QORABULOQLIK YOSHLAR – TASHABBUSKORLIK VA YUTUQLAR TIMSOLI

QORABULOQLIK YOSHLAR – TASHABBUSKORLIK VA YUTUQLAR TIMSOLI

"Samarqand yoshlari" gazetasi

 “Besh tashabbus” loyihasi doirasida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni sport va intellektual faoliyatga jalb etish, shuningdek, bandligini ta’minlash borasida amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Bu jarayonda Urgut tumani Qorabuloq mahallasi yoshlari ham faol ishtirok etib, e’tiborga molik natijalarga erishmoqda.

Joriy yil “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan “DXX kubogi” futbol musobaqasida “Qorabuloq” jamoasi 120 ta mahalla orasidan faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu yutuq nafaqat sportchi yoshlarning fidoyiligini, balki mahalla yoshlari o‘rtasidagi birdamlik, jamoaviy ruh va g‘ayratning yorqin ifodasidir. 2024-yilda shaxmat bo‘yicha havaskorlar yo‘nalishida Shaxrizoda Shaxzodova tuman va viloyat bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, respublika bosqichida ham munosib ishtirok etdi. Joriy yilda ham viloyat miqyosida faol qatnashib, o‘z salohiyatini yana bir karra namoyon qildi. Shuningdek, Ozoda Shaxzodova o‘tgan yili Osiyo chempioni unvonini olgan, “Besh tashabbus olimpiadasi”da esa viloyat g‘olibi va respublika bosqichi ishtirokchisi sifatida yurt sha’nini munosib himoya qilgan iqtidorli yosh sifatida e’tirof etildi. Qolaversa, Qorabuloq mahallasida 11 nafar yoshga dehqonchilik faoliyati uchun yer maydonlari ajratildi. Bugungi kunda bu yerlardan samarali foydalanilmoqda, hosildorlik ortib, yoshlar o‘z mehnati bilan daromad topmoqda.

Mahalladagi yoshlar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularni yangi g‘oyalarga yo‘naltirishda yoshlar yetakchisi Muxriddin Ergashevning ham o‘rni bor. U hozirda yoshlarga iste’dod va iqtidorlarini namoyon etishlari uchun yo‘l ko‘rsatib, kitob o‘qish, sport, tadbirkorlik va tarixga qiziqadigan Muxriddin yoshlar orasida doimiy muloqot olib borib, ularning har bir tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga intilmoqda. Uning tashabbusi bilan mahallada “Yoshlar bog‘i” va “Sport burchagi” tashkil etish, tadbirkorlik bo‘yicha treninglar o‘tkazish, kitobxonlik kechalari va tarixiy-ma’naviy tadbirlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Shuningdek, “Bir yosh – bir g‘oya” tashabbusi orqali faol yoshlarni birlashtirish, ularning ijodiy fikrlashini qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan.

 “Yoshlar kelajak poydevori. Agar biz ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirsak, ertangi kun yanada porloq bo‘ladi. Qorabuloq mahallasini faol, ma’naviyatli va mehnatsevar yoshlar mahallasiga aylantirish mening maqsadim. Bugungi Qorabuloq yoshlari harakatda, izlanishda va orzular sari yo‘l olgan avloddir. Ularning yutuqlari esa butun mahalla faxridir”, – deydi Muxriddin Ergashev.

Report Page