QAROR IJROSI AMALDA

QAROR IJROSI AMALDA


Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-avgustdagi 430-sonli qaroriga asosan “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasi to’liq joriy etilishi hamda billing tizimi to’liq ishga tushishi belgilab qo’yilgan.

Jalb qilinayotgan investitsiya mablag’laridan samarali foydalanish maqsadida Navoiy va Buxoro viloyatlarida hamda Toshkent shahrida markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulangan hamda tabiiy gaz iste’moli yuqori bo’lmagan 11,5 mingta ko’p qavatli uylarda elektron gaz hisoblagichlar ushbu uylarning kirish qismidagi umumiy gaz quvurlariga o’rnatilishi belgilab qo’yilgan.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida “Hududgaz Poytaxt” gaz ta’minoti filiali tomonidan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Ushbu chora-tadbirlar rejasiga muvofiq joriy yilning 5-sentabriga qadar Andijon, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Namangan hamda Xorazm viloyatlaridan hisoblagichlarni o’rnatish ishlariga qo’shimcha payvandchi brigadalar jalb qilindi.

Shunga ko’ra, Mirobod, Mirzo Ulug’bek, Chilonzor, Yashnobod, Yakkasaroy, Shayxontohur, Yunusobod, Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Yangihayot tumanlarida “aqlli” hisoblagich o’rnatish jarayonlari yanada jadallashtirildi. Hozirda o’rnatish ishlari davom etmoqda.

Eslatib o’tamiz, tadbir boshidan hozirga qadar poytaxtimizdagi 246 518 ta xonadonga zamonaviy hisoblagichlar o’rnatilgan.

 

“Hududgaz Poytaxt” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati  

 

 

Report Page