QO‘QON UNIVERSITETIGA YANGI REKTOR TAYINLANDI

QO‘QON UNIVERSITETIGA YANGI REKTOR TAYINLANDI


https://t.me/kokanduni

Qo‘qon universitetida barcha professor-o‘qituvchilar va xodimlar ishtirokida tashkiliy masala yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda Qo‘qon universiteti ta’sischilar Kengash yig‘ilishi qarori asosida tayinlangan yangi rektor – Mustafakulov Sherzod Igamberdiyevich jamoaga tanishtirildi.

Rektor Sherzod Mustafakulov Qo‘qon universiteti imidjini yanada ko‘tarish va rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar, xususan, Qo‘qonning qisqacha tarixi va davlatchiligi, Farg‘ona zaminidan yetishib chiqqan akademiklarning ilmiy faoliyatini keng o‘rganish, Davlatimiz rahbari tomonidan ko‘tarilgan 3-renesans davrining poydevorini qurish bo‘yicha Qo‘qon universitetida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar va shu kabi 12 ta dolzarb qadam – kelgusidagi rejalari bilan jamoani tanishtirdi.

Yig‘ilishda yangi rektor faoliyatiga muvaffaqiyat tilandi.

Tanishtiruv: iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent Mustafakulov Sherzod Igamberdiyevich 1977 yilda Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan. 

Ma’lumoti – oliy, mutaxassisligi – qurilish iqtisodi va uni boshqarish, hududlar iqtisodiyoti va investitsiyalarni boshqarish.

Samarqand Davlat arxitektura va qurilish instituti bakalavriati, Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti aspiranturasida ta’lim olgan. Aleksandr nomidagi Texnologiyalar va ta’lim instituti (Gresiya)da ilmiy stajirovka o‘tagan. 

Mehnat faoliyati davomida Toshkent davlat universiteti «Agroiqtisodiyot» kafedrasi assistenti, universitetning «Tarmoqlar iqtisodiyoti» kafedrasi dotsenti, Innovatsion ta’lim texnologiyalari markazi direktori, «Sanoat iqtisodiyoti», «Investitsiyalar» kafedralari mudiri lavozimlarida faoliyat yuritgan. So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi Qayta tayyorlash va malaka oshirish fakulteti dekani, Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti Ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori, «Universitet 3.0» xalqaro o‘quv va ilmiy-innovatsion tadqiqotlar markazi direktori mas’ul lavozimlarida ishlagan. Oilali – uch nafar farzandi bor.

Report Page