Professional taʼlim muassasalarining yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik holati muhokama qilindi

Professional taʼlim muassasalarining yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik holati muhokama qilindi


Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari Sadoqat Siddiqova raisligida Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarma boshliqlari, professional taʼlim muassasalari direktorlari ishtirokida kollej va texnikumlarga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini jadallashtirish, yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik ishlarining borishiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Unda kollej va texnikumlarga bugungi kun holatiga qabul qilingan hujjatlar tahlili, qabul jarayonlarining tashkil etilishida mavjud tizimli muammolar va ularni bartaraf etish yoʻllari muhokama qilindi. Bu borada kollej va texnikum direktorlarining axborotlari eshitildi. 

Qabul jarayonlari tugashiga oz fursat qolgani, bu borada hududiy boshqarma boshliqlari har bir taʼlim muassasasi boʻyicha qabul parametrlarini bajarish hamda yoshlarni kasb-hunarga qamrab olish boʻyicha 10 kunlik reja-jadval ishlab chiqishi lozimligi taʼkidlandi. 

Shunindek, professional taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan 27 ming nafardan ortiq pedagog kadrning 6166 nafari joriy yil aprel oyida oʻtkazilgan attestatsiya natijalariga koʻra malaka toifalarini oshirgan. Natijada professional taʼlim tizimida oʻqituvchilarning sifat tarkibi 28,7 foizga koʻtarilgan. Lekin bu kutilgan natijadan ancha pastligi, bu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlar samaradorligini yanada jadallashtirish lozimligi qayd etildi.

Yigʻilish soʻngida barcha mutasaddi rahbarlarga yangi oʻquv yiliga puxta tayyorgarlik koʻrish va oʻquvchilarni koʻtarinki ruhda kutib olish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.




Report Page