QUM MEZONI
Maxzan.jpg)
Har qishda shu gapni eshitamiz. Eʼtirozda maʼlum mantiq bor, tashqarida sovuqdan junjikib turib, sayyora isiyapti deyishsa, ishongingiz kelmaydi.
Jozef Romm “Iqlim oʻzgarishi: barcha bilishi kerak boʻlgan maʼlumotlar” kitobida global isishning sabablari, oqibatlari va undan qutulish yoʻllarini oddiy savol-javob shaklida tushuntiradi. Muallif fizik olim va AQSh Energetika vazirligining sobiq amaldori boʻlib, murakkab ilmiy masalalarni oddiy odamga tushunarli tilda yetkazadi.
Men kitobning ilmiy muharriri sifatida kitob tarjimasini deyarli bir nafasda o‘qib chiqqanman. Muallif ham aynan shu savolga alohida toʻxtalgan, dunyo isib borayotgan bo‘lsa, nega ayrim qishlar hamon qahraton? Javoblar qiziq. Masalan, iliqroq qishlarda havo koʻproq namlik tutadi, shu bois qor toʻfonlari kuchayishi mumkin. Yana bir gap, yangi sovuq rekordlar hali ham yangilanadi, ammo AQShdagi koʻp yillik kuzatuvlarda issiq rekordlar sovuq rekordlardan ikki barobar koʻp qayd etilgan. Muallif mahalliy rekordga emas, uzoq yillik statistikaga qarashni tavsiya qiladi. Chunki ob-havo bugungi holat, iqlim esa oʻnlab yillik tendensiya.
Biolog sifatida bunday suhbatlarda men odatda hayvonlardan misol keltiraman. Hayvon “bu yil qish sovuq kelibdi” deb gap tashimaydi, u faqat haroratga javob beradi.
Avstraliyaning shimoli-sharqida, Buyuk baryer rifi chetida Raine degan kichkina orol bor. Yashil dengiz toshbaqalari asrlardan beri tuxum qoʻyish uchun shu yerga keladi. Har yili oʻrtacha 200 mingga yaqin toshbaqa kelishi bu orolni dunyodagi eng yirik uyalash joylaridan biriga aylantirgan.
Qiziq tomoni shundaki, dengiz toshbaqasining jinsi genlarga emas, tuxum koʻmilgan qumning haroratiga bogʻliq. Qum salqinroq boʻlsa, erkak, issiqroq boʻlsa, urgʻochi toshbaqa chiqadi. Tabiatda bu nisbat 1:1 ga yaqin boʻlishi kerak.
2018-yilda “Current Biology” jurnalida eʼlon qilingan tadqiqot natijalari hayratlanarli boʻldi. Raine orolida qum harorati 1990-yillardan beri erkak toshbaqa rivojlanishi uchun juda yuqori boʻlib qolgan. Kamida yigirma yil davomida tugʻilgan yosh toshbaqalarning 99 foizdan koʻpi urgʻochi chiqqan. Har 116 ta urgʻochiga bor-yoʻgʻi bitta erkak toʻgʻri kelgan. Kattalar orasida ham urgʻochilar 86–87 foizga yetgan. Taqqoslash uchun: rifning ancha salqin janubiy qismida bu nisbat taxminan ikkiga bir.
To‘g‘ri, hozircha bu toshbaqalar yoʻqolib ketayotgani yoʻq. Bitta erkak bir nechta urgʻochi bilan juftlasha oladi. Ammo jinslar nisbati shunchalik buzilsa, populyatsiyaning kelajagi jiddiy xavf ostida qoladi. Tadqiqotchilarning oʻzi ham shunday xulosaga kelgan.
Muammo faqat jinslar nisbati bilan cheklanmaydi. Dengiz sathi koʻtarilgani sari orolning qirgʻoq qismidagi uyalarni suv bosyapti. Avstraliya hukumati orolni tiklash uchun maxsus dastur ishga tushirgan va bunga millionlab dollar sarflamoqda.
Endi oʻylab koʻring. Bu toshbaqalarga bu qish sovuq keldimi yoki yoʻqmi, farqi yoʻq. Ularga oʻnlab yillar davomida qumning oʻrtacha harorati taʼsir qiladi. Iqlim oʻzgarishi ham shunday, u bir kunlik sovuqda emas, uzoq muddatli oʻzgarishlarda koʻrinadi.
Men bu misolni shuning uchun yaxshi koʻraman, chunki unga “sizning mahallangizda ob-havo boshqacha edi-ku” deb eʼtiroz bildirib boʻlmaydi. Bu yerda boshqa qitʼa, boshqa tur, boshqa okean. Lekin xulosa bir xil – harorat koʻtarilsa, tabiat buni sezadi. Kitobda iqlim oʻzgarishi biologik xilma-xillikka qanday taʼsir qilishi alohida savol sifatida yoritilgan. Ushbu boʻlimni oʻqigan odam toshbaqalar yolgʻiz emasligini koʻradi.
Asar keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan. Uni oʻqish uchun fizika yoki biologiyadan chuqur bilim shart emas. Har bir boʻlim alohida savolga javob beradi, shuning uchun qiziqqan joyingizdan boshlab oʻqishingiz mumkin. Oilada, ishxonada yoki talabalar bilan iqlim haqida bahs chiqqanda, aniq dalil va tushunarli izoh kerak boʻlsa, shu kitob yordam beradi.
Shu bilan birga, kitob qoʻrqitmaydi. Muallifning oʻzi oxirida eng yomon oqibatlarning oldini olishga hali vaqt borligini aytadi. Faqat buning uchun avval vaziyatni toʻgʻri tushunish kerak. Qanchalik koʻp bilsak, kelajakni shunchalik yaxshi rejalashtiramiz. Toshbaqalar misoli sovuq qish haqidagi bahsga nuqta qoʻymaydi, lekin eʼtiborni toʻgʻri joyga qaratadi: bir kunlik ob-havoga emas, uzoq yillik oʻzgarishlarga.
Baxtiyor SHERALIYEV