QIROATLAR VA QIROAT IMOMLARI

QIROATLAR VA QIROAT IMOMLARI

@AlQuranuz

Yaqinda Ustozimiz Shayx Alijon qori tomonidan dengizda tilovat qilingan video ommaning eʼtiboriga taqdim qilindi. Mazkur videoda Imom al-Kisoiy rahimahulloh qiroati tilovat qilingani bois tinglovchilarda ayrim savollar paydo boʻldi. “Bu qanday qiroat? Nega Qurʼon boshqacha oʻqilgan? Qurʼonni shunday oʻqish mumkinmi?” kabi savollar shular jumlasidan. Mazkur savollarga oydinlik kiritish maqsadida quyidagi maqolani taqdim etamiz. Maqola mazkur savollarga javob boʻladi, degan umiddamiz.

Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

“Biz uni arabiy Qurʼon etib nozil qildik, shoyadki aql ishlatsangiz” (“Yusuf” surasi, 2-oyat).

Maʼlumki, arablar bir nechta nufuzli qabilalardan tashkil topgan. Har bir qabilaning shevasi mavjud. Mazkur qabilalarning shevasidagi farqlar soʻzning talaffuzda sezilib tursa-da, odatda, maʼnosiga katta taʼsir koʻrsatmaydi. Bu ham arab tilining jozibadorligi va kengqamrovli ekanining bir koʻrinishidir. Qurʼonning arab tilida “yetti harf”da nozil boʻlishi hikmatining siri ham shunda.

“Yetti harf”

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu shunday rivoyat qiladi: “Hishom ibn Hakim ibn Hizom roziyallohu anhuning “Furqon” surasini men oʻqigandan boshqacha oʻqiyotganini eshitdim. Menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu surani oʻqittirgan (undan boshqacha oʻrgatgan) edilar. Shoshib, unga tanbeh birishimga oz qoldi. Soʻng u qiroatini tugatishini kutdim. Keyin ridosining yoqasidan ushlab, uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga olib bordim va: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, bu “Furqon” surasini Siz menga oʻqitganingizdan boshqacha qiroat qilayotganini eshitdim”, dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uni qoʻyib yubor. Oʻqi!”, dedilar. Hishom roziyallohu anhu men eshitgan qiroatini oʻqidi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “(Bu sura) shunday nozil boʻlgan”, dedilar. Soʻng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: “Oʻqi!”, dedilar. Men ham qiroat qildim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “(Bu sura) shunday nozil boʻlgan. Albatta, Bu Qurʼon yetti harfda nozil boʻlgan. Undan oʻzingizga oson boʻlganini oʻqinglar”, dedilar”[1].

Qurʼonning “yetti harf”da nozil boʻlishi haqida turli qarashlar mavjud. Jumaladan, Ibn Atiya rahimahulloh shunday degan: “Mazkur “yetti harf”dan murod arab lahjalari boʻlib, Qurʼon quyidagi arab qabilalarinig lahjasida nozil boʻlgan:

1.    Quraysh

2.    Kinona

3.    Asad

4.    Huzayl

5.    Tamim

6.    Qays Aylon

7.    Yaman”.

Mazkur yetti qabilaning nomlari borasida ham turli qarashlar mavjud. Jumladan, Abu Hotim Sijistoniy rahimahulloh Quraysh, Huzayl, Taym ar-Rubob, Azd, Rabiʼa, Havazon va Saʼd ibn Bakr qabilalarini sanab oʻtgan[2].

Shuni ham alohida taʼkidlash lozimki, Qurʼondagi har bir soʻz “yetti harf”da nozil boʻlmagan, bakli ayrim soʻzlarnigina “yetti harf”da oʻqish mumkin, xolos. Bu Qurʼonda juda kam uchraydigan holat boʻlib, soʻzning talaffuzi har xil boʻlsa-da, maʼnosiga taʼsir koʻrsatmaydi[3].

Shuningdek, baʼzi olimlar Qurʼonning “yetti harfr”da nozil boʻlishini lahjalarga bogʻlamaydilar. Ularning fikricha, Qurʼon “yetti harf”da, yaʼni vajh (yoʻnalish, uslub)da qiroat qilinadi va Qurʼonni mazkur harflarda qiroat qilish majburiy emas, balki ixtiyoriy amal hisoblanadi.

Jumladan, Abul Fazl Roziy rahimahulloh “yetti harf”ni quyidagicha izohlagan:

1.    Ism (soʻz, yaʼni ot)larning birlik, ikkilik, koʻplik yoki muzakkar (erkak jinsi) va muannas (ayol jinsi) koʻrinishida talaffuz etilishi bilan bogʻliq xilma-xillik;

2.    Feʼllarning oʻtgan zamon, hozirgi-kelasi zamon va buyruq maylida kelishi bilan bogʻliq xilma-xillik;

3.    Eʼrob (kelishiklar)ning turlari bilan bogʻliq xilma-xillik;

4.    Nuqsonlik va ziyodalik bilan bogʻliq xilma-xillik;

5.    Taqdim va taʼxir (avval zikr qilish, keyin zikr qilish) bilan bogʻliq xilma-xillik;

6.    Ibdol (almashtirish) bilan bogʻliq xilma-xillik;

7.    Fatha qilish, imola, tarqiq, tafxim, idgʻom, izhor va boshqa shu kabi tajvid qoidalari bilan bogʻliq xilma-xillik[4].

Olimlar mana shu taqsimot “yetti harf” tushunchasi borasida berilgan eng toʻgʻri izoh ekanini taʼkidlaydilar[5].

Shu oʻrinda savol tugʻilishi tabiiy: “Hozir biz oʻqiyotgan Qurʼonda mazkur “yetti harf” bormi? Yoki qoʻlimizdagi Qurʼon bitta harfda yozilganmi?”

Koʻpchilik ulamolar “yetti harf” hozir ham mavjud ekanini, Usmon roziyallohu anhu Musʼhafida Muhammad solallohu alayhi vasallam hayotlarining oxirida Jabroil alayhissalomga oʻqib bergan Qurʼonning barcha qiroatlari oʻrin olganini taʼkidlaydilar. Jumladan, Imom Molik, Alloma Ibn Qutayba, Alloma Abul Fazl Roziy, Qozi Abu Bakr ibn Toyyib, Qozi Iyoz, Alloma Ibn Hazm, Alloma Abul Valid Bojiy, Imom Gʻazzoliy va Mulla Ali Qori rahimahullohlar, shuningdek, mutaaxxir ulamolardan Shoh Valiyulloh Dehlaviy, Anvar Shoh Kashmiriy, Alloma Zohid Kavsariy rahimahullohlar, Misrning mashhur ulamolaridan Muhammad Mutiʼiy, Alloma Dimyotiy, Shayx Abdulazim Zarqoniy rahimahullohlar ham “yetti harf” hozirgi Qurʼonda mavjud ekanini taʼkidlaganlar[6].

“Yetti harf” va yetti qiroat

Baʼzi insonlar Qurʼonning “yetti harf”da nozil boʻlishini Uning yetti qiroatda oʻqilishi deb tushunadi. Bu notoʻgʻri tushuncha. Chunki qiroatlarning soni yettita bilan cheklanmaydi. Qurʼon qiroatlarining tarixi haqida Ibn Abu Hoshim rahimahulloh shunday degan: “Yetti va boshqa qiroatlar turlicha oʻqilishining sababi shundaki, Usmon roziyallohu anhu Qurʼoni karimni Quraysh lahjasida yozdirib, turli shaharlarga joʻnatgan. Shuningdek, Qurʼon bilan birga bir sahoba ham yuborilgan boʻlib, mazkur sahoba oʻzi borgan shaharda aholiga Usmon roziyallohu anhu yozdirgan Musʼhafdan taʼlim bergan. U vaqtda Musʼhaflarda nuqtalar, harakatlar va shakllar boʻlmagan. Shahar aholisi oʻzlariga muallim sifatidan yuborilgan sahobadan Qurʼon oʻqishni qanday oʻrgangan boʻlsalar, shunday qiroat qilganlar. Tabiiyki, sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qanday taʼlim olgan boʻlsalar, Qurʼonni huddi shunday qiroat qilganlar. Turli shaharlarda Qurʼonning harakatlari, nuqtalar va shakllari har xil talqin etilsa-da, Usmon roziyallohu anhu yozdirgan Musʼhafning rasmi (shakli)ga muvofiq boʻlgan. Mazkur Musʼhaf rasmiga muvofiq boʻlmaganlari esa, tark qilingan. Chunki sahobalar ehtiyot yuzasidan shunga ittifoq qilgan edilar. Aynan shu omillar tufayli mazkur shaharlardagi qorilarning qiroatlari orasida xilma-xillik yuzaga kelgan. Ammo barcha qorilar Usmon roziyallohu anhu yozdirgan Musʼhafning rasmiga muvofiq tarzda qiroat qilganlar” [7].

Makkiy ibn Abu Tolib rahimahulloh shunday deydi: “Qurʼonning “yetti harf”da nozil boʻlganini yetti qiroatda oʻqish deb tushunish qoʻpol xatodir”[8].

“Yetti harf” va yetti qiroat orasida baʼzi farqlar bor. Shulardan biri “yetti harf” nisbatan umumiyroq maʼnoni ifodalaydi. Yaʼni, “yetti harf” ichiga yetti yoki oʻn qiroat kiradi. Yetti qiroat “yetti harf”ning bir qism sanaladi. Qurʼon “yetti harf”da nozil boʻlgan, yaʼni Qurʼonni yetti xil uslubda qiroat qilish mumkin. Mazkur “yetti harf” oʻz navbatida turli qiroatlarga boʻlinadi. Shu tarzda oʻn xil qiroat yuzaga keladi. Bu qiroatlar oyatlarning maʼno-mazmuniga taʼsir qilmaydi va Musʼhafdagi harflarning shaklini oʻzgartiradigan darajada xilma-xillikni keltirib chiqarmaydi.

Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Qurʼonni qanday oʻrgangan boʻlsalar, tobeʼinlarga shunday oʻrgatganlar. Tabaʼa tobeʼinlar davriga kelib, baʼzi qorilar Qurʼon qiroati bilan alohida shugʻillana boshladilar. Ular tobeʼinlardan qanday oʻrgangan boʻlsalar, Qurʼonni shunday qiroat qilar va boshqalarga ham shu qiroatda taʼlim berar edilar. Shu tarzda sekin-asta qiroat maktablari shakllana boshladi. Natijada maʼlum bir qorining nomi bilan ataladigan maxsus qiroat yoʻnalishlari paydo boʻldi. Mazkur qorilar Qurʼon qiroatini yangitdan ixtiro qilmaganlar, balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, sahobalar va tobeʼinlardan rivoyat qilingan ishonchli hadislar asosida oʻz maktablariga asos solganlar.

Hozirda Qurʼonning oʻn xil qiroati mavjud boʻlib, ulardan yettitasi sahih rivoyatlar bilan sobit boʻlgan, qolgan uchtasi esa mazkur oʻn qiroatni toʻldirib turadigan qiroatlar sifatida mashhurdir. Mazkur oʻn qiroat quyidagi qiroat imomlarining faoliyat bilan bogʻliqdir:

1.    Nofeʼ ibn Abdurahmon ibn Abu Nuʼaym al-Madaniy rahimahulloh.

2.    Abdulloh ibn Kasir ad-Doriy al-Makkiy rahimahulloh.

3.    Abu Amr ibn al-ʼAlo al-Basriy rahimahulloh.

4.    Abdulloh ibn Omir al-Yahsibiy ash-Shomiy rahimahulloh.

5.    Osim ibn Abun Najud al-Asadiy al-Kufiy rahimahulloh.

6.    Hamza ibn Habib az-Zayyot al-Kufiy rahimahulloh.

7.    Abul Hasan Ali ibn Hamza al-Kisoiy an-Nahviy al-Kufiy rahimahulloh.

8.    Abu Jaʼfar Yazid ibn Qaʼqaʼ al-Madaniy rahimahulloh.

9.    Yaqub ibn Isʼhoq al-Hazramiy al-Basriy rahimahulloh.

10.  Xalaf ibn Hishom rahimahulloh.

Mazkur qiroat imomlarining har biridan ikkitadan roviy qiroatni rivoyat qilgangan boʻlib, ular qiroat roviylari sifatida eʼtirof etiladi:

Nofeʼ ibn Abdurahmon ibn Abu Nuʼaym al-Madaniy rahimahullohdan:

1.    Qolun – Iso ibn Mino az-Zarqiy rahimahulloh.

2.    Varsh – Usmon ibn Saʼid al-Misriy rahimahulloh.

Abdulloh ibn Kasir ad-Doriy al-Makkiy rahimahullohdan:

1.    Ahmad ibn Muhammad al-Bazziy rahimahulloh.

2.    Qunbul – Muhammad ibn Abdurahmon al-Makkiy rahimahulloh

Abu Amr ibn al-ʼAlo al-Basriy rahimahullohdan:

1.    Hafs ibn Amr ad-Davriy rahimahulloh.

2.    As-Susiy rahimahulloh

Abdulloh ibn Omir al-Yahsibiy ash-Shomiy rahimahullohdan:

1.    Hishom ibn Ammor as-Sulamiy ad-Dimashqiy rahimahulloh.

2.    Ibn Zakvon – Abdulloh ibn Ahmad ibn Bashr ibn Zakvon al-Qurashiy al-Fohiriy ad-Dimashqiy rahimahulloh.

Osim ibn Abun Najud al-Asadiy al-Kufiy rahimahullohdan:

1.    Shuʼba – Abu Bakr ibn Iyosh ibn Solim al-Kufiy al-Asadiy al-Hannot rahimahulloh.

2.    Hafs ibn Sulaymon ibn al-Mugʻiyra al-Asadiy al-Kufiy al-Gʻoziriy al-Bazzoz rahimahulloh.

Hamza ibn Habib az-Zayyot al-Kufiy rahimahullohdan:

1.    Xalaf ibn Hishom al-Asadiy al-Bagʻdodiy rahimahulloh.

2.    Xallod ibn Xolid ash-Shayboniy as-Soyrafiy al-Kufiy rahimahulloh.

Abul Hasan Ali ibn Hamza al-Kisoiy an-Nahviy al-Kufiy rahimahullohdan:

1.    Abul Horis al-Lays ibn Xolid al-Bagʻdodiy rahimahulloh.

2.    Hafs ibn Amr ad-Davriy rahimahulloh.

Abu Jaʼfar Yazid ibn Qaʼqaʼ al-Madaniy rahimahullohdan:

1.    Iso ibn Vardon al-Madaniy rahimahulloh.

2.    Ibn Jammoz – Sulaymon ibn Muslim rahimahulloh.

Yaqub ibn Isʼhoq al-Hazramiy al-Basriy rahimahullohdan:

1.    Ruvays – Muhammad ibn al-Mutavakkil al-Luʼluʼiy al-Basriy rahimahulloh.

2.    Ruh ibn Abdulmuʼmin al-Basriy rahimahulloh.

Xalaf ibn Hishom rahimahullohdan:

1.    Isʼhoq ibn Ibrohim al-Marvaziy al-Bagʻdodiy rahimahulloh.

2.    Idris ibn Abdulkarim al-Haddod al-Bagʻdodiy rahimahulloh qiroatlarni rivoyat qilgan.

Hozirgi kunda Qurʼoni karim Hafs ibn Sulaymon ibn al-Mugʻiyra al-Asadiy al-Kufiy al-Gʻoziriy al-Bazzoz rahimahullohning Osim ibn Abun Najud al-Asadiy al-Kufiy rahimahullohdan rivoyat qilgan qiroati asosida chop etiladi. Diniy marosim, tadbir va taʼlimda, shuningdek, Ramazondagi xatmi Qurʼonlarda, odatda, Imom Hafs rahimahullohning Imom Osim rahimahullohdan rivoyat qilgan qiroati tilovat qilinadi. Bu qiroat xalq orasida “Hafs qiroati” deb nomlanadi. Yurtimizda ham aynan shu qiroat keng tarqalgan. Oʻrta Osiyo mintaqasida mazkur qirotadan boshqlari deyarli oʻqilmaydi. Shuning uchun bu mintaqa aholisida qolgan qiroatlarni tinglaganda turli savollar paydo boʻlishi tabiiy hol, albatta. Lekin bundan Hafs qiroatidan boshqa qiroatlarni oʻqish mumkin emas, degan xulosa kelib chiqmaydi. Barcha oʻn qiroat hamda ulardan rivoyat qilingan 20 ta vajh Usmon Musʼhafi rasmiga muvofiq boʻlib, uni namozlarda yoki boshqa munosabat bilan qiroat qilish joizdir. Bu qiroatlarning barchasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobalar oʻqigan qiroat hisoblanadi. Qurʼon oyatlaridagi kalimalarning har bir harfiga oʻnta savob berilishi, Qurʼonning oxiratda shafot qilishi va shu kabi Qurʼon fazilatiga oid vaʼdalar mazkur qiroatlarning barchasiga taalluqlidir. Bu qiroatlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir.

Qadimda yurtimizda mazkur oʻn qiroatni oʻzlashtirgan mohir qorilar koʻp boʻlgan. Qiroat ilmlarini oʻqitish ham yoʻlga qoʻyilgan. Ammo Sovet tuzumi davrida qiroatlarga boʻlgan eʼtibor susaydi. Hafs qiroatidan boshqa qiroatlar deyarli unutildi. Shu bois oʻlkamizda mazkur oʻn qiroat taʼlimini qayta tiklash bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan biri sanaladi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Ustozimiz Shayx Alijon qori hafizahulloh bu borada ilk qadamlarni tashlab, oʻlkamizda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini tiriltirish uchun harakat qilmoqdalar. Ustozimiz tomonidan dengizda qilingan qiroat ham shular jumlasidan. Mazkur qiroatda Abul Hasan Ali ibn Hamza al-Kisoiy an-Nahviy al-Kufiy rahimahullohning qiroati tilovat qilingan. Bu qiroat ham sunnat qiroat! Bu qiroat ham Jabroil alayhissalom olib kelgan vahiy! Ustozimiz Shayx Alijon qori hafizahulloh oʻzbek xalqini sunnat qiroatdan bahramand qilish maqsadida Imom al-Kisoiy rahimahullohning qiroatlaridan tilovat qilganlar. Alloh taolo Ustozimizning Qurʼon yoʻlida qilayotgan xizmatlariga baraka ato qilsin!

Eslatma: Shuni ham alohida taʼkidlab oʻtish lozimki, mazkur oʻnta qiroatni hamma ham tilovat qila omaydi. Buning uchun ustozdan ijoza olish talab etiladi.

Manba:

1.    Shayx Shabbir Ahmad Usmoniy. Fath al-mulhim bi sharh Sahih al-Imam Muslim. J.5. – Bayrut: Dar ihya at-turos al-arabiy, 2006. – B. 203-209;

2.    Qarang: Muhammad Taqiy Usmoniy. Ulum al-Qurʼon. Karachi: Makataba dar al-ulum Karachi, 1994. – B. 106, 118, 135.


[1] Shayx Shabbir Ahmad Usmoniy. Fath al-mulhim bi sharh Sahih al-Imam Muslim. J.5. – Bayrut: Dar ihya at-turos al-arabiy, 2006. – B. 203-204.

[2] Shayx Shabbir Ahmad Usmoniy. Fath al-mulhim bi sharh Sahih al-Imam Muslim. J.5. – Bayrut: Dar ihya at-turos al-arabiy, 2006. – B. 205

[3] Shayx Shabbir Ahmad Usmoniy. Fath al-mulhim bi sharh Sahih al-Imam Muslim. J.5. – Bayrut: Dar ihya at-turos al-arabiy, 2006. – B. 206.

[4] Shayx Shabbir Ahmad Usmoniy. Fath al-mulhim bi sharh Sahih al-Imam Muslim. J.5. – Bayrut: Dar ihya at-turos al-arabiy, 2006. – B 207.

[5] Qarang: Muhammad Taqiy Usmoniy. Ulum al-Qurʼon. Karachi: Makataba dar al-ulum Karachi, 1994. – B. 106.

[6] Qarang: Muhammad Taqiy Usmoniy. Ulum al-Qurʼon. Karachi: Makataba dar al-ulum Karachi, 1994. – B. 135.

[7] Shayx Shabbir Ahmad Usmoniy. Fath al-mulhim bi sharh Sahih al-Imam Muslim. J.5. – Bayrut: Dar ihya at-turos al-arabiy, 2006. – B 208-209.

[8] Shayx Shabbir Ahmad Usmoniy. Fath al-mulhim bi sharh Sahih al-Imam Muslim. J.5. – Bayrut: Dar ihya at-turos al-arabiy, 2006. – B 209.


Shayx Alijon qori rasmiy

sahifalari👇

Telegram |Facebook |Youtube | Instagram

Report Page