan bilan, jur’at qilolmasdi. Gap ota-ona ruxsat berishida yo nazorati ham emas, odamalrning e’tiborini tortishdan nogoh biz haqimizda kimdir yomon gapirib qo`yishidan, “yomon qiz” bo`lib qolishdan qo`rqardik. Uning mana shu obrazlari, kiyimlari va yurish-turish qishloqdagi eng old yigitlarning e’tiborini, buning orqasidan qolgan qizlarning hasadini, orqasidan qishloqdagi erkagu ayolning pichir-pichir gaplarini tortdi. Uning o`zi 7-sinf paytimiz o`ziga yigit tanlab qo`lgandi, bitta rangpar, bo`ylari uzun bolani tanladi. Mening ko`zimga juda shalviragan bola ko`rinardi. Unga nega kelib-kelib shu bilan gaplashyapsan, nimasini yaxshi ko`rding, buning shalviraganu, desam, doimgidek xaholab kuldi, lekin javob bermadi. Hozir qarasam bu qiz hayotidagi hech narsaga jiddiy qaramagan, xuddi o`yin o`ynab yurgandek ekan. Aniq biladigan shuki, bularning birortasini atay qilmagan, shunchaki fe’li edi, bo`lgani shu edi. Ozi ham bu yigit bilan ko`p qolishiga ishinmagan bo`lsa kerak ehtimol. Keyin boshqa yigitlar uning yigitiga tinchlik bermasdi, Sh. “bo`ldi, men shu yigitni tanladim” desa ham, yigitlar unga ishonmas, xuddi men kabi Sh.day qizning  u bilan oxirigacha qolishiga ko`zi yetmasdi. Shunga bechora yigitni mazaxlashar, urishar, ammo yigit ham bodi edi. Sh.qolganalrni emas, uni tanlaganidan ruhlangan yo u Sh.ga o`yin deb qaragan, bu o`yinni oxirigacha o`ynamoqchi edi. Ammo ora-orada Sh.ning boshqa yigitlar bilan gaplashgani, sovg`a olgani, qaysi yigitlar kechqurun ham uyi oldida izg`ib yurishi haqidagi gaplar chiqib turardi. Nima bo`ldiyu, shalviragan bilan uning orasi uzildi. Hamma gaplar o`shanda avj oldi yana. Falon bilan gaplashibdi, qulon bilan gaplashibdi, kechqurun u bilan ko`risharkan, kunduz u bilan… Falonqada kiyinibdi, yelkasi ochiq ekan, shunaqa ko`ylak tikibdi o`ziga, sochini sariqqa bo`yabdi – haqiqiy buzuq ayollar sochrangi, ko`ylagida tizzasigacha atres ochibdi, bugun to`yga borarkan kechga, kelin qolib hamma unga qaraydi endi, ortidan necha yigitni ergashtirib ketarkan xuddi qanchiq itlarni ergashtirgan kabi…  Bu gaplar u haqdagi hali oddiy gaplar edi. Aytgancha, bu paytga kelib biz 7-sinfni tugatgan, 13 yoshdan o`tib, 14 ga qadam qo`ygan – Julyettaning yoshiga yetgandik  va maktab ta’tilida.  To`ylarda ham yigitlar uning orqasidan xuddi poyezd vagoni kabi uyilib, qator bo`lib o`tirar, boshqa qiz va ayollar ko`zi bilan Sh.ni qidirar va o`qrayib qarab, pichirlab g`iybat qilib  o`tirardi.

8-sinfga o`tkanimizda yanayam boshqa gap  chiqdi, Sh.telefon olibdi, endi battar avjiga chiqadi degan. Qishloqning ayollardan battar g`iybatchi erkaklari bor – bizning do`konimiz bor va bu qishloqning markazi , odamlar kelib, do`kon oldidagi stullarda o`tirib gaplashib turishardi, bir gal eshitsam, otamga bir yoshi katta odam Sh.ni yomonlardi – o`zim ko`rsim, faloncha bilan yotdi, quloncha bilan yotdi, kuppa-kunduz kuni edi, ha, ko`rdim dalasining burchagida edi. Keyin borib otasigayam aytdim, qizing shunday qildi deb, falon-pismadon…

Bu gaplarning deyarli ko`pi yolg`on edi. Men ichkarida eshita turib, shunday kap-katta odamalar ham kichkina qizchalar haqida shu tarzda gapirarkanda deb hayratlandim. Mening nazarimda  kattalar aqlli mavjudotlar bo`lib tuyilardi o`sha paytlar. Keyin yana Sh.haqida o`yladim, u o`zi haqidagi shuncha gapning ichida qanday yashaypti, yo bularni eshitmayaptimi, yoki chindan bu gap so`zlardan ko`ra muhimroq narsa bordir u uchun? Nima bo`lsa ekan? Sevgi? Nahotki sevgigaga tashnalik, ehtiros degan narsalar shu qadar kuchli bo`lsa? Nimaykan o`zi u qizlarda va yigitlarda bu yoshda uyg`onadigan his? Men nega bunaqa tuyg`ularni hech his qilmaganman? Uning ota-onasichi, nega qizlarining qilmishlari va u haqdagi gap-so`zlarga parvo qilishmaydi, yo o`zlariyam betayinmi? Agar mening ota-onam o`rnida bo`lganida bormi?

Mening ota-onam uning ota-onasi o`rnida bo`lmasa ham, Sh. dugonamligi uchun yaxshigina nazorat o`rnatishdi, 8-sinfligimda boshqa maktabga olishi hatto, ammo moslasholmay ikki haftada qaytib keldim, ammo Sh.bilan salom-alik qilsam ham, yurmasdim endi. Dugona emasdik go`yo ortiq. Men ham qolganlar tarafiga o`tdim. Xuddi kayvoni kabi endi u haqda birov so`rab qolsa, naqadar buzuq qizligini aytib huzur qila boshladim. Boshqalar bu gapimga javoban “ eh senginaya, naqadar aqllisan, qara sendek dugonasi bo`lgan ekan, sendan ulgi olmagan, sen qayerdayu, u qayerda, odamni shayton yo`ldan ursa qiyin – yoshmi u, kichikmi, farqi yo`q”, deb boshini sark-sarak qilishar, mening u haqdagi gaplarimga rag`bat o`laroq boshimni silab qo`yishardi. Men endi odatdagidan ko`proq o`t o`rardim, har kuni tongdayam, kechdayam, qishdayam hovli supirardim, kiyimlarim iloji boricha e’tibor tortmasligiga urinardim, yanayam uzunroq va kengroq bo`lsin uchun, iloji bo`lsa onamnikini kiyardim, momom qari deb unga yaxshilik qilishga shu qadar kirishib ketdimki, faqat yeydigan ovqatini chaynab bermadim, ko`tini artib qo`ymadim xolos, hamma g`amxo`lrikni qilardim, garchi momom hali kuch-quvvatdan qolmagandi. Istagim faqat maqtov eshitish, otamning qarindoshlari momomga yaxshi qarashyapti deb o`ylasin, ayniqsa, meni yaxshi desin… Qo`shni kelinlarga ham suv tashib berardim. Meni yaxshi desin uchun… Ota-onam aytgan bir gapni ikki qilmasdim , avvalgidek hech narsaga e’tiroz ham bildirmas, qaytanga ular qanday aytgan bo`lsa, ikki hissa ortiqroq bajarardim hamma narsani. Bularning evaziga o`zimga siylov oldim “ bechoraginayey, biram yaxshiyey”. Ha, men bechoragina edim va boz ustiga yaxshi ham edim. Yana qaydadir, men va Sh.ni solishtirib gapirayotganda, boshimni tik ko`tarib qaramasligim, birovga ko`zimni tik ko`tarib gapirmasligim haqida alqov eshitib qoldim. Endi doim boshimni egib yuradigan bo`ldim, maqsadim yanayam aqlliroq, odobliroq ko`rinish edi. Onam, xolalarim doim Sh.haqida gap ketsa, uning qanday buzilib ketganini , mening qanday aqlli qiz bo`lib ulg`ayayotganimni aytib, maqtashardi. Xullas, shu darajada maqtovli qiz bo`lishga kirishib ketdimki, menda avvalgi bo`lgan xarakter chizgilarining birortasi deyarli qolmayotgandi – mendagi “men” shakllanmay, qayerlagadir uloqtirildi. Men o`z qiyofamni shakllantirmadim, shakllantirolmadim ham, qishlog`imning “yaxshi qiz” ta’rifiga beradigan umumiy qifoyasini qabul qildim, men ‘men” ni emas, “yaxshi qiz” personasi yaratdim. Men ayni dunyoni paypaslab ko`radigan, tuyg`ularim uyg`onib, nimanidri istash-istamaslik, qiziqish va ehtiroslar uyg`onadigan pallam –  o`zim bo`lib shakllana boshlashim kerak bo`lgan pallamda, birdan o`zimda uzoqlashdim, va o`zimdagi eng yaxshi fe’l atvorlarni ham qisman boy berdim. Men kollektiv ong ta’siri tushdim, endi qo`y kabi boshqalarga o`xshab barashni istardim, lekin shu qadar barayki, ovozim, borligim ham boshqalarga halal bermasin va borligimni ham birov bilmasin. Keyin borligimni bilmaganlari haqqi “eya, qara, sen ham bormiding, shu qadar ma’sumginasan, borligingniyam birov bilmaydiya” deb yelkamga urib qo`ysinlar… Bor-yo`q istaydigan shu bo`lib qoldi.

Bularning hammasi faqat bitta narsa ta’sirida edi – Sh.haqdagi gaplardan azbaroyi qo`rqib ketganimdan. U haqdagi gap-so`zlarning bir uchi menga tegsa, yo men bilan ham qandaydir gap-so`z bo`lsa, ota-onam meni o`ldirib qo`yadi deb o`ylaganimdan, bunaqa gap-so`z chiqsa, butun kelajagim rasvo bo`ladi, menga tayinli er chiqmaydi deb o`ylaganimdan, umuman, yomon bo`lishdan, yomon deb qaralishdan qo`rqqanimdan…

Sh.ning bu tomondan mendan va men kabi tengdoshlaridan bir ustunligi bor edi : u o`z “men”ini tanladi. U kollektiv ongga ergashmadi. Hamma ham bunday gap-so`z ichida mutlaqo faqat o`ziniki to`gri ekaniga ishonib, yo`lida davom etavermaydi. U o`zi nimani his qilsa, shunga ishondi va shunga ergashdi. Aslida Sh. kabi yigitlar bilan gaplashadigan qizlar undan ham ko`p, axir yana bitta sinfdosh dugonam hech kutilmaganda tug`ib qo`yganini aytgandim. Faqat ularniki yashirin edi, uniki esa oshkor. Oshkor bo`lganda ham uning o`zini namoyon qilishigina oshkor edi xolos. Men u haqdagi ming turli gaplarga hozir ishonmayman. Bu gaplar juda bo`rttirilganini ham bilaman. U 14 yoshda har bir yoshda bo`lishi mumkin bo`lgan qaynoq hislarni yashadi xolos, buning uchun odamalr tomonidan og`zaki sazoyi ham qilindi. Ammo u bunga parvo qilmadi, nazarimda hech qachon u hech kimga parvo qilmagan, ota-onasi ham shu sabab inmaday qo`ya qolgan. Aslida uning o`sha yurish-turishiyu kiyimlari, oshiq yigitlar bunchalik gap-so`zga asos bo`lmasligi kerak edi. Bor-yo`g`i odamalr ko`nikmagan, o`rganmagan nimanidir namoyishkorona qilib qo`ygandi. Ammo buni o`zi bilmagan. Chunki uning fe’li doim shunday bo`lgan, borini ko`rsatgan, yo`g`ini yashirmagan va oshirmagan ham.

O`sha shalviragandan keyin u bir necha yigitlarga nomi taqalaverib, taqalaverib, keyinroq o`zidan 10 yosh katta polvon yigit bilan gaplashyapti ekan gap chiqdi. Bu gap rost edi. O`sha polvon yigitni maktab stadionida Sh.ning chiqishi poylab turganlarini ko`p bor ko`rganman. Polvon yigit bilan gaplasha boshlagach, o`z-o`zidan boshqa yigitlar ortidan kelmay, ilashmay qo`ydi. Hamma polvonning g`azabidan qo`rqardi. Polvonning akasi yaqindagina or uchun talashib, qamoqqa tushgan, hech narsadan tap tortmaslar avlodi edi. Boshida ko`pchilik u yigitga ham “ha, o`ynab ko`rishga yaxshi qo`g`irchoq topibsanda degan”, yigit inkor etgan “ Qanaqa o`yinchoq, men uni yaxshi ko`raman va uylanaman”, degan. Keyin odamlar “o`la, kelib kelib, mingtadan qolganga ulanasanmi”, deyishmoqchi bo`lishgan, lekin aytolmagan, chunki chakkasiga bir musht kelib tushishidan qo`rqqan. Sh. ham chindan polvonni sevib qoldimi, endi avvalgidan sho`x-xandon emas, anavi shalvirgan haqida nimadir gapirilsa, kulardi qah-qahlab, bunda esa negadir ma’yus edi, yo`qotishdan qo`rqib qolgandi. Hatto ikkalasi urishib qolgani uchun o`zini o`ldirmoqchi bo`libdi SH.degan ham gap chiqdi.

Polvon so`zida turdi, Sh.ning turmush yoshiga yetishini kutdi, lekin o`shangachayam gap-so`zlar tinmadi, Sh. hali hamon o`sha yurish-turishlarini, obraz va kiyimlarini qo`ymasdi, uni ko`rganlar doim biror kino aktrisasi qishloqqa kelib qoldimikan deb taajjublanardi. Lekin gap-so`zlar sal bosilgandi, ayniqsa, polvonning sevgisi va qat’iyati tufayli. Ammo to`ylari arafasida odamalr yana bir gap qildi : qara, 27 ga kirdi, otasidan o`n yosh kichikdir, kuyovning sochiga oq tushibdi, gulday qiz, yoshi o`tganga tegyapti”.

Nihoyat, qishloqdagilar Sh. kabilar ham o`zi istagan va sevgan odamiga tegishi mumkinligini ko`rishdi, ko`rishdiyu ham g`ayirligi, ham g`azabi keldi, keyin “o`zi hamma baxtni xudo shunaqa suyuqlarga beradida” deb nafrat bilan qarashdi. Ularning g`ayirligi uchun sabab bor edi – polvon allaqachon alohida uy-joy qilib qo’ygan, toparmon-tutarmon, ancha-munchadan yaxshi yashaydi. Sh. men to`rtta aka-ukangning xotini va ota-onang bilan yashamayman, alohida uy qilasan deb talab qo`yganmish boshidanoq. Sh. erga tekkach ham o`sha yurish-turishi edi. Kleinlarga o`xshab zarli yo yaltur-yultur kiymadi. Podiumlardagi modellar yo Estrada yulduzlari kabi o`ziga obraz yaratib, kiyim tikib, yurish-turishda davom etdi. Sochini ham goh sariqqa, dam yashil yo och pushtiga bo`yardi, bunga o`rganmagan qishloq odamlari endi g`iybat uchun og`iz juftlaganda, birdan eri bolrigi esiga tushadi, ha eri bo`lsa nima, eri bo`lib, yurib ketadigan ayollar ozmi deb endi gapiraman deganda, yana erining uncha-muncha odam emasligi, agar shunaqa bo`lganda na xotini, na unga yaqinlashgan erkakni tirik qoldirmasligi yodiga tushadi. Ha, go`zallik o`ziga munosib bo`lgan, uni himoya qila oladigan or bilan uyg`un bo`lgandagina toptalmaydi! Yana bu odamlar sevgi degan tuyg`ular ham borligini bilishadiyu, lekin  boshlarini sarak-sarak qilishadi “er-xotin o`rtasida shuncha yil ichida sevgi qolarmidi, polvon buning nimasiga mahliyo ekan, namuncha xotin quli bo`lmasa”, deb ichida o`ylashadi.

To`yidan olti yil o`tib uni ammamning qizining to`yida ko`rib qoldim. Sh. xuddi avvalgiday edi, qaqajonligi, kiyinishi, fe’l- xuyi, so`zlari… To`g`ri, avvalgidek to`ylarda ortidan bir dunyo yigit qalashib turmaydi, uning go`zalligi avvalgiday e’tiborniyam tortmaydi, chunki endi u shunchaki go`zal va yanada go`zal bo`lishni biladigan qiz emas, ayol, ona. Ammo shunda ham viqor obrazlarida mag`rur turadi, mag`rur yuradi. Uning o`n to`rt- o`n besh yoshida qanchalik qishloq odamalrini talavasaga solgnalarini o`smir qizlar ham eshitgan, yaxshi biladi, ko`zining qiri bilan unga qarab qo`yishadi, nimasinidir ko`chirishni istashadiyu, lekin bunday qila olishmaydi. Ayollar esa och pushti sochlariga qarab bir kulgusi, bir g`ayirligi keladi. Kiyimlariga boshdan oyoq nazar solib chiqishadi, bir-ikki yillik kelinchaklar, uning olida o`zini qarimsiqday his qiladi – qanday qilib xipchabelligini, go`zalligini saqlab qoldi deb o`ylanishadi. Kattaroq ayollar esa “ tavba qildim, bir balo bora, 16-17 yoshli  navnihol qizchadek haliyam”  o`zaro pichir-pichir qilishadi.


Report Page