Pythonni o'rgansam, qachon ishga kiraman, qancha pul topa olaman? Nima qilish kerak?

Pythonni o'rgansam, qachon ishga kiraman, qancha pul topa olaman? Nima qilish kerak?

Future Dreams
Bu maqolani o'qishni boshlaganingizning sababi - siz mavzudagi "pul" degan so'zni ko'rib qoldingiz.
Maqoladagi hamma xulosalar, takliflar, maslahatlar shaxsiy tajribadan kelib chiqib yozilgan, ular to'g'ri, qisman to'g'ri yoki noto'g'ri bo'lishi mumkin.

Dasturlashni o'rganishda ko'p pul topishni maqsad qilish qanchalik to'g'ri?

Xo'sh, buni xato demagan bo'lardim, moddiy tarafdan motivatsiya olish bu muhim. Hammaga pul kerak. Lekin aniqlik kiritib olamiz: dasturlashga faqat pul ilinjida kirgan odam bilan astoydil qiziqish ortidan kirgan odam o'rtasida kattagina farq bor. 1-turdagi odam butun umri davomida yaxshi pul topishi mumkin, lekin umrni o'zi qiziqqan ish o'rniga pul ortidan quvib o'tgan odam 80 yoshga kirib, ortga qaraganida o'tgan umrga achinishi ehtimoli bor (u o'zi yoqtirgan sport turi bilan shug'illanib jahon yulduzi bo'lishi mumkin edi).

Dasturlash - bu ilm-fan

Linux asoschisi Linus Torvalds aytganidek, dasturlash bu ilm-fan, uni o'zining ustalariga, rivojlantira oladiganlarga qo'yib berish kerak. Koinotga uchayotgan raketalar, o'zini boshqarayotgan mashinalar, sizga yo'l ko'rsatayotgan elektron xaritalar, kiringizni yuvayotgan mashinalar... hammasi ilm-fan yutuqlari, shu ilm-fan tarkibidagi dasturlashning yutuqlari. Siz shu ilm-fan jamiyatining a'zosi bo'lishni xohlaysizmi? O'zingizni shu jamiyat uchun nimadir qo'sha oladigan shaxs, deb hisoblaysizmi? Maqsadni to'g'ri qo'ying, ertaga uning oqibatlaridan sizni hech kim asrab qololmaydi, hammasini birma-bir qabul qilib olasiz. Gap shundaki, yo ularni sizga uzatilgan guldek, yoki otilgan toshdek qabul qilib olishingizga to'g'ri keladi. Hammasi sizning hozirgi tanlovingizga bog'liq.

Matematika.... kerakmi?

Ha kerak. Kerak emas deydiganlar shunchaki o'z kamchiliklarini berkitishga urinuvchilardir. Unutmang: qo'lingizdagi telefon, kompyuter, dasturlar... bular matematika qonunlari asosiga qurilgan.

Matematika kerak, degani bu umumiy talab. Matematikaning har xil darajalari bor. Siz kamida maktab darslarida yaxshi bilimga ega bo'lishingiz kerak, odatda. Bu narsa ish davomida doim ham talab qilinmasligi mumkin, masalan, shunchaki aritmetik amallar, ko'paytirish, darajalar bilan ishlash, bir qancha asosiy formulalar sizga butun ishingiz davomida yetarli bo'lishi mumkin. Butun umri davomida shunchaki oddiy dasturchi bo'lib o'tishga, o'z davlatining yoki dunyoning gigant kompaniyalarida ishlash shart emas, deb, shunga rozi bo'lganlar uchun matematikaning shu qismi yetarli. Bu mavzuni shu joyda tugatamiz.

Pythonni qancha vaqtda o'rganib ish boshlashim mumkin?

Pythonning o'zi bilan ishga kiraman, degan fikrni xayoldan chiqaring. Python dasturlash tili xolos, uning qoidalarini xohlagan odam yodlab olishi mumkin. Lekin real dunyo sizdan dasturchi degan shaxsni kutadi, u muammolarni hal qilishni bilishi kerak. Ish bo'yicha e'lonlarni ko'rganda, undagi talablar ichida Python degan qismi uzungina ro'yxatning bor yo'g'i bitta qatori ekanligini ko'rishga tayyor turing.

Deylik, 1 yilda Python asoslarini yaxshi o'rganib olishingiz mumkin. Python asoslaridan tashqari sizga baza bilan ishlash, ma'lumotlarning turlari (data structures), algoritmlar haqida kamida boshlang'ich tushunchalar kerak. Demak, aytarli ishga kirish uchun 1-2 yil atrofida tayyorgarlikni mo'ljal qilavering. 1-2 yilda sizni hech kim kattagina pul bilan kutib turmaydi, boshlanishiga deylik 2-3 million oylik bilan ish boshlash mumkin. Vaqt o'tib tajribangiz oshgani sari "narxingiz" avtomatik oshib boradi.

Qancha pul topa olaman?

Shaxsan xalqaro logistik kompaniyaga "enterpise application"lar tayyorlaydigan kompaniya dasturchisi sifatida aytishim mumkin, bu ilmni yaxshi o'zlashtirsangiz, sizda pul bilan muammo bo'lmaydi. Aniq mana shuncha deya olmayman, siz oyiga 5-10-20-30 millionlar, yoki undan ko'proqni ishlashingiz mumkin. Agar vaqtni to'g'ri sarflasangiz, o'z ustingizda doimiy ishlasangiz, mana shu ko'rsatilgan raqamlar siz uchun real summaga aylanadi. Bu darajaga chiqish anchagina vaqt, qattiq mehnatsiz bo'lmaydi, 3-4 yillab shug'illanishingizga to'g'ri kelishi mumkin. Lekin shu bosqichda bor kuchni berib, undan o'tib ololsangiz, keyin o'sha kunlar albatta mevasini berib boshlaydi. Sabr kerak, qunt kerak. Vaqtni isrof qilish - nafaqat sizni puldan ayiradi, balki bu borib turgan gunoh hamdir.

Nima qilish kerak?

Yosh yigitlarga: qizlar orqasidan quvishni to'xtatib, kelajak uchun vaqtni investitsiya qilishni boshlang.

Yosh qizlarga: yigitlarni yondim-kuydim degan gaplar bilan chalg'itmanglar, ular kelajak ustida bosh qotirish bilan band.

Dasturlashda o'rganishning eng effektiv usuli - bu kod yozish va uni ishga tushirib ko'rish. Birovdan "buni ishga tushirsam nima bo'ladi" deb so'ramang, "bu joyini o'zgartirsam bo'ladimi" demang, shunchaki o'sha narsani qiling va ishlatib ko'ring. Tamom. Buning uchun hech kim sizni urushmaydi. Sinab ko'ravering, kod yozavering, ishga tushiravering, takrorlayvering... vaqt o'tib borgani sari bu narsa siz uchun oddiy ishga aylanib boradi, mustaqil ishlash ko'nikmasi paydo bo'la boshlaydi. Dunyoga mana shunday ishlay oladiganlar kerak, mustaqil muammolarni hal qila oladiganlar kerak.

Ishga kirishga hali erta, tajriba yetarli emas, endi nima qilish kk?

Dasturchi ishlashi uchun 2 ta narsa kerak: kompyuter va talab. Talab bu nima qilish kerakligi. Odatda uni ishga kirganingizda boshqaruvchilar qo'yishadi, siz uni bajarasiz. Sizda hozir ish yo'q, demak, talabni o'zingiz qo'yishingiz kerak. Xayolingizga kelgan har qanaqa bo'gan-bo'magan narsalarni kodga o'girib, dastur tuzavering. Ular o'xshashi shart emas, hatto ishlashi ham shart emas. Lekin ishoning, dasturni yozish jarayonida deyarli har doim muammolarga duch kelaverasiz, yechimni qidiraverasiz, qidiraverasiz... agar shu jarayonni doimiy olib borolsangiz, vaqt o'tib siz ancha muammolarni allaqachon qanday yechishni o'rganib olgan bo'lasiz. Biror joyga ishlash uchun suhbatga borganda o'sha muammolar savol shaklida berib qolinganida bemalol javob bera olasiz.

Shaxsan o'zim ko'pincha biror g'oya kelganida do'stlarim bilan birga qilishga urinaman. Jamoa bilan ishlaganda jarayon qiziqroq ketadi, zerikish kamroq bo'ladi, boshqalardan fikrlar, tajribalar olasiz. Bu yaxshi usul. Aytgancha, jamo bilan qilingan loyihalar ham muvaffaqiyatli chiqmasligi mumkin, umuman olganda bu muhim emas. Muhimi - siz har doim tajribangizni oshirib borasiz.

Maqola zerikarli tomonga qarab ketib qolmasligi uchun shu joyida tugatamiz.

Unutmang - soat millari sizni kutb turmaydi... harakatni hozir boshlang.

Report Page