"QVZ" nizomi
ISFTISFT (International School of Finance Technology and Science) instituti talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining Talabalar ligasi 2024 yilgi mavsumini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi
N I Z O M
Mazkur Nizom ISFT (International School of Finance Technology and Science) instituti talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining Talabalar ligasini (bundan keyingi o‘rinlarda Tanlov deb yuritiladi) o‘tkazish tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Tanlov ISFT institutida tahsil olayotgan talabalarning ijtimoiy-ma’naviy bilimlarini yanada mustahkamlash, iqtidorlilarini aniqlash, jamiyat hayotidagi ijtimoiy faolligini oshirish hamda ularni Vatanimiz, xalqimiz, milliy qadriyatlarimiz, tarixiy-ma’naviy merosimizga hurmat va sadoqatli qilib tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularga o‘z ijodiy salohiyati va iqtidorlarini namoyish etish uchun imkoniyat yaratish, zararli ta’sirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga bo‘lgan qat’iy ishonch va qarashlarga ega qilib tarbiyalash, talabalarda jamiyat hayotiga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish hamda tanlovning yuqori turuvchi Premer va Oliy ligasiga tayyorlash maqsadida o‘tkaziladi.
II bob. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish
2. Tanlov 2024 yilning mart-aprel oylarida o‘tkaziladi.
3. Tanlovda ISFT instituti (keyingi o‘rinlarda – OTM deb yuritiladi) talabalaridan iborat fakultet (yo‘nalish, kurs yoki guruh) QVZ terma jamoalari hamda OTM terma jamoalari (keyingi o‘rinlarda – jamoa deb yuritiladi) ishtirok etadi.
4. Tanlov quyidagi ikki bosqichda o‘tkaziladi:
a) Birinchi – OTM bosqichi;
b) Ikkinchi – Hududiy bosqichi.
5. Birinchi – OTM bosqichida dastlab OTM fakultetlari (yo‘nalishlari, kurslari yoki guruhlari) miqyosida ichki kasting formatida fakultet (yo‘nalish, kurs yoki guruh) jamoasi shakllantiriladi.
So‘ngra mazkur jamoalar o‘rtasida, belgilangan muddatlarda OTM ichki chempionat bo‘lib o‘tadi. Ushbu bosqichning umumiy mavzusi “To‘qlikka – sho‘xlik!” hamda bosqich Nizomning IV bobida keltirilgan shartlar asosida o‘tkaziladi, ya’ni shartlardan 2 (ikki) yoki 3 (uch)tasi tanlab olinadi. Mazkur jarayon OTM badiiy kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
Bosqich yakunlariga ko‘ra eng ko‘p ball to‘plagan jamoa OTM g‘olibi deb e’lon qilinadi. Shuningdek, 2-, 3-, 4- va h.k. o‘rinlarni qo‘lga kiritgan jamoalarning eng iqtidorli a’zolarini jalb qilib, g‘olib jamoa negizida OTM terma jamoasi shakllantiriladi hamda navbatdagi bosqichda ishtirok etish uchun tavsiya etiladi.
6. Ikkinchi – hududiy bosqichi belgilangan reja-jadval asosida OTMlararo o‘tkaziladi. Final Nizomning IV bobining 13-, 14- va 17- bandlaridagi shartlar asosida o‘tkaziladi.
Bosqich yakuniga ko‘ra 1-, 2-, va 3-o‘rin egalari hamda nominatsiyalar g‘oliblari aniqlanadi.
III bob. Jamoalarga qo‘yiladigan talablar
7. OTM badiiy kengashi tomonidan xar bir ishtirokchi jamoa mansub fakultetda (yo‘nalishda, kursda yoki guruhda) doimiy faoliyat yuritadigan hodim (fakultet dekani yoki mutanosib lavozimdagi shaxs) jamoa uchun mas’ul etib belgilanadi.
8. Jamoa uchun mas’ul shaxs:
jamoani shakllantirilishi va tayyorgarlik jarayoni uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratilishiga;
jamoaning imidji, sahna ko‘rinishlarining mazmun-mohiyati, odob-axloq me’yorlariga (raqib jamoalar, ularning a’zolari va tashkilotchilarga nisbatan qo‘pollik qilmasligi, odamlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmasligi, ularga asossiz psixologik va jismoniy ta’sir ko‘rsatish holatlariga, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi, hakamlar hay’ati tomonidan qabul qilingan qarorlarga sharh bermasligi va ushbu qarorlarni muhokama etishga yo‘l qo‘ymasligi) rioya qilishiga;
jamoa a’zolarining har biri Badiiy kengash tomonidan o‘tkaziladigan tahrirdan (muharrir ko‘rigi) o‘tishi, bellashuvlar bo‘lib o‘tadigan joyga o‘z vaqtida kelib-ketishi va xavfsizligiga javobgar etib belgilanadi.
9. Tanlovda faqatgina OTMning ma’lum bir fakultetida (yo‘nalishda, kursida yoki guruhida) o‘qiydigan yoki doimiy ravishda ishlaydigan o‘g‘il-qizlar ishtirok etishi mumkin.
10. Tanlovda jamoa a’zolarining umumiy soni 6 (olti)dan 12 (o‘n ikki) nafargacha etib belgilanadi.
11. Jamoa o‘z chiqishlarini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida mutaxassislar (ssenariy muallifi, ovoz operatori (DJ), rejissyor va h.k.) yordamidan foydalanishi mumkin.
12. Jamoalar tomonidan o‘z chiqishlari davomida Tanlovning yuqori turuvchi Premer va Oliy ligalarining avvalgi yillardagi mavsumlarda ishlatilgan hazillar va sahna ko‘rinishlarini ishlatish qat’iyan man etiladi.
IV bob. Tanlov shartlari
13. Tanishtiruv sharti. Ushbu shartda jamoalar o‘zlarini tanishtirish xarakteriga ega bo‘lgan ko‘rinishlari, hazil-mutoyiba, kuy-qo‘shiq, raqs va boshqa satirik-yumoristik sahna ko‘rinishlari uyg‘unlashgan holda chiqishlari tavsiya etiladi.
Ushbu shartdagi chiqish mazmunan jamoalar nomini ochib berishi, o‘zlari tahsil olayotgan muassasa hayotining qiziqarli voqeliklari, talabalaring o‘y-kechinmalari hamda yoshlar orasida uchrab turadigan salbiy illatlarni yumor orqali tanqid qilishi, shuningdek jamoaning boshqa o‘ziga xos xususiyatlari haqida ma’lumotlar, lavhalar keltirishi tartibida bo‘ladi.
Ushbu shartda jamoalar chiqishi uchun 5 daqiqa (tomoshabinlar jamoalarning chiqishlariga nisbatan munosabatlari, olqishlar, qo‘llab-quvvatlashlar va hokazolardan tashqari) vaqt ajratiladi.
Ushbu shartda jamoalar chiqishlarining mazmuni, hazil-mutoyibaga boyligi, quvnoqligi, rang-barangligi, kuy-qo‘shiq, raqs ijrosi, ishtirokchilar ijtimoiy mahorati baholanadi. Tanishuv sharti 5 ballik mezonda baholanadi.
14. Biatlon sharti. Ushbu shartda har bir jamoadan 1-3 nafargacha ishtirokchi qatnashishi mumkin.
Ishtirokchilarning soni bellashuv bosqichlaridan kelib chiqib belgilanadi.
Jamoa ishtirokchilari 2 tadan qisqa hazillarni o‘qib eshittiradi. Ushbu shartdagi birinchi davra yakuniga yetgach, Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra jamoani 1 nafar ishtirokchi (yoki jamoa) tark etadi. Shart shu tariqa davom etadi va birinchi bo‘lib ishtirokchilari qolmagan jamoa, bellashuvda 5 ta jamoa ishtirok etgan taqdirda 0.6 ballni qo‘lga kiritadi. Agar ishtirokchi jamoalar soni o‘zgargan taqdirda ballar jamoalar soniga mutanosib ravishda belgilanadi.
Shu asnoda ... 0.7, 0.8, 0.9 hamda 1 ball egalari aniqlanadi.
Ushbu shartda jamoalar o‘qib eshittirayotgan qisqa hazillarning mazmuni, hayotiyligi, dolzarbligi, yoshlar ma’naviyatiga ta’siri, hazil-mutoyibaga boyligi, shuningdek ishtirokchilarning ijro mahorati baholanadi.
15. Musiqiy biatlon sharti. Ushbu shartda har bir jamoadan
1-3 nafargacha ishtirokchi qatnashishi mumkin.
Ishtirokchilarning soni bellashuv bosqichlaridan kelib chiqib belgilanadi.
Jamoa ishtirokchilari 2 tadan qisqa-musiqiy hazillarni og‘zaki o‘qib eshittirishadi (jonli kuylab berishadi). Ushbu shartdagi birinchi davra yakuniga yetgach, Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra jamoani 1 nafar ishtirokchi (yoki jamoa) tark etadi. Shart shu tariqa davom etadi va birinchi bo‘lib ishtirokchilari qolmagan jamoa, bellashuvda 5 ta jamoa ishtirok etgan taqdirda 0.6 ballni qo‘lga kiritadi. Agar ishtirokchi jamoalar soni o‘zgargan taqdirda ballar jamoalar soniga mutanosib ravishda belgilanadi.
Shu asnoda ... 0.7, 0.8, 0.9 hamda 1 ball egalari aniqlanadi.
Ushbu shartda jamoalar o‘qib eshittirayotgan qisqa hazillarning mazmuni, hayotiyligi, dolzarbligi, yoshlar ma’naviyatiga ta’siri, hazil-mutoyibaga boyligi, shuningdek ishtirokchilarning ijro mahorati baholanadi.
16. Estrada miniatyura teatri sharti. Ushbu shartda sahnada bir vaqtning o‘zida 3 nafardan (alohida hollarda 5 nafardan) ortiq ishtirokchi qatnashishi mumkin emas, shu bilan birga mazkur shartda hayotda (xususan, talabalar hayotida) uchraydigan turli xil qiziq voqeliklar, illatlar, kamchiliklar kulgi ostiga olingan yaxlit teatrlashtirilgan lavhalar (ko‘rinishlar) namoyish etiladi.
Ushbu shartda jamoalar chiqishlari uchun 5 daqiqa vaqt (tomoshabinlar jamoalarning chiqishlariga nisbatan munosabatlari, olqishlar, qo‘llab-quvvatlashlar va hokazolardan tashqari) ajratiladi.
Jamoalar chiqishlarining mazmuni, hayotiyligi, dolzarbligi, tanlangan g‘oyaning originalligi, hazil-mutoyibaga boyligi, yoshlar ma’naviyatiga ta’siri, quvnoqligi, rang-barangligi, ishtirokchilar mahorati 4 ballik mezonda baholanadi.
17. Musiqiy chiqish sharti. Ushbu shartda musiqalar, qo‘shiqlar, taniqli san’atkorlar qo‘shiqlariga o‘xshatmalardan keng foydalangan holda hayotda (xususan, talabalar hayotida) uchraydigan turli xil qiziq voqeliklar, illatlar, kamchiliklar kulgi ostiga olingan teatrlashtirilgan lavhalar (ko‘rinishlar)dan iborat chiqishdir.
Ushbu shart ijrosi uchun jamoalarga 8 daqiqadan vaqt (tomoshabinlar jamoalarning chiqishlariga nisbatan munosabatlari, olqishlar, qo‘llab-quvvatlashlar va hokazolardan tashqari) ajratiladi.
Taniqli san’atkorlar qo‘shiqlariga o‘xshatmalar qilingan taqdirda, qo‘shiq so‘zlari jamoalar tomonidan yozilishi va ijro etilishi talab etiladi. San’atkorlarni kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.
Ushbu shartda jamoalar chiqishlarining mazmuni, hayotiyligi, dolzarbligi, hazil-mutoyibaga boyligi, musiqa-qo‘shiqlardan samarali foydalanilgani, quvnoqligi, rang-barangligi, ishtirokchilar mahorati baholanadi. Shart 6 ballik mezonda baholanadi.
18. Ushbu Nizomning 14-17-bandida keltirilgan shartlar umumiy mavjud shartlar hisoblanadi va tanlovning birinchi bosqichida ulardan ikki yoki uchtasigina OTM badiiy kengashi tomonidan tanlab olinadi.
V bob. Badiiy kengash
19. Tanlovning birinchi bosqichida jamoalar chiqishlarini yuqori saviyada tashkil etish, sahna ko‘rinishlarini tahrir qilish, boyitish va uslubiy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida OTMning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i va xodimlari, yoshlar yetakchisi va mas’ullar hamda OTM administratsiyasining boshqa hodimlaridan iborat Badiiy kengash faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Mazkur badiiy kengash tarkibi OTMning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori (direktorning birinchi o‘rinbosari, xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ullar) tomonidan tasdiqlanadi.
20. Ikkinchi bosqichda jamoalar chiqishlarini yuqori saviyada tashkil etish, sahna ko‘rinishlarini tahrir qilish, boyitish va uslubiy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida yoshlar tashkiloti va oliy ta’lim tizimi vakillari, hamda tanlovning yuqori turuvchi Oliy va Premer ligalari sara ishtirokchilaridan iborat Badiiy kengash faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
21. Jamoalar Tanlovning har bir bosqichida bellashuv bo‘lib o‘tadigan muddatdan kamida bir kun oldin belgilangan shartlar asosidagi tayyorlagan chiqishlarini Badiiy kengashga to‘liq ko‘rsatishlari lozim.
22. Badiiy kengash chiqishlardagi saviyasi past, eski, ma’naviyatimizga zid hazillar va sahna ko‘rinishlarini olib tashlash huquqiga ega. Badiiy kengash ko‘rigidan o‘tmagan yoki olib tashlangan hazillarni sahnaga olib chiqish qat’iyan man etiladi. Badiiy Kengash a’zolari tahriridan so‘ng qo‘shimcha kiritish taqiqlanadi.
VI bob. Hakamlar hay’ati
23. Tanlovning barcha bosqichlarida shartlarni baholash, g‘oliblar va nominatsiya egalarini aniqlash Hakamlar hay’ati tomonidan amalga oshiriladi.
24. Hakamlar hay’ati tarkibi OTMning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori (direktorning birinchi o‘rinbosari, xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ullar) tomonidan tasdiqlanadi.
25. Tanlovning barcha bosqichlarida Hakamlar hay’ati 5 nafar etib belgilanadi.
26. Tanlovning birinchi bosqichida Hakamlar hay’ati raisi etib OTMning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori (direktorning birinchi o‘rinbosari, xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ullar) belgilanadi.
Hakamlar hay’ati tarkibiga Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i va xodimlari hamda OTM administratsiyasining boshqa xodimlaridan (Badiiy kengash a’zolari bundan mustasno) 2 nafari kiritilishi zarur. Qolgan 2 nafari madaniyat, san’at, tadbirkorlik, sport va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan taniqli (xolis) shaxslar bo‘lishi talab etiladi.
27. Tanlovning ikkinchi bosqichida Hakamlar hay’ati raisi etib Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston Quvnoqlar va zukkolar assotsiatsiyasi tomonidan tavsiya etilgan nomzod belgilanadi.
Hakamlar hay’ati tarkibiga tanlovning yuqori turuvchi Premer va Oliy ligalari ishtirokchilari, madaniyat, san’at, tadbirkorlik, sport va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan taniqli (xolis) shaxslar kiritilishi mumkin.
28. Hakamlar hay’ati raisi jamoalar tomonidan saviyasi past, eski, ma’naviyatimizga zid hazillar va sahna ko‘rinishlari namoyish etilgan taqdirda 0.1 dan 0.5 gacha jarima ballarini belgilash huquqiga ega.
29. Tanlov davomida Hakamlar hay’ati tomonidan qabul qilingan qarorga sharh berilmaydi va ushbu qarorni muhokama etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
VII bob. G‘oliblarni taqdirlash
30. Tanlovning . Birinchi – OTM bosqichida g‘olib va sovrindor jamoalar hamda nominatsiyalar (“Eng quvnoq yigit” va “Eng quvnoq qiz” nominatsiyalari) bo‘yicha g‘olib ishtirokchilarni taqdirlash ISFT instituti tomonidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoaga qimmatbaho sovg‘a (yoki pul mukofoti) bilan taqdim etiladi.
31. Tanlov g‘olibiga “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovi “Rektor kubogi” topshiriladi.