QIYOFASIZLIK

QIYOFASIZLIK


Koinot ichra Yer deb atalmish makonda bugun yetti milliarddan ziyod odam yashamoqda. Har birining barmoq izlari bir-biriga o‘xshamagani kabi, qiyofalari ham o‘zgacha. Xuddi shunday birovning qalbi birovnikiga o‘xshamaydi. Bu haqda o‘ylaganingda ko‘nglingda bir shirin g‘urur uyg‘onadi: qanday ajoyib, bu dunyoda yana xuddi senday ikkinchi bir odam yo‘g‘-a?! Sen betakrorsan va yagonasan! Ya’ni Alloh har birimizga o‘zimizga mos ko‘z-qosh, tabassum, jilva bergan. Qalbimiz, ko‘nglimiz, aql-farosatimiz ham faqat o‘zimizga xos.

 Shu o‘rinda noyob qiyofamiz­ning ko‘zgusi bo‘lmish ko‘z haqida to‘xtalsak. Zero, ko‘z – inson uchun eng muhim a’zo. U nafaqat ranglarni ko‘radi, balki butun vujudimizni his qilishga: quvonish yoki azobla­nish, qo‘rquv yoki halovat tuyishga undaydi... To‘g‘ri, bugun jarrohlarning qo‘li bilan burun, quloq yoki qabog‘imizni o‘zgartib olishimiz, soch va kipriklar ektirishimiz mumkin, ammo baribir ko‘zni hech narsa bilan almashtirib bo‘lmaydi.

Ko‘z haqida – ehtimol, siz ko‘proq bilarsiz – biz yuritmoqchi bo‘lgan gap boshqa ma’noda. Xo‘sh, nega bugun bir-birimizdan ko‘zimizni olib qochadigan bo‘ldik?! Yolg‘onchilar ko‘payib ketdimi? Munofiqlik aksariyat odamlarning qiyofasiga aylandimi? Xalqimizda: “Yuzingda ko‘zing, demasdan-a...” yoki “Ikkiyuzlamachilik qilma!” degan gaplar bor... Xullas, ikkiyuz­lamachilar, ya’ni asl qiyofasini bilib bo‘lmaydiganlar ko‘payib bormayaptimi?! Qiyofasizlik aslida turlanadigan, ayt­ganidan tonadigan, suvdan quruq chiqib ketishga ustasi faranglar uchun qulay niqob.

Xo‘sh, qiyofasizlik qayerdan paydo bo‘ladi? Bunga qanday vositalar sabab bo‘lmoqda? Mening­cha, bu holat “telefon” degan matoh paydo bo‘lganidan keyin avj oldi. To‘g‘ri, bu bilan men taraqqiyot mahsuli bo‘lgan telefonni butkul inkor etmoqchi emasman, dastyorchilikda ­uning bahosi yo‘q. Lekin, tan olish ke­rak, aynan telefon qiyofasizlarga qulaylik tug‘dirdi. Yaxshi-da: telefonda gaplasha­yotgan odam hech kimning ko‘ziga qaramaydi, xijolat tortmaydi, yuzi qizarmaydi, uyalmaydi...

Aynan telefonga qaramlik ikkinchi sababni keltirib chiqardi. Ko‘pchilikda kitobxonlikdan uzoq­lashish holati sodir bo‘ldi, kitoblar o‘qilmay qo‘ydi. Shu tariqa, aksariyat faqat o‘ziga o‘xshaydiganlarnigina tan oladigan, faqat shularning fikri, qilig‘ini yoqlaydigan, tutumlari­ga taqlid qiladigan bo‘ldi. Uni kimdir maqtasa, o‘zi maqtalsa bo‘ldi. Maqtaganning oshig‘i olchi, maqtalganning esa, kibri yuksaldi. Go‘yo o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas, o‘lmas Kashsheyga aylandi, o‘z nazarida... Balki maddohlik qila­yotgan odamning yashirin qiyofasi ayni damda uni so‘kayotgandir, masxara qilayotgandir, undan naf­ratlanayotgandir? Buning har ikki tomonga ham qizig‘i yo‘q. Eng yomoni, boshqa narsani o‘ylab, boshqa gapni gapirish odatga, udumga aylanib bormoqda. Xullas, qiyofa o‘zgargani sari kishidagi asllik tarovati yo‘qolmoqda.

Majlislarda kuzatiladi: har doim Prezidentimiz gapirayotgan payti hamma o‘tirganlar go‘yoki nimadir yozayotganday bo‘lib, uzluksiz qo­g‘oz­ga termiladi. Qiziq, nega shunday?! Ehtimol, yorug‘ yuzdan yog‘i­layotgan nurdan ko‘zlari qamashar yoki o‘tkir nigohning nayzalaridan, yo bo‘lmasa, haqiqat yog‘ilib turgan so‘zlarning olovidan o‘zlarni olib qocharlar?! Yoki va’dalarining ustidan chiqolmayotganidan “vijdon”i qiynaladimi?..

To‘g‘ri, Yurtboshimizning o‘zing uchun eslatma qilib olmasang bo‘l­may­digan gaplari, fikrlari ko‘p. Ammo ba’zi gaplar borki, uni ko‘zlarga qarab tinglaganga nima yetsin! Gohida nimalarni yozar ekan­lar, deb kuzataman. Ming afsuski, ba’zilari surat chizib o‘tirganini ham ko‘rdim. Yurtboshimiz jon kuydirib, elning g‘amida qayg‘urmoqda, qiyofasizlar-chi?..

Shunday qilib, ijtimoiy tarmoq­larda ko‘zlarimizni bir-birimizdan yashirib, ig‘volar, mish-mishlar uya­si bo‘lmish uyali telefonlar or­qali bemalol yolg‘on va tuhmatlar, do‘q-po‘pisalar qilaverdik. Sevgi izhor­­lari osonlashdi, mehrlar soxtalashdi. Chunki telefonda ko‘zlarimiz ko‘rinmaydi, yonmaydi. Yuzlarimiz qizarmaydi, lablarimiz titramaydi. Shundanmi, gaplari boshqa, qil­mish­lari boshqa, yozmishlari boshqa, tutumlari o‘zgacha bo‘lganlar ko‘paymoqda.

Hadisi sharifda “Nohaqlikni ko‘r­sangiz, qo‘lingiz bilan qayta­ring, unga qurbingiz yetmasa, ti­lingiz bilan, agar unga ham nochor bo‘lsangiz, dilingizda norizo bo‘lib turing”, deyilgan ekan. Qani, Allohga labbaykamiz?! Til va dil­ning birligi bo‘lmas ekan, yolg‘onlar urchiy­­veradi. Xiyonat va munofiqlik g‘a­laba qilaveradi. Oilalar parokanda bo‘laveradi, mushfiqlar, munglilar ko‘payaveradi. O‘zining fikri yo‘q, faqat birovning gaplarini aytib yuradi­gan to‘tinamo sayroqilar paydo bo‘laveradi...

“Inson” so‘zi “unutuvchi” degan ma’noni anglatar ekan. Ey, Inson! O‘yla, tafakkur qil! Axir, max­luqotlar ichra faqat sengagina tafakkur qilmoq baxti berilgan-ku! Ikki soatlik tafakkur – yetmish kunlik ibodat bilan teng, degan mashoyixlar. Gunohlarning eng oliylaridan biri munofiqlik, ya’ni QIYOFASIZLIK ekan! Qiyofasiz­lik maqomingdan kech, aslingga qayt! Zero, Mavlono Rumiy “Asling kabi ko‘rin yoki ko‘ringa­ning kabi bo‘l!” deb bejiz faryod chekmaganlar!

Bular mening fikrlarim – tafakkurim nidosi.

 

Farida AFRO‘Z

“Jadid” gazetasining 2024-yil 8 -martdagi 11-sonida

Report Page