QISQACHA QO‘QON HAQIDA ...

QISQACHA QO‘QON HAQIDA ...

Farg'ona viloyati turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi Matbuot xizmati  

Qo‘qon Markaziy Osiyoning eng qadimgi shaharlaridan biri. Uning nomi yozma manbalarda ilk bor X asrlarda uchraydi. Eng gurkirab yashnagan davri esa XIX asrning birinchi yarmi hisoblanadi.

Qo‘qon shahrining paydo bo‘lgan davri haqida hali bir to‘xtamga kelinmagan bo‘lsada, uning atrofidagi Mo‘yi Muborak, Tepaqo‘rg‘on, Eski Qo‘rg‘on va boshqa manzillarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar milodiy era boshlariga, ya’ni hozirgi kunlardan 2000 yil avvalgi davrga oid materiallarni bermoqda. 

Qo'qon eski o'rdasi. 1880 yy.
Xudoyorxon o'rdasi. 1880 yy. Orqa planda saroy ko'rinib turibdi.

Arab sayyohlari Istahriy va Ibn Xavqallar X asrda bu shaharni “Havoqand” shaklida tilga oladi. Bu shahar Farg‘onadagi Qubo, Axsikent, O‘zgan va Xo‘jand kabi yirik shaharlar qatorida Buyuk ipak yo‘lida muhim o‘rin egallagan. Afsuski, mo‘g‘ullar davrida bu shahar ham jiddiy zarar ko‘rib, keyingi asrlarda tilga olinmay qo‘ydi. Faqat temuriylar davridagina u yana yozma manbalarda ko‘zga tashlana boshladi.

Xudoyorxon o'rdasi. 1900 yy.

XVI asr boshlarida Qo‘qon unchalik katta bo‘lmay, Bobur Mirzo tili bilan aytganda, «Urchin» (shaharcha) holatida edi. Faqatgina XVIII asrga kelib, Qo‘qon bu hududdagi yirik savdo va iqtisodiy markazga aylandi. Minglar sulolasi esa uni davlatning ham ma’muriy, ham madaniy markaziga aylantirdi. Qo‘qon shahrining rasmiy qurilgan yili Abdukarimbiy davri (1739-65 yy) ga to‘g‘ri keladi, ya’ni 1740-45 yillarga. Shundan so‘nggina shahar xonlik poytaxtiga aylandi va haqiqiy taraqqiyotga erishdi. XIX oxiriga kelib Qo‘qonda 620 ta masjid, 52 ta madrasa, 23 ta qorixona, 39 ta karvonsaroy, 6 ta usti yopiq umumiy bozor va 10 dan ziyod maxsus bozor, milliy me’morchilik an’analari asosida qurilgan 200 dan ziyod hashamatli hovli va boshqa ko‘rkam imoratlar mavjud edi.

Qo'qon darvozasi.
Chorining umumiy ko'rinishi.

Qo‘qon mustaqil davlat sifatida Shohruhbiy davriga kelgandagina – 1709 yildan buyon siyosat yurgiza boshlagan. U Olimxon davriga kelganda (1806 yil) “xonlik” deb atala boshlandi. 1876 yilnning 19-fevralida esa, ushbu davlat Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingach rasman tugatildi. 170 yil ichida Qo‘qonda 26 ta biy va xon hukmdorlik qildi. Ular orasida eng mashhurlari Norbo‘tabiy, Olimxon, Umarxon, Xudoyorxon kabi hukmdorlarni keltirish mumkin. Bu hukmdorlar davrida Qo‘qon adabiy muhiti gurkirab yashnadi. Madaniyat, san’at, ayniqsa milliy hunarmandchilik yo‘nalishlari misli ko‘rilmagan darajada rivojlandi. Qo‘qonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar Xitoy, Buxoro, Afg‘oniston, Hindiston, Rossiya, Eron, Turkiya va boshqa davlatlarga eksport qilingan.

Chorsu maydoni.

O‘quvchilarimiz biz yuqorida tilga olgan tarixiy shaxslar haqida juda ko‘p marta eshitganligi tabiiy. Hozirda Qo‘qonda saqlanib qolgan me’moriy obidalarning aksariyati shu shaxslar faoliyati bilan bog‘liq. Ular orasida Xudoyorxon o‘rdasi, Jome’ masjid, Dahmai shohon, Dahmai modarixon, Norbo‘tabiy, Miyon Hazrat, Dasturxonchi va Zinbardoriy madrasalari sayyohlar e’tiborini o‘ziga tortadi.

Muhammadalixon madrasasi.
Jome' masjid.

Rossiya imperiyasi davrida Qo‘qonga asosan iqtisodiy shahar sifatida qaralib, u Farg‘ona vodiysining markaziy ulgurji savdo bozoriga aylandi. O‘nlab paxta, ipak, jun va teri, qurilish metariallari, meva-sabzovot kabi mahsulotlarni qayta ishlashga mo‘ljallangan firma va korxonalar paydo bo‘ldi. Shaharga temir yo‘l kelib (1899 y), ushbu mahsulotlar imperiyaning markaziy shaharlariga olib ketila boshlandi. 

O‘zbekistonda sovetlar hokimiyati o‘rnatilgandan so‘ng esa, Qo‘qon shahri yana Markaziy Osiyoning yirik iqtisodiy va madaniy markaziga aylana boshladi. Hatto ma’lum muddat “Turkiston muxtoriyati” nomli davlatning siyosiy markazi ham bo‘lib turdi. 1918-1920 yillarda Farg‘ona viloyatining ma’muriy markazi ham bo‘lgan.

Qo‘qon ikkinchi jahon urushi yillarida ham muhim strategik shahar sifatida o‘z ahamiyatini yo‘qotmadi. Urushning birinchi oylaridayoq frontga 15 mingdan ortiq askar safarbar qilindi. T. Boboev, K. Yakubov, I. Belyakov, V. Jenchenko kabi qo‘qonliklar qahramon unvoniga ega bo‘lishgan. Qo‘qon 20 mingdan ziyod evakuatsiya qilinganlarni o‘z bag‘riga olgan.

Urushdan keyingi yillarda ham Qo‘qon viloyatning eng yirik iqtisodiy va madaniy shahri bo‘lib qolaverdi. Ayniqsa, uning o‘zbek adabiyoti va madaniyatiga qo‘shgan hissasi beqiyos. S. Abdulla, A. Qahhor, Charxiy kabi adiblarni yoki N. Rahimov, H. Umarov, X. Nazarov, Z. Mirzatov, M. Ahmedov, M. Murtazoyev kabi madaniyat va san’at namoyandalarini bilmagan odamlar bo‘lmasa kerak.

Murodjon Ahmedov
Hamza Umarov
Abdulla Qahhor
Sobir Abdulla

Mustqillik yillarida Qo‘qon mutlaqo o‘zgacha tus oldi. Dastlab 2009-2011 yillarda Qo‘qon shahri to‘liq rekonstruksiya qilingan bo‘lsa, 2019 yilda Qo‘qonda “Xalqaro hunarmandlar festivali” o‘tkazilishi munosabati bilan butunlay o‘zgarib ketdi. Bugun u O‘zbekistonning nafaqat tarixiy balki, eng zamonaviy shaharlaridan biridir.





Report Page