QIZIQARLI DARS — SAMARALI TA’LIM ASOSI

QIZIQARLI DARS — SAMARALI TA’LIM ASOSI

"Samarqand yoshlari" gazetasi

Bugungi kunda ta’lim tizimi oldida turgan eng muhim vazifalardan biri — o‘quvchilarda o‘qishga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ularni dars jarayonining faol ishtirokchisiga aylantirishdir. Zero, qiziqish bor joyda bilim ham, yutuq ham bo‘ladi. Shu bois har bir o‘qituvchi o‘z darsini nafaqat samarali, balki qiziqarli o‘tishi uchun mas’uldir.

Hozirgi avlod axborot asrida ulg‘aymoqda. Ularning e’tiborini oddiy so‘z yoki yozuv bilan ushlab turish qiyin. Shu sababli zamonaviy o‘qituvchi dars jarayonida innovatsion metodlar, interaktiv o‘yinlar, texnologik vositalar, video lavhalar va taqdimotlardan unumli foydalanishi lozim. Bu borada Samarqand shahri Qorasuv massivida joylashgan 82-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Albatta, buning barchasi ta’limga, tarbiyaga qaratilgan e’tibor va yaratilgan keng imkoniyatlardir.

Hozirda maktabda 3-sinf o‘quvchilariga ta’lim-tarbiya berib kelmoqdaman. O‘quvchilarimning qiziqishini yanada oshirish, ularning fikrlash qobiliyatini o‘stirish, mustaqil fikr yuritishga undash maqsadida turli interaktiv metodlardan foydalangan holda dars o‘tyapman. Xususan, “Tabiiy fanlar” fanidan “Suvda va quruqlikda yashovchi hayvonlar” mavzusida tashkil etilgan ochiq darsim o‘quvchilar uchun juda qiziqarli va esda qolarli bo‘ldi. Dars davomida “Aqliy hujum”, “Kuzat va solishtir”, “Klaster”, “Insert” kabi metodlardan foydalandim. O‘quvchilar hayvonlarning yashash joylari, moslashuv xususiyatlari haqida suhbatlashib, fikrlarini mustaqil bayon qildilar.

 Shuningdek, “Kahoot” platformasi orqali interaktiv o‘yin shaklida test savollariga javob berishdi. Bu ularning raqamli savodxonligini oshirish bilan birga, darsga bo‘lgan ishtirokini yanada kuchaytirdi. Dars jarayonida multimedia taqdimotlari, hayvonlar haqidagi qisqa videolar, ovozli materiallardan foydalanildi. Bu usul o‘quvchilarning eshitish, ko‘rish va tafakkur qobiliyatlarini birgalikda rivojlantirdi. Faol ishtirok etgan o‘quvchilar “Tabiat do‘sti” yorlig‘i bilan taqdirlanib, rag‘batlantirildi. Bunday darslar o‘quvchilarda nafaqat bilim, balki kuzatuvchanlik, tahliliy fikrlash, jamoaviy ishlash, texnologiyadan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmalarini shakllantiradi. Eng asosiysi, bolalarda tabiatni sevish, uni asrab-avaylash hissini uyg‘otadi.

Shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, zamonaviy metodlar bilan o‘tilgan har bir dars o‘quvchilarning bilim olishga, o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini yana bir karra oshiradi. Axir, o‘qituvchi nafaqat bilim beruvchi, balki kelajak avlodni tarbiyalovchi, ularning qalbida tabiat va hayotga mehr uyg‘otuvchi insondir.

Kamola MAMATOVA,

Samarqand shahridagi 82-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.


Report Page