QONUN USTUVORLIGI – XALQPARVAR DAVLAT TAYANCHI

QONUN USTUVORLIGI – XALQPARVAR DAVLAT TAYANCHI


Ma’naviyat va ma’rifat darsi

Bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan globallashuv jarayonida jamiyatning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy masalalari hamda muammolarini qonun ustuvorligini ta’minlagan holda hal etish zamon talabidir. Sohibqiron Amir Temur «Davlat qonunlar asosida qurilmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tarkibi yo‘qoladi», deb bejiz ta’kidlamagan.

Davlat tizimi uchun qonun ustuvorligi boshqaruvning eng muhim tamoyillaridan biri hisoblanadi. Bu barcha jismoniy va yuridik shaxslar, fuqarolik jamiyati institutlari, muassasalar hamda tashkilotlar, mansabdor shaxslar, shuningdek, davlat organlarining o‘zi ham qonunlar oldida javobgar ekanligini anglatadi.

Qonun ustuvorligi, o‘z navbatida, qonun oldida tenglikni, uni qo‘llashda adolatlilikni, hokimiyatning bo‘linishini, jamiyat hayotiga aloqador qarorlar qabul qilinishida ularning ishtirok etishini, qonunlar qabul qilinishida o‘zboshimchaliklarga yo‘l qo‘yilmasligini, ularning shaffofligini taqozo etadi.

Mazkur tamoyil inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish orqali ijtimoiy hamda iqtisodiy taraqqiyotga erishishga, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga, shuningdek, siyosiy barqarorlikni saqlashga xizmat qiladi. Bunga aholining davlat xizmatlaridan foydalanish sifatini oshirish, korrupsiyaga sabab bo‘luvchi omillarga chek qo‘yish, hokimiyat vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlariga barham berish natijasida jamiyat a’zolari va davlat o‘rtasidagi ishonch ko‘priklarini mustahkamlash orqali erishish mumkin.

Davlat rahbarining tegishli farmoni bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida ham aynan yuqoridagi maqsadlarga erishish borasida bir qator dolzarb vazifalar, aniq yo‘nalishlar belgilab berilgan. Xususan, islohotlar samaradorligini oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama jadal rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish hamda xalq farovonligiga erishish shular jumlasidandir.

Xo‘sh, bu maqsadlar qanday amalga oshiriladi? Strategiyada belgilanganidek, aholi farovonligini ta’minlash va hududlarda kundalik masalalarni hal etishda mahallani jamoatchilik hamda davlat organlari o‘rtasidagi «tayanch ko‘prik»ka, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini esa xalqning chinakam «ovoziga» aylantirish kerak. Davlat xizmatlarini raqamlashtirish­ning ko‘lamini kengaytirish orqali fuqaro va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda byurokratik tartibotlarga barham berish darkor.

Yangi O‘zbekistonni barpo etishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini yanada oshirish lozim. Bu esa norma ijodkorligi faoliyatining islohotlar bilan uyg‘unligini ta’minlash va davlat huquqiy siyosatining institutsional asoslarini rivojlantirish demakdir. Xalq bilan muloqotni yanada kengaytirish orqali aholi muammolarini aniqlash va hal etish tizimining samaradorligini oshirish darkor.

Erkin fuqarolik jamiyatini barpo etishda ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish ham muhim hisoblanadi. Shuningdek, Konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlash sud-huquq islohotlarining asosiy mezoni etib belgilangan.

«Biz islohotlarimizning ilk kunlaridanoq inson qadrini ulug‘lashni eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etdik. Yangilangan Konstitutsiyamizda ham O‘zbekiston huquqiy davlat ekanligini muhrlab qo‘ydik. Yagona maqsadimiz – adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash orqali xalqimizni rozi qilish», – deya ta’kidlagan edi Prezidentimiz. Bugungi kundagi asosiy maqsad ham qonun ijodkorligi faoliyatida barcha g‘oyalarning markaziga inson huquqlarini qo‘yish orqali yangicha yondashuvlar bilan qonun ustuvorligini ta’minlashdir.

Jamiyatda adolat barqaror bo‘lishi uchun, avvalambor, o‘zimiz qonunlarga qat’iy rioya qilishimiz shart. Qolaversa, farzandlarimiz, qarindosh-urug‘larimiz va do‘st-birodarlarimizni ham qonunlarga itoat qilishga da’vat etmog‘imiz darkor. Bundan tashqari, jamiyatda belgilangan odob-axloq qoidalariga amal qilish ham har birimiz uchun asosiy vazifa bo‘lsin.


Bundan bir necha asr avval huquqshunos olimlar tomonidan aytilgan «Huquqni anglash mas’uliyat hissini rivojlantiradi» degan hikmatli so‘zlar hech qachon o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydi. Shunday ekan, Konstitutsiya va qonunlarga hurmat har bir fuqaroning, jumladan, har bir mansabdor shaxsning ham hayot va faoliyat tarziga aylanmog‘i kerak.

Yana bir mulohaza shundan iboratki, jamiyatda qonunga hurmat muhitini shakllantirishda ta’lim-tarbiya katta ahamiyatga ega. Shuningdek, jinoyat sodir etgan shaxs uchun, uning kimligidan qat’i nazar, jazoning muqarrarligini ta’minlash talab etiladi. Bu borada ichki ishlar organlari xodimlari zimmasiga mas’uliyatli vazifalar yuklatilgan.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash o‘rinliki, mustaqilligimizni asrash, erkin va farovon hayotga erishish, xalqparvar davlat barpo etish uchun, hech shubhasiz, qonun ustuvorligi ta’minlanishi kerak. Zero, qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda inson huquq va erkinliklari ta’minlanadi. Bunday jamiyat esa xalqparvar davlatning tayanchi va suyanchiga aylanadi.

Salohiddin HAMROYEV,

IIV Tashkiliy departamenti

yetakchi yuriskonsulti, katta leytenant.

Report Page