Professor Douelning boshi - boshlarning qalb og‘riqlari haqida

Professor Douelning boshi - boshlarning qalb og‘riqlari haqida

Muhiddin

Hozir hayotimizda oddiy buyumga aylangan elektron jihozlar hali mavjud boʻlmagan zamonlarda xuddi ularga oʻxshash narsalar ilmiy-fantastik badiiy asarlarda mavjud edi. Qaysidir maʼnoda kashfiyotchi va olimlarning koʻplab gʻoyalari qissa, romanlardan olinganiga ishonaman. "Ityurak" yozilganiga necha yil boʻldi? 3-4 oy oldin esa real hayotda yuragi ishdan chiqqan bemorga choʻchqa yuragi qoʻyildi, bir-necha oy yashadi ham. Bu bilan ilm-fandagi shu va shunga oʻxshash tadqiqotlarning barchasini ham oqlamoqchi emasman, shunchaki, koʻplab ilmiy kashfiyotlarning gʻoyaviy muallifligini adabiyot bilan bogʻliq deb oʻylashimni izohlab oʻtmoqchiman.

Ana shunday ilmiy-fantastik asarlardan biri "Professor Douelning boshi" romanidir. Belyayevning ushbu asari oʻqishni boshlashingiz bilanoq oʻziga shoʻngʻishga majbur etadi. Bosh qahramonlardan biri boʻlgan Loran orqali yozuvchi oʻzbek jamiyatida anqoning urugʻi boʻlgan oʻz shaxsiyatini, qarashlarini doim himoya qilish, uni saqlab qolishga har qanday vaziyatda ham harakat qilish kerakligini koʻrsatib beradi. Buning uchun u muallif tilidan ortiqcha tasvirlar, xulosalar bermasdan, shunday bir murakkab vaziyatlar qurboniga aylangan Loranni fikrlashga majbur etadi. Hamma hammasini uning his-tuygʻulari bilan tushuntirishga urinadi.


U xuddi olma qurtiga oʻxshaydi, miyangizga kirib olib, ilmiy faoliyatingiz mahsulini kemirish bilan mashgʻul.

Professor Douelning gʻoyalarini oʻgʻirlagan Kernga muallif shu jumla bilan tugal taʼrif berib qoʻygandek goʻyo. Bilishimcha, olma qurti unga hali gullagan paytdayoq urugʻ qoʻyadi. Lichinkalar gul mevaga aylanar chogʻda uning ichiga oʻrnashadi. Olma katta boʻlar ekan, qurt ham uni ichdan yemiradi, u ham ulgʻayadi. Sirtdan bus-butun olma boʻladiyu, gʻarch etib tishlasangiz qurt oʻz ijod namunasini yaratayotgan yoki ishini tugatgan boʻladi. Bu jarayon esa asardagi Kern obrazini muvaffaqiyatli ochib beradi.


Romanning yutumli ekanida tarjimaning muvaffaqiyati ham katta oʻrin tutadi. Tarjimon kitobni varaqlagan oʻzbek kitobxonini goʻyo maysazorda yalangoyoq, maza qilib sayr qildirgandek boʻladi.

Isbot uchun quyidagi gapning oʻzi yetarli, nazarimda:

U allaqachon doʻsti Brikening atrofida poyu-patak boʻla boshlaganini payqagan edi.


Endi kamchiliklar haqida. Tarjimonning yutuqlari bilan bir qatorda ba'zi iboralarda gʻalizlikka ham duch kelasiz. Bu g‘aliz jumlalarning miqdori kitobni qayta nashr qilishdan avval bir qo‘r nazar tashlashga arziydigan darajada deyish mumkin.

Qayta koʻrib chiqishga arziydigan kamchiliklardan yana biri kitobdagi 50 ga yaqin imloviy xatolar. Bu matndan izlab topilgan emas, aksincha, yoʻl-yoʻlakay oʻqiyotib koʻzim tushganlari. Odatda, bunday turdagi xatolarni katta ahamiyatga ega deb hisoblamayman va deyarli toʻxtalmayman. Ammo "Yangi asr avlodi" kichik nashriyot emasligi, hajmi kichik boʻlgan kitob uchun 50 ga yaqin (balki undan koʻpdir) imloviy xatolarga yoʻl qoʻyishi bunga birrov toʻxtalib oʻtishga arziydi, deb oʻyladim.

Umuman olganda, kitobning saviyasi, tarjimaning darajasi, muqovaning shakl-shamoyili juda ham yaxshi. Har qanday darajadagi kitobxon uchun qiziqarli boʻladigan universal asar deyish mumkin. Yoqimli mutolaa.


Muhiddin Nido

Report Page